Shu kunlarda BMTning Bosh assambleyasi 79-sessiyasi davom etmoqda. Bu yili O‘zbekiston nomidan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov unda ishtirok etdi. Vazir 25 sentabr kuni nutq so‘zladi. Saidov O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, muammolari, transport-logistika masalasi, Afg‘oniston haqida gapirdi.
Vazir so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda YaIM ikki baravardan ortiqqa oshgan, kambag‘allik darajasi esa oxirgi 10 yildan kamroq muddatda 4 martaga qisqargan. Ishsizlik darajasi 11 foizdan 7 foizga tushirildi, deydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri BMT minbaridan turib. Saidov ko‘targan muammolardan biri – iqlim o‘zgarishi. Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi fonida eng himoyasiz mintaqalardan. Bu oziq-ovqat va energiya xavfsizligini so‘roq ostida qoldiradi. Shunday sharoitda Orol dengizi halokati atmosferaga o‘ta salbiy ta’sir qilmoqda, dedi Baxtiyor Saidov. U yangiliklar bilan to‘ldirilgan konstitutsiyani, ayollar va qizlar huquqlarini, gender tengligini, yoshlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni gapirdi.
O‘zbekiston rahbariyati oliy minbarlardan turib gapirganda hech qachon nutqdan tushmaydigan mavzulardan biri – Afg‘oniston. Chunki mintaqaning qo‘shnisi Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat 5 davlat iqtisodi, barqarorligi, xalqaro miqyosdagi imiji uchun muhim. Tashqi ishlar vaziri Afg‘oniston haqida gapirarkan, xalqaro hamjamiyat bu davlatda o‘zgarish qilolmaganidan nolidi.
“Afsuski, xalqaro hamjamiyat ushbu davlatdagi murakkab vaziyatni o‘zgartirishga qodir choralarni ko‘rolmadi. Biz Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam beramiz. Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolari uchun ta’lim markazini global o‘quv markaziga aylantirishga tayyormiz. Bunda BMT roli muhim”, - dedi Saidov.
Vazir shuningdek, Nyu-Yorkda S5+1, AQSh Markaizy Osiyo sammitida ham qatnashdi. Mintaqaning 5 respublikasidan tashqi ishlar vazirlari, AQShdan davlat kotibi – Entoni Blinken muloqotda ishtirok etdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri tarqatgan press-relizga ko‘ra, asosiy mavzular Saidovning bosh assambleyadagi ko‘targan mavzulari bilan bir xil. Blinken esa biznes hamkorlikni qo‘llash, nogironlar huquqlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan ikki tadbirni ijobiy baholagan.
2025 yilda S5+1 tuzilganiga 10 yil to‘lar ekan, 5 davlat AQSh bilan yanada yaqinroq bo‘lish istagini bildirgan.
Vazir Saidov AQShda qator davlatlardan kelgan hamkasblari bilan ham ko‘rishgan. Togo Respublikasi, Liberiya, Seyshel orollari, Bagama orollari, Botsvana, Burundi, Kabo-Verde davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish bo‘yicha hujjatlar imzolangan. Vazirga ko‘ra , O‘zbekiston butun dunyo bo‘ylab hamkorlari sonini oshirish niyatida. Bundan tashqari, Hindiston, Indoneziya, BAA, Ozarboyjon, Xorvatiya, Braziliya, Chexiya, Nikaragua, Finlandiya, Kipr, Belarus, Kuvayt, Avstriya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Venesuela, Slovakiya, Malayziya, Tojikiston, O‘mon, Serbiya, Portugaliya, Malta, Kuba, Vetnam, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Latviya, Albaniya, Eron, Misr va boshqa davlatlar tashqi siyosat organlariga rahbarlik qiluvchi shaxslar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazgan.