Isroillik harbiylar Livan janubida quruqlikdagi janglarni olib bormoqda va bir vaqtning o‘zida bir necha hududda «Hizbulloh» guruhiga qarshi amaliyotlar o‘tkazmoqda, deya xabar bergan TsAHAL so‘nggi bayonotida. Isroil armiyasi janglar vaqtida allaqachon sakkiz nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini tasdiqladi.
Isroil mudofaa armiyasi «Hizbulloh» bilan janglarda yana yetti nafar harbiysi yaralanganini ma’lum qilgan.
«Kommandos kuchlari, jumladan „Egoz“ bo‘linmasi askarlari „Hizbulloh“ning jangovar tuzilmasini aniqladi va yakson etdi… Quruqlik qo‘shini Isroil harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda aniq yo‘naltirilgan o‘q-dorilar hamda yaqin masofadagi janglar orqali terrorchilarni yo‘q qilib, terrorchilik infratuzilmalarini yakson etdi», — deyilgan armiya bayonotida.
Bundan tashqari, oldinroq berilgan aviazarbalar oqibatida «150 dan ortiq terrorchilik infratuzilmasi obektlari yo‘q qilingani» ma’lum qilingan.
Kunning birinchi yarmida TsAHAL Livanda quruqlik amaliyoti boshlanganidan keyin halok bo‘lgan ilk askar haqidagi ma’lumotni tasdiqlagandi. Bu partizanlik harakatlariga qarshi kurashish uchun ixtisoslashgan maxsus topshiriqli bo‘linmalarning elita otryadi hisoblangan «Egoz» bo‘linmasi guruhi komandiri, 22 yoshi kapitan Eytan Itsxak Oster bo‘lgan.
Livan armiyasining ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan xabarida aytilishicha, Isroil qo‘shini Livan janubida taxminan 400 metr masofada kirib borib, Isroil va okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklari hududini Livandan ajratib turuvchi, BMT tomonidan nazorat qilinadigan «havorang chiziq»ni buzib o‘tgan.
Isroil qo‘shini «ma’lum vaqt o‘tib ortga chekindi», deyilgan xabarda.
«Hizbulloh» vakili Livan janubida Isroil mudofaa armiyasi bilan bugungi to‘qnashuvlar «urushning birinchi bosqichining bir qismi» bo‘lganini aytgan.
«Bizning kuchlarimiz va qarshilik harakati jangchilari dushmandan himoyalanishga to‘la tayyor», — degan «Hizbulloh» vakili Muhammad Afif Reuters va NBC agentliklariga.
Afif «Hizbulloh»da Isroil armiyasi bilan janglar uchun yetarlicha qurol-yarog‘ borligini qo‘shimcha qilgan.
«Hizbulloh» ham o‘z jangchilari Livan janubidagi Yarun qishlog‘ini o‘rab olishga harakat qilgan isroillik harbiylarning bir qismini yo‘q qilganini tasdiqlagan.
Xabarda aytilishicha, mahalliy vaqt bilan tush mahalida «Hizbulloh» jangchilari portlovchi qurilmani harakatga keltirgan va bundan isroillik harbiy xizmatchilar jabrlangan.
Guruh kun davomida uchinchi bor Isroil armiyasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv haqida xabar bergan. Bungacha guruh Livanning Marun al-Ras shahriga «kirib kelgan» isroillik harbiylar bilan qurolli to‘qnashuv haqida xabar bergandi, bu shahar Yarun qishlog‘idan taxminan 5 km shimoli-sharqda joylashgan.
TsAHAL buni ham, «Hizbulloh» jangchilari bilan boshqa to‘qnashuvlar haqidagi xabarlarni ham tasdiqlamagan.
Isroillik harbiylarga ko‘ra, chegarada Isroil qo‘shini va «Hizbulloh» o‘rtasida otishmalar kuchaygani tufayli qo‘shimcha bo‘linmalarni yuborish qarori qabul qilingan.
Isroillik harbiylar 36-diviziyaning piyoda va zirhli tank qo‘shinlari, jumladan «Golani» brigadasi, 188-zirhli tank brigadasi va 6-piyodalar brigadasi dushanba kuni Livan janubida «Hizbulloh» obektlariga qarshi boshlangan «lokal, maqsadli reydlar»ga qo‘shilgan.
Chorshanba tongida TsAHAL Livan janubidagi 25 ga yaqin qishloq aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha navbatdagi ogohlantirishni yubordi.
Armiya vakili Avixay Adrai tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda arab tilida tarqatilgan ogohlantirish Livan janubidagi ilk to‘qnashuvlar ortidan paydo bo‘lgan.
Unda aytilishicha, isroillik harbiylar Livan aholisiga zarar yetkazishni istamaydi va ular zudlik bilan Isroil bilan chegaradan 50 km masofadan o‘tgan Avali daryosi ortiga evakuatsiya bo‘lishi lozim. Avali boshqa bir daryo, Isroilning Livandagi quruqlik amaliyoti uchun ehtimoliy chegara sifatida qaralayotgan Al-Litaniy daryosidan shimolroqdan oqib o‘tadi. Al-Litaniy Isroil bilan chegaradan taxminan 40 km masofadan o‘tgan.
2 oktyabr tongida Isroil shimolida raketa zarbasi xavfidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi.
TsAHAL Isroilning Livan bilan chegarasi yaqinidagi Hayfa va G‘arbiy Galiley aholi yashash manzillari hududlarida trevoga elon qilgan. Keyinroq Isroil nashrlari armiya vakillariga asoslanib, chorshanba kuni tongda Livandan Isroil janubi tomon 100 ga yaqin raketa uchirgani haqida xabar tarqatdi.
BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha bo‘limi muharriri Sebastyan Asherning qayd etishicha, Isroil Livanga qo‘shimcha qo‘shin kiritishi shuni anglatadiki, Isroil «Hizbulloh»ga qarshi cheklangan amaliyotlari doirasidan chiqishi mumkin.
Shu vaqtga qadar Isroil mudofaa armiyasi o‘z maqsadi Isroil shimolidagi aholisi o‘z uylariga qaytishi xavfsizligini ta’minlash uchun Livandagi guruhning chegara yaqinidagi infratuzilmalarini yo‘q qilish bilan cheklanishini aytayotgandi.
Isroil tomoni Bayrut va Livanning boshqa shaharlariga qadar borishni ko‘zda tutuvchi yirik yurish rejalashtirmayotganini bildirgan. Lekin so‘nggi soatlarda Isroil Bayrutning janubiy chekkalariga bir necha bor zarba yo‘lladi.
Qochqinlar oqimi
BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga ko‘ra, Isroil Livan bo‘ylab aviazarba yo‘llashni boshlanganidan keyingi davrda 100 ming atrofida livanlik va mamlakatda vaqtincha yashab kelgan suriyaliklar qo‘shni Suriya hududiga o‘tishgan. «Va oqim to‘xtamayapti», — deya yozgan qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissar Filippo Grandi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan yuzlab livanliklar Londondagi aeroportlarga kelishmoqda. Ularning ko‘pchiligi uzoq vaqtgacha uyga qayta olmasligini aytishmoqda.
«Vaziyat keskinlashib bormoqda. Livanda aslida xavfsiz hududning o‘zi yo‘q. Har qanday hududga hujum qilinishi va zarba berilishi mumkin», — degan dushanba kuni Britaniyaga o‘z onasi va farzandlari bilann kelgan livanlik Natali Kesservani.
Uchib kelayotgan livanliklar Bayrut aeroporti ishlayotgani, ammo mamlakatdan uchib ketishni istovchilar soni mahalliy aviakompaniyalarning imkoniyatlaridan sezilarli darajada oshib ketganini aytishgan, chunki ko‘plab xorijiy aviakompaniyalar parvozlarni to‘xtatgan.
«Odamlar aeroport darvozalari oldida, aeroport atrofida uxlashmoqda. Nima uchunligini bilmayman, yoki ularning yashashga joyi yo‘q, yoki ular shunchaki yaqin reysni kutishmoqda», — degan Bayrutdan Londonga reys orqali uchib kelgan yo‘lovchilardan biri.