Umrimning oxirida yaxshi nomimni tiklashni xohlayman - Asqar Akayev

Jahon 19:09 / 30.09.2024 6148

Mustaqil Qirg‘izistonning birinchi rahbari Asqar Akayevning aytishicha, qonun va Konstitutsiyaga ko‘ra, hech kim uni «sobiq prezident» maqomidan mahrum qilmagan.

Respublika sobiq rahbarining tushuntirishicha, 2005 yilda mamlakatning o‘sha paytdagi rahbari Qurmanbek Bakiyev o‘zidan oldingi prezidentning jinoyatlarini tekshirish uchun komissiya tuzgan, biroq ekspertlar uni aybdor deb topmagan. Boz ustiga, oradan uch yil o‘tib, Akayevni sobiq prezident maqomidan mahrum qilish masalasi parlament muhokamasiga qo‘yildi. Ammo hatto deputatlar, jumladan Bakiyevning ko‘plab tarafdorlari ham bunday qaror qabul qilish uchun hech qanday asos topmadi.

Qirg‘iziston birinchi prezidenti so‘zlariga ko‘ra, uning maqomi bilan bog‘liq mojaro 2010 yilda, inqilob paytida ag‘darilgan Bakiyev xorijga qochib ketganidan keyin ham davom etgan. Bu safar protsedura tashabbuskorlari Akayevning murosasiz siyosiy raqibi Azimbek Beknazarov va muvaqqat hukumat rahbari Roza O‘tunboyeva edi.

«Ular Akayevni sobiq prezident maqomidan mahrum qilish to‘g‘risida qonunga zid, Konstitutsiyaga zid farmon chiqardilar. Keyin yana avvalgi ayblovlar qo‘yildi: noqonuniy boyib ketish, Axsi voqealari, chegara masalalari. Muvaqqat hukumat dekreti respublikaning barcha eski va amaldagi qonunlariga zid», deb ta’kidladi Qirg‘izistonning birinchi rahbari.

Akayev xalqaro sudga murojaat qilsa, 2010 yilgi farmon konstitutsiyaga zid deb topilishiga ishonchi komil. Lekin u sudga berish niyatida emas.

Sobiq prezident nega avvallari o‘z maqomini tiklash uchun ovora bo‘lmaganini ham tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni «siyosiy avantyuristlar» Bakiyev, O‘tunbayeva, Almazbek Atambayev boshqarganida, parlament albatta salbiy qaror qabul qilgan bo‘lardi. Akayev esa hozirgi hukumatni adolatli deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, siyosatchi 20 yil davomida o‘zi hech qachon sobiq prezident imtiyozlaridan foydalanmagani, bundan keyin ham foydalanish niyatida emasligini aytdi.

«Kotiba, xavfsizlik, mashina - bularning barchasi menga kerak emas. Umrimning oxirida yaxshi nomimni tiklashni xohlayman. <...> Men parlament adolatli qaror qabul qilishini va buni jamoatchilik bilishini istardim», deb xulosa qildi Akayev.

Akayevning 2010 yilda muvaqqat hukumat dekreti bilan mahrum etilgan sobiq prezident maqomini unga qaytarish haqidagi maktubi sentabr oyi boshida Jogorku Keneshga (parlament) kelib tushdi. 25 sentabr kuni deputatlar mamlakat sobiq rahbarining bu iltimosini rad etishdi.

Asqar Akayev Qirg‘izistonni mustaqillikning dastlabki yillaridan 2005 yilgacha boshqargan. Mamlakatda inqilob bo‘lib, Qurmanbek Bakiyev hokimiyatga kelgach, ag‘darilgan prezident va oila a’zolari Rossiyaga qochib ketishdi. Moskvada u ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullandi. Keyinchalik Akayevga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ishtirok etganlik, 1992 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan bosh shartnoma tuzish va 2003 yilda «Qumtor» loyihasini qayta qurish epizodlariga beparvolik aybi qo‘yildi. Biroq 2021 yil avgustida Akayev tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lib, Qirg‘izistonga qaytdi. U Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida ko‘rsatma berganidan so‘ng vatandoshlariga videomurojaat qilib, unda «Qumtor» loyihasi bo‘yicha qaror qabul qilishda xatolarini tan oldi va uzr so‘radi. 2023 yilda Aqayevga nisbatan jinoiy ta’qib qilish da’vo muddati o‘tgani sababli tugatildi.

Ko‘proq yangiliklar: