Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL ) 2 oktyabr, chorshanba kuni Livan janubida «og‘ir janglar» boshlanganini e’lon qildi va mintaqa aholisini Litani daryosi janubidagi hududlarga bormaslikka chaqirdi. Bundan biroz avval «Hizbulloh» harakati Livandagi Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan beri mamlakat janubidagi Odais qishlog‘i yaqinida isroillik harbiylar bilan birinchi to‘qnashuv haqida xabar bergan edi. «Hizbulloh» da’vo qilishicha, harakat jangchilari isroilliklarga talafotlar yetkazgan va ularni chekinishga majbur qilgan. Bundan tashqari, ular Isroil shimolidagi Misgav-Am hududida isroillik qo‘shinlarining katta konsentratsiyasiga raketa va artilleriyadan zarba berilganini va yana uchta joyda TsAHAL pozitsiyalariga raketa zarbalari berilganini e’lon qildi.
Isroil qo‘mondonligiga ko‘ra, chorshanba kuni ertalab Livandan Isroilga 50 ta raketa uchirilgan. Aksariyat aholisi evakuatsiya qilingan Metula qishlog‘ida 10 ta uy zarar ko‘rgan.
Isroil Livan janubida «Hizbulloh»ga qarshi operatsiya boshladi
Isroil Livan janubidagi chegara hududida «Hizbulloh» guruhi nishonlariga qarshi «cheklangan, mahalliylashtirilgan va maqsadli reydlar» boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 1 oktyabrga o‘tar kechasi bayonot berdi.
Bayonotda, Isroil havo kuchlari va TsAHAL artilleriyasi hududdagi harbiy nishonlarga «aniq zarbalar» berib, Isroil quruqlikdagi kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi. «Shimol o‘qlari» operatsiyasi mavjud vaziyatni baholashga muvofiq va G‘azo sektori va boshqa hududlardagi janglar bilan parallel ravishda davom etadi, deya ta’kidlaydi TsAHAL.
Dushanba kuni kechqurun Al Arabiya va Al Hadath telekanallari Isroil tanklari Rmeysh qishlog‘i hududida joylashgani haqida xabar berishdi. Bundan oldin Isroilning zirhli texnikalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida Livanning chegara hududlariga kirib kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
TsAHAL Isroil shimolida — Metula, Misgav-Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekinishgani ma’lum bo‘ldi.