«Katta yettilik» (G7) davlatlari yetakchilari Eronning Isroilga raketa hujumini keskin qoraladi va Yaqin Sharqdagi vaziyatni diplomatik yo‘llar bilan yumshatishga umid bildirdi, deyiladi 2 oktyabr, chorshanba kuni «Katta yettilik» favqulodda telefon konferensiyasi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda.
AQSh prezidenti Jo Bayden «Katta yettilik» yetakchilari bilan telefon suhbatidan so‘ng jurnalistlarga Vashington o‘z ittifoqchilari bilan birga Isroilni mudofaa uchun kurashida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini, biroq Eron yadroviy inshootlariga hujumga qarshi ekanini aytdi. «Biz isroilliklar bilan ularning keyingi harakatlarini muhokama qilmoqdamiz, yetti davlatning hammasi Isroil qasos olish huquqiga ega ekanini bildirdi», — dedi Bayden.
«Katta yettilik» yetakchilari Eron hujumiga muvofiqlashtirilgan javob choralari, jumladan Tehronga qarshi yangi sanksiyalar ustida ishlamoqda, deyiladi Oq uy saytida.
AQSh va Isroil Eron hujumiga javobni muhokama qilmoqda
Oq uy Isroil bilan Eronning avvalroq Isroil hududiga bergan yirik raketa zarbasiga javob choralari haqida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 1 oktyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistlarga ma’lum qildi. U Eron hujumi paytida uning jamoasi isroillik hamkasblari bilan aloqada bo‘lganini ta’kidladi va shuningdek, tez orada bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan Isroilning kerakli javobini muhokama qilishini aytdi.
Baydenning ta’kidlashicha, Eron hujumi Qo‘shma Shtatlar va Isroilning harbiy salohiyati tufayli «to‘xtatilgan». Avvalroq Isroil Mudofaa kuchlari (TsAHAL) matbuot kotibi Daniel Hagariy Eron tomonidan otilgan raketalarning aksariyati Isroil, AQSh va nomi oshkor etilmagan boshqa ittifoqchilar tomonidan urib tushirilganini da’vo qilgan edi.