“To‘lovlar bir xil bo‘lgach, sharoit ham bir xil bo‘lishi kerak emasmi?” – Namanganda haydovchilar “MRO” ahvolidan norozi

Jamiyat 18:04 / 28.09.2024 11481

Kun.uz’ga Namangan shahridagi avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maskani (MRO) ahvoli yuzasidan murojaat kelib tushdi. Unda haydovchilar maskanda umuman sharoit yo‘qligidan norozi ekanliklarini ma’lum qilgan.

Murojaatchilarga ko‘ra, ushbu “MRO” oldin boshqa, sharoitlari yaxshiroq bo‘lgan manzilda joylashgan bo‘lgan. Ammo u yer tadbirkorga tegishli bo‘lgani sababli hozirgi joyga ko‘chirilgan.

Bu yerda avval “Nuroniylar maskani” bo‘lardi. U boshqa joyga ko‘chirilgach, “MRO” shu yerga keldi. U yoq-bu yog‘ini naridan-beri tuzatgan bo‘lishdi. Biroq haydovchilar uchun ham, texnik ko‘rik uchun ham sharoitlar yetarli emas”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan haydovchilardan biri.

Yana bir haydovchi esa mashinalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda respublikaning barcha hududlarida to‘lovlar miqdori bir xil ekanini, sharoit ham shunga yarasha bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Bir-ikki kun oldin Toshkent shahrida, Fayzobodda, Chilonzorda avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maskanlarida bo‘ldim va odamlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘rdim. Namangan fuqarolarining Toshkent fuqarolaridan nima kamchiligi bor?

Mashinalarni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda to‘lovlarda farq yo‘q. Lekin ushbu “MRO”da sharoit o‘shanga yarasha emas. To‘lovlar bir xil bo‘lgach, fuqarolarga yaratilgan sharoitlar ham bir xil bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz”, deydi haydovchi.

Tahririyatga taqdim qilingan foto va videolavhalarda haqiqatan ham avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maskanida haydovchilar uchun sharoitlar yetarli emasligini ko‘rish mumkin: texnik ko‘rik maydonida tartib yo‘q, atrofda chiqinda uyumlari ko‘zga tashlanadi, elektr energiyasi tarmoqlari xavfli tarzda o‘tkazilgan, beton to‘siqlar xavfsizlik talablariga javob bermaydi.

 

Shuningdek, “MRO”ning haydovchilik guvohnomasini berish, almashtirish va qayta tiklash joyida ham keluvchilar uchun sharoit qilinmagan, elektron navbat uskunasi ishlamaydi va yaroqsiz holga kelib qolgan. Haydovchilar ushbu holat Namangan viloyati IIB YHXB tomonidan nazoratga olinishi va ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvor.

Haydovchilarning e’tiroz va noroziligi o‘rinli. Jarima yozish bo‘yicha majburiy tarzda kunlik “plan” beriladigan tizimda bu kabi maskanlarga ham e’tibor qaratilishi zarur.

Ko‘proq yangiliklar: