Olimlar Quyosh qachon “o‘lishini” ma’lum qildi: Yerga nima bo‘ladi?

Fan-texnika 11:43 / 01.10.2024 42703

Kaliforniya universiteti olimlari astronom Keming Jan boshchiligida mikrolinzalash usuli bilan o‘lik yulduz atrofida aylanayotgan ekzosayyora — oq pakanani kashf etdi. Tadqiqotchilarning e’tiborini tortgan narsa shuki, bu tizim Quyosh tizimiga o‘xshab ketadi, uning holati esa Yer va Quyoshning kelajakdagi qiyofasini aks ettirishi mumkin. Ushbu tadqiqot Nature Astronomy jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar oq pakanalar tizimini kuzatayotganda, tasodifan orqa fondagi yulduzlarning yorug‘ligi buzilganini aniqladi. Bu hodisa gravitatsion linzalash deb ataladi. Olimlarni qiziqtirgan sayyora aynan shunday kashf etildi. Tadqiqotchilar uning massasi Yer massasidan 1,9 marta katta ekanini aniqladi, biroq bu obektning tuzilishi Yernikiga o‘xshab ketadi.

Bundan tashqari, oq pakanagacha bo‘lgan masofa ham hisoblab chiqildi. U 2,1 astronomik birlikka teng ekani ma’lum bo‘ldi, ya’ni Quyosh bilan Yer orasidagi masofadan ikki barobar ko‘proq.

Ammo kashfiyotning eng muhimi jihati — yulduzning halokatidan keyin ham tizimda bu sayyoraning tirik qolishi edi. Oq pakananing massasi baholangach, uni tirik qoldirgan yulduz Quyoshga o‘xshash ekani aniqlandi. Bunday yulduzlar halok bo‘lishidan oldin qizil gigantlarga aylanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida Quyosh ham kengayib, Merkuriy va Venerani, shuningdek, Yerni ham yutib yuborishi mumkin. Biroq yaqindagina topilgan sayyora misolida uning falokatdan omon qolganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, pakana sayyora yulduz halok bo‘lishidan oldin taxminan Quyosh va Yer oralig‘idagi masofada joylashgan edi, yulduzning “so‘nggi talvasasi” paytida esa “uzoqlashgan”.

Zamonaviy modellarda Quyosh kengayishni boshlaganda, Yer yutilishdan qutula oladimi yoki yo‘q, degan masalada turlicha fikrlar mavjud. Buning sababi, qizil gigantning massa yo‘qotish tezligi haqida bilimlar juda oz. Kaliforniyaliklar kashfiyoti shuni ko‘rsatadiki, Yerning halokatini bashorat qiluvchi ayrim modellar haddan tashqari pessimistik. Sayyoramiz yutilishdan qutulib qolishi mumkin — buni oq pakana misolida ko‘rdik.

Darvoqe, Yer aholisi bu jarayonlarni ko‘ra olmasligi mumkin. Gap shundaki, Quyosh taxminan 5 milliard yildan so‘ng qizil gigantga aylanishni boshlaydi. Ammo jarayondan oldinroq uning harorati ko‘tarilib, sayyoramizda hozirgidek hayot kechirish imkonsiz bo‘lib qoladi. Buning o‘rniga, Saturn va Yupiterning yo‘ldoshlari yashash uchun qulay zonaga aylanishi mumkin. Olimlarning taxminiga ko‘ra, insoniyat o‘sha yerlarga ko‘chib o‘tadi va ulardan turib Yerga nima bo‘layotganini kuzatadi.

Ko‘proq yangiliklar: