Yangiyo‘lda uyida kobra boqib kelgan shaxs ilonlarni ochiqqa qo‘yib yubordi

Jamiyat 15:19 / 03.10.2024 21653

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘z uyida kobra saqlab kelgan shaxs ilonlarni ochiqqa qo‘yib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning Tuyabo‘g‘iz mahallasi hududida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro N.Yu. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq kobra ilonlarini tegishli ruxsatnomasiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, fuqaro N.Yu.xonadonida saqlanayotgan ilonlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan. Bu holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, 2 ta kobra tutib o‘ldirilgan.

Holat yuzasidan tuman IIB, FVB, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, obodonlashtirish, ekologiya bo‘limlari va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Hozirda ishchi guruh tomonidan yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat bo‘yicha IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: