“Dars o‘tgan onlar, o‘quvchilarimni tushlarimda ko‘raman” – 87 yoshli ustoz Muhammadali ota

Jamiyat 16:02 / 01.10.2024 3138

87 yoshli Muhammadali Ahmadjonov 45 yil o‘qituvchilik qildi. 1961-65 yillarda Farg‘ona davlat universitetining ximiya-biologiya fakultetini tamomlagan fidoyi o‘qituvchi ko‘plab shogirdlar chiqargan. “Yoshim bir joyga borib qoldi. Tengqur hamkasblarim deyarli qolmagan. Sog‘lom yuray deb tomorqada ekin-tikin qilib turaman. Maktabda dars bergan damlarni hanuz qo‘msayman. O‘quvchilarimni sog‘inaman, ularni ko‘rgim keladi”, deydi ustoz.

Toshloq tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi faxriy o‘qituvchi o‘tmish xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Muhammadali Ahmadjonov

“O‘qishni tamomlagach velosiped sotib oldim va har kuni 30 km yo‘l bosib maktabga qatnab dars berib kelardim”, — deydi Muhammadali Ahmadjonov. Qahramonimiz o‘z davrining jonkuyar ustozlaridan biri bo‘lgan.

O‘qituvchilik faoliyatining dastlabki yillarida Muhammadali ota ishni yetakchilikdan boshlaydi. Keyinchalik biologiya fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadi. “Hozirda katta lavozimlarda ishlaydigan o‘quvchilarim ko‘chada ko‘rib qolishsa yonimga kelib salom-alik qilishadi, hol-ahvol so‘rashadi. Bundan juda xursand bo‘laman. Kasbimdan faxrlanib ketaman”, — deydi u.

Muhammadali ota keyinchalik boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilim berish uchun shu yo‘nalishda ham o‘zini sinab ko‘rgan ustozlardan hisoblanadi. Va eski davr ta’lim tizimini eslar ekan dars o‘tish uchun yetarli sharoit bo‘lmasa ham o‘quvchilar bilimga chanqoqligini va qiyin matematik misollarga tezda javob topib qo‘yadigan o‘quvchilari ko‘p ekanligini ta’kidlaydi. Hozirgi ota-onalar farzandining bilim olishiga ko‘proq e’tibor berishi kerakligini ham aytib o‘tadi.

Shuningdek, qahramonimiz 87 yoshga kirgan bo‘lsa ham ancha tetik va bardam. Biologiya faniga qiziqish orqali maktabda va o‘z tomorqalarida turli o‘simliklar, foydali ziravorlar, qalampirmunchoqlarni o‘stirishga qiziqishi borligi ma’lum bo‘ldi. Bobo har kuni ertalab o‘z gulzorlarida mehnat qilib zavqlanishini ham aytib o‘tdi.

O‘quvchilari bilan bog‘liq qiziq voqealar bo‘lganini gapirib berayotgan qahramonimiz bir voqeani shunday tasvirlaydi:

“Ko‘ngilchangligim ko‘p hollarda pand bergan. Bir tanishim betob bo‘lib qoldi. Bozorlik qilib xarajatlarni velosipedimdagi xaltaga soldimda uni ko‘rib kelish uchun otlandim.

Yo‘lda ketayotsam o‘zini o‘quvchim deb tanishtirgan notanish bola yo‘limni to‘sib velosipedimni berib turishni iltimos qildi. Rozi bo‘ldim. O‘quvchimni ancha vaqt kutdim, lekin kelmadi. Sumkadagi xarajat ham u bilan birga ketgan edi. Keyin bilsam o‘sha “o‘quvchim” velosipedimni o‘g‘irlab ketgan ekan. O‘sha o‘quvchim ham, velosipedim ham yo‘q. Hozir bu videoni ko‘rib turgan bo‘lsa, unga rahmat, shu orqali o‘tgan voqealarni bir eslab oldik”.

Hozir ham maktabda o‘tgan vaqtlarimni eslab, qo‘msab turaman. Dars jarayonlari tushlarimga kirib chiqadi. O‘quvchilarimning ko‘pining ism-familiyalari hali ham yodimda bor deydi Muhammadali ota.

Qahramonimiz suhbatimiz so‘ngida barcha ustozlarni bayram bilan tabriklab, sharafli kasblarida ulkan muvafaqqiyatlarga erishishlarini tiladi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Ko‘proq yangiliklar: