“Tezligim 80 da edi” – 19 yoshli qizni urib yuborgan haydovchi qamoqqa olindi

Jamiyat 12:20 / 28.09.2024 14469

18 sentabr kuni Shayxontohur tumanida sodir bo‘lgan avtoavariya bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Haydovchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. 25 sentabr kuni ko‘rsatuvlarni hodisa joyida tekshirish tergov harakati o‘tkazildi. Kun.uz ushbu tergov jarayonidan reportaj tayyorladi.

Bundan bir necha kun avval Toshkentda katta tezlikda harakatlangan Gentra piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 19 yoshli qizni urib yuborgani oqibatida u voqea joyida halok bo‘lgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Gentra haydovchisi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

25 sentabr kuni ko‘rsatuvlarni hodisa joyida tekshirish tergov harakati o‘tkazildi. Mazkur tergov harakatlarida Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa sodir bo‘lgan yo‘lda avtomobillar uchun cheklangan harakat tezligi 30 km/soatni tashkil qilgan. Haydovchining tan olishicha, uning hodisa paytidagi tezligi soatiga 70-80 km atrofida bo‘lgan, tezlikni cheklovchi yo‘l belgilarini ko‘rmagan.

Svetoforga yetganimda qarama-qarshi tomonidan Matiz chiqib keldi, o‘shanda tezligim 70 dan oshgan, 80 lar atrofida edi, Matiz meni o‘tkazib yubormadi, tormozni bosdim, bitta g‘ildiragim tramvay relsiga tegib, mashina bir silkindi va o‘ng tomonga tortib ketdi, ko‘zim Matiz'da edi, odam o‘tayotganini ko‘rmay qoldim, rulni ham burganim yo‘q. Matiz qochib ketdi”, deydi haydovchi tergovchining savollariga javob berar ekan.

Qizning otasi haydovchining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lganini, u qizini shifoxonaga olib bormay noinsoniyligini ko‘rsatganini aytdi:

“Haydovchi qizimni 10 minut vaqtda 16-sonli shifoxonaga olib borishi mumkin edi. Balki qizim nogiron holda bo‘lsa ham tirik qolarmidi?” degan u.

Ko‘proq yangiliklar: