Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson La-Mansh bo‘g‘ozidagi migratsiya inqirozida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni aybladi. The Times gazetasiga ko‘ra, Jonson bu haqda kelasi oy chop etiladigan memuarlarida yozgan.
Fransiya rahbari «Britaniya Yevropa Ittifoqidan (Brexit) chiqqanidan keyin u jazolanishi kerak, deya hisoblab», bunda migratsiya muammolaridan foydalangan bo‘lishi mumkin.
«Menga shunday tuyulmoqdaki, u muammoni qurolga aylantiryapti va migrantlarning yetarli miqdorda kelishiga yashirincha ruxsat berish orqali, Britaniya jamiyatini aqldan ozdirmoqchi hamda shu orqali Brexit’ning muhim omili — chegaralarimiz ustidan qaytarib olgan nazoratimizni buzmoqchi», — deya ta’kidlaydi Jonson.
Britaniya sobiq bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, bir safar u mamlakatlar iqtisodiyotini yanada mustahkamlash uchun Makronga hatto La-Mansh orqali ko‘prik qurish taklifini bergan. Fransiya prezidenti, Jonsonning aytishicha, keskin «yo‘q» deya javob qaytargan, «u go‘yoki ochko‘z britanlar ko‘prik orqali nisbatan kam sonli mamlakatiga yopirilib o‘tadigandek dahshatga tushgandi».
Memuarlar muallifining hisoblashicha, u Amerika prezidenti Jo Baydenni Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasida yadroviy suvosti kemasi bo‘yicha uch tomonlama harbiy hamkorlikka, jumladan, fransuzlar bilan kelishuvdan voz kechishga rozi bo‘lishga ko‘ndirish orqali barchasi uchun Makrondan «qasos» olgan.
Ommabop migratsiya yo‘nalishi
Muhojirlar Britaniyaga yetib borish uchun La-Manshdan bir necha bor o‘tadi. Ular ko‘pincha kichik kauchuk qayiqlarda tashiladi. Bu dengizdan o‘tish xavfli, chunki ko‘plab yirik kemalar bo‘g‘ozdan o‘tib, to‘lqinlar hosil qiladi.
Britaniya ma’lum vaqtdan beri kanallararo migratsiyani to‘xtatishga harakat qilmoqda, shu jumladan Fransiya yordami bilan. Oldingi konservativ hukumat muhojirlarni haqiqiy kelib chiqishidan qat’i nazar, Ruandaga deportatsiya qilish uchun «qattiq» mexanizmlardan foydalangan. Biroq Britaniyaning yangi bosh vaziri Kir Starmer bu dasturni tugatish niyatida.