Prezidentning pedagoglar bilan muloqoti - ustozlar yana qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?

O‘zbekiston 16:22 / 01.10.2024 13523

Davlat rahbari ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv mobaynida “Yil o‘qituvchisi”ga yangi uy-joylar va fan olimpiadalari g‘oliblari ustozlariga esa 150 milliongacha pul mukofotlari berilishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbarining bildirishicha, muallimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish tizimi davom ettiriladi. Xususan, 1 oktyabrdan pedagog xodimlar ish haqqi 15 foizga oshiriladi. Ularga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi. Masalan, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa – 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi. Va shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming so‘mdan 12 million so‘mga yetadi.

Endilikda ustozlarga ham sovg‘a sifatida uy-joy beriladi. Uchrashuvda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida xonadon taqdim etilishi alohida qayd etildi.

Rag‘batlantirishlar bilan bir qatorda o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish uchun ham sharoitlar yaratiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirib borishga mas’ul bo‘ladi. Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun kelayotgan 3 yilda budjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab olinib, ulardagi yetakchi o‘qituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi. Bu jarayonlarda dars bergan yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga esa 20 foiz ustama qo‘shiladi.

Pedagoglarning sifatli ta’lim berishini ta’minlash uchun yangi ta’lim muassasalarini qurish va mavjudlarini ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Bugungi kunda aholi soni ko‘payishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bog‘chalarda – 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelmoqda. Shu sabab kelgusi yili budjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha (120 ming o‘rin) rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi. Islom taraqqiyot banki va OPeK jamg‘armasining 50 million dollar mablag‘i doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratiladi.

Yangi yildan boshlab, xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi (7 foizi) budjetdan qoplanadi. Yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha budjetdan to‘lab beriladi. Shu bilan birga, tadbirkorlar o‘z hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda solig‘idan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanishi ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida prezident maktablar moddiy-texnik bazasini yangilash va mustahkamlash masalalariga ham to‘xtaldi. Aytilishicha, kelgusi yilda yana 2 mingdan ortiq kompyuter sinflari yangilanadi, bunga budjetdan 400 milliard so‘m ajratiladi. O‘quvchilarning murakkab bilimlarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Bu laboratoriyalar o‘quvchilarga kimyoviy, biologik, fizik jarayonlarni virtual bajarish imkonini beradi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.

Ta’limdagi ko‘rsatkichlarni umumlashtirib boruvchi onlayn platformalar yaratiladi. Maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Buning uchun, 5 million dollar xorijiy grant mablag‘larini jalb qiladi.

Shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasi ishlab chiqiladi, unda o‘quvchilar bilimlarini bir yil davomida muntazam sinovdan o‘tkazadi.

Xususiy bog‘chalar kabi 6 ming 800 ta davlat bog‘chalarida ham davomat, to‘lovlar, oziq-ovqat xarajatlarini shakllantirish to‘liq raqamlashtiriladi. Bunda bog‘chalarni yiliga qo‘shimcha 20 mingta planshet bilan ta’minlash uchun 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar tajribasi ommalashtiriladi. Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yo‘lga qo‘yish uchun pedagogik ta’lim klasterlari tashkil etiladi. Klaster tajriba-sinov tariqasida dastlab Andijon va Buxoro shaharlaridagi pedagogika kollejlarida barpo qilinadi va hududlardagi pedagogika institutlari boshqaruvida bo‘ladi.

Iqtidorli yoshlarni xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi. Rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi. Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga – 170 million so‘m, kumush medalga – 102 million so‘m, bronza medal uchun – 68 million so‘m mukofot puli beriladi. Shu bilan birga, ana shu o‘quvchilarning o‘qituvchilari 50 milliondan 150 million so‘mgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi.

Yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga molik raqamli kontentlar yaratiladi. Prezident muloqot mobaynida yoshlarni ota-ona, muallimlar emas, ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar, turli gadjetlar, qo‘l telefonlari tarbiyalayotgani, oqibatda ayrim yoshlar salbiy ta’sirlar tuzog‘iga tushib qolayotganiga urg‘u qaratdi. Bu borada vaziyatni o‘nglash uchun mas’ullarga yil yakunigacha ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan tarbiyaga oid raqamli kontentlar yaratish topshirig‘i berildi.

Davlat rahbarining pedagoglar bilan jonli muloqotida Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi. Ta’kidlanishicha, u pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: