Jahon | 11:36 / 12.01.2024
7045
3 daqiqa o‘qiladi

Jonson Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarni to‘xtatgani haqidagi ayblovni rad etdi

Boris Jonson Kiyevga Moskva bilan sulh tuzishni taqiqlagani haqidagi Rossiya rasmiylarining ayblovlarini «bema’nilik» deb atadi. Bu versiyani avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova aytgan edi.

Foto: AP

Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson rossiyalik rasmiylarning 2022 yil bahorida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini to‘xtatgani haqidagi da’volarini «to‘liq bema’nilik va Rossiya propagandasi» deb atadi. Bu haqda 10 yanvar kuni The Times nashri xabar berdi.

Jonson nashrga 2022 yil martida Kiyev va Moskva o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Istanbul muzokaralaridan keyin Volodimir Zelenskiy bilan suhbat chog‘ida «har qanday ehtimoliy kelishuvning mohiyatidan xavotirda ekanligini» va Ukrainani «ming foiz» qo‘llab-quvvatlashga va’da berganini aytdi.

«O‘shanda men biroz xavotirda edim. Bu qanday kelishuv bo‘lishini tasavvur ham qila olmadim va Rossiya bilan har qanday kelishuv juda yomon bo‘ladi deb o‘yladim», deb aytgan Jonson avvalroq, 5 yanvar kuni The Wall Street Journal nashriga.

Kim va nima uchun Jonsonni muzokaralarni buzishda aybladi?

Avvalroq, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Jonson Kiyevga Moskva bilan tinchlik bitimlarini imzolashni «taqiqlagan» degan edi. Zaxarovaning versiyasi Rossiya Federatsiyasi bilan Istanbul muzokaralarida Ukraina delegatsiyasi rahbari David Araxamiyaning «1+1» telekanaliga bergan intervyusida aytgan so‘zlariga munosabat bo‘ldi. Araxamiya shunday degandi: «Biz Istanbuldan qaytganimizda, Boris Jonson Kiyevga keldi va biz ular bilan umuman hech narsa imzolamasligimizni aytdi - faqat jang qilish».

Jonsonga ergashgan David Araxamiya ham The Times bilan suhbatda Kreml o‘z versiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun Jonsonning so‘zlarini ataylab buzib ko‘rsatganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Jonsonning «shunchaki urishish» zarurligi haqidagi bayonoti Ukrainaning g‘arb ittifoqchilari bilan Rossiyaga qanday qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha maslahatlashuvlarida aytilgan.

2022 yil 29 mart kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan bir oy o‘tib, Istanbulda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ukraina delegatsiyasi rahbari David Araxamiyaning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Ukrainaning betarafligi va NATOga kirmasligi sharti bilan urushni tugatishni taklif qilgan, biroq Kiyev bunga rozi bo‘lmagan.

Mavzuga oid