Hindiston Oliy sudi qashshoq oiladan chiqqan talabaning kollejga kirish orzusini ro‘yobga chiqardi

Jahon 23:14 / 03.10.2024 4836

Hindiston Oliy sudi kollej pulini o‘z vaqtida to‘lay olmagan yigit foydasiga qaror chiqardi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 18 yoshli Atul Kumar iyun oyida Hindistondagi nufuzli texnologiya kollejiga o‘qishga kirishga yordam beradigan murakkab imtihondan o‘tganidan xabar topganida hayratga tushgan. Ammo shundan keyin muammolar boshlangan: o‘qishga qabul qilinish uchun onlayn ravishda 17,5 ming rupiy (281 dollar) to‘lash kerak edi. Bu mamlakatning Uttar-Pradesh shtatida yashovchi oilasi uchun katta mablag‘ edi.

Yigitning otasi qarz olishga erishadi, ammo Atulning aytishicha, u onlayn to‘lovni amalga oshirishga bir necha soniya kech qoladi — bunga texnik muammolar ham qisman sabab bo‘lgan.

Oila taslim bo‘lmay, sudga da’vo kiritadi. Joriy hafta mamlakat Oliy sudi Hindiston texnologiya institutiga (IIT) Atulni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Oliy sud konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan favqulodda vakolatidan foydalanib qaror qabul qilgan va o‘z qarorini «biz bunday iqtidorli yigitning ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», deya izohlagan.

IIT Hindistondagi yetakchi texnologik institut bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab joylashgan 23 ta kollejidagi 18 ming talaba o‘rniga milliondan ortiq yigit-qizlar da’vogarlik qiladi. Abituriyentlar imtihonlarga tayyorlanish uchun yillab repetitorlik markazlariga qatnaydi, ota-onalar o‘z farzandining IIT’ga o‘qishga kirganini «muvaffaqiyat chiptasi» deb baholaydi.

Atul bilan bog‘liq voqea va uning qiyinchilikda ulg‘aygan hayoti Hindiston gazetalarining asosiy sahifalaridan o‘rin oldi. Ma’lum bo‘lishicha, Atul Hindistondagi eng quyi kastaga kiradi. Otasi Rajyendra Kumar turli og‘ir mehnat bilan shug‘ullanib, kuniga 5 dollarga yaqin pul ishlab topadi, onasi esa uyida gilam to‘qiydi.

Ammo Rajyendra Kumarning so‘zlariga ko‘ra, uning uchun farzandlari ta’limidan muhimroq narsa yo‘q, bir safar u hatto to‘ng‘ich o‘g‘lining o‘qishiga pul to‘lash uchun uyini ham sotgan. Atulning ikki akasi kollejda muhandislik bo‘yicha, yana biri bo‘lsa bakalavr darajasi uchun ta’lim olmoqda.

Atul imtihonni topshirganida, uning otasi mahalliy sudxo‘rga murojaat qilgan. Ammo u to‘lovni amalga oshirish yakunlanishiga ikki soat qolganida pul bermaydigan bo‘lgan. Shunda erkak do‘stlaridan yordam so‘ragan va ular 14 ming rupiy yig‘ib bergan. Rajyendra Kumar qolgan 3,5 mingni o‘zi to‘plab kelgan mablag‘dan olgan.

U Atul rasmiylashtirishni yakunlash uchun tizimga kirgan vaqtida pulni to‘ng‘ich o‘g‘lining bank hisob raqamiga o‘tkazgan. Biroq bu vaqtga kelib belgilangan 180 soniya vaqt tugab borayotgan edi. To‘lovni amalga oshirish vaqtida portal kutilmaganda qotib qolgan va Atul to‘lovni yakunlashga ulgurmagan. Yuzaga kelgan holatdan shokka tushgan oilaning tomog‘idan bir kun davomida hech narsa o‘tmagan.

Atul tayyorlangan markaz IIT Dhanbad’ga murojaat qilgan, ammo ularning e’tirozi qanoatlantirilmagan. G‘azab otiga mingan oila kollejning bir nechta rahbariga elektron maktub yo‘llagan va sudga da’vo kiritgan — bularning barchasi samarasiz ketgan.

Oxirgi yo‘l Oliy sudga murojaat qilish bo‘lgan. 2021 yilda ham sud IIT Bombeyga o‘qishga kirishda xuddi shu kabi muammoga duch kelgan talaba foydasiga qaror chiqargan edi. Atul va uning oilasi ushbu talaba bilan bog‘lanib, advokati raqamini olgan. Yakunda sud qarori bilan IIT Dhanbad Atul uchun qo‘shimcha joy ajratadigan bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: