“Rosatom” vakili: “Qirg‘izistonga AES albatta kerak”

O‘zbekiston 13:53 / 01.10.2024 3477

“Rosatom” korporatsiyasining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi bosh direktori Dmitriy Konstantinov ushbu mamlakatda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish masalasi qaysi bosqichda ekani haqidagi savolga javob berdi.

“Atom stansiyasi loyihasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Qirg‘iz hamkorlarimiz masalaning maksimal darajada barcha jihatlariga “sho‘ng‘ib”, nyuanslarni o‘rganib chiqmoqda. Bu yerda axborot kampaniyasi muhim ahamiyatga ega. Masalan, 10 oktyabr kuni energetika sohasi faxriylari uchun atom energetikasining xavfsizligi haqida seminar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Hamkorlarimiz qancha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishsa, shuncha yaxshi”, – deya “Rosatom” rasmiysining Bishkekda o‘tgan brifingdagi so‘zlarini keltirmoqda “Sputnik Qirg‘iziston”.

Konstantinovning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yili Qirg‘iziston delegatsiyasi Voronej AESda bo‘lib qaytgan.

“Delegatsiya a’zolari bunday energetika obekti amaliyotda qanday ishlayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishdi. Stansiya hududi bo‘ylab xotirjam yurish mumkinligidan ko‘pchilik hayratlandi. U yerdagi radiatsiya darajasi boshqa hududlardagi tabiiy radiatsiya darajasidan pastroq”, – ta’kidladi “Rosatom Qirg‘iziston” rahbari.

Dmitriy Konstantinov atom energetikasini mamlakat taraqqiyotining asosi deb atadi.

“Qirg‘izistonda energetik muvozanat uchun atom stansiyasi, albatta, kerak. Barcha rivojlangan davlatlar bugun energetik balansda AESning hissasini oshirmoqda. Rossiyada, masalan, bu hissa 2030 yilga borib 20 foizdan 24 foizga yetadi”, – dedi u.

“Qirg‘izistonda atom stansiyasini qurish haqidagi qarorni xalq hukumat bilan birgalikda qabul qiladi. Biz bu qarorning obektiv bo‘lishini ta’minlash uchun o‘z tomonimizdan zaruriy barcha axborotlar va texnologiyalarni taqdim etamiz”, deya qo‘shimcha qildi Konstantinov.

Avvalroq Qirg‘iziston energetika vaziri o‘rinbosari Sabirbek Sultanbekov Rossiya tomonidan quriladigan AES Chuy viloyatida joylashishi mumkinligini aytgan.

“Rossiyalik mutaxassislar Qirg‘izistonga kelib, atom elektr stansiyasini joylashtirishning bir nechta variantlarini ko‘rib chiqishdi. Taxminiy mo‘ljalga ko‘ra, stansiya Chuy viloyatida quriladi”, – degan qirg‘iz hukumati vakili jurnalistlar bilan mart oyidagi suhbatda.

Avvaliga qurilajak stansiya har biri 50 megavatt quvvatli ikkita reaktordan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Keyinroq, Sabirbek Sultanbekovga ko‘ra, “bu hech narsani hal qilmaydi”, shu sababli loyiha quvvatini 300 megavattgacha oshirishga qaror qilingan.

2022 yil yanvar oyida Qirg‘iziston Energetika vazirligi va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurish bo‘yicha memorandum imzolangan. O‘sha yilning noyabrida Qirg‘iziston Energetika vazirligi va “Rosatom” tarkibiga kiruvchi “Rusatom Enerdji Prodjyeks” AJ o‘rtasida mamlakatda kam quvvatli AES qurilishining birlamchi texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha texnik shartlar imzolangan.

Bu masala qirg‘iz jamoatchiligi orasida keng muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Faollar Qirg‘iziston seysmik faol zonada joylashgani, infratuzilma yetishmovchiligi, yetarli tajriba va bilimga ega kadrlar yo‘qligi, yadroviy chiqindilarni ekologiyaga zarar yetkazmasdan utilizatsiya qilish muammosi borligi, AES terrorchilik hurujlari va diversiyalar uchun nishonga aylanishi mumkinligi tufayli xavfsizlik sohasida juda qaltis masalaga aylanib qolishini ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, “Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo‘ladi. Qurilish-montaj ishlarini shu yil kuzda boshlash ko‘zda tutilgan. 10 sentabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.

O‘zbekistondagi AES loyihasining qiymati va moliyalashtirish manbalari ochiqlanmagan. Rus nashrlari qurilishni to‘liq O‘zbekiston hukumati moliyalashtirishini yozgan.

Atom elektr stansiyasi qurish masalasi Qozog‘istonda ham faol muhokama qilinmoqda. Joriy hafta oxirida, 6 oktyabr kuni bu masalada umummilliy referendum o‘tkaziladi. Referendum byulletenida aholidan quyidagicha savolga javob berish so‘raladi: “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?”

AES qurishga qaror qilingan taqdirda, stansiya qurish uchun Balxash ko‘li yaqinidagi Ulken posyolkasi tanlanishi mumkin. Hukumat atom reaktorlarini yetkazib berish bo‘yicha Xitoy, Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya kompaniyalarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.

Markaziy Osiyoning ikki davlati – Tojikiston va Turkmaniston esa AES qurishga qiziqish bildirmagan. Tojikiston gidroenergetikani rivojlantirish uchun juda katta salohiyatga ega, Turkmaniston esa gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. O‘tgan yili “Rosatom” Tojikiston bilan ham AES masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirgandi

Ko‘proq yangiliklar: