Oshirilayotgan ish haqi, davlat xaridlaridagi shaffoflik va ovchilar uchun yangi tartib – 1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston 14:36 / 28.09.2024 27631

Ish haqi miqdori oshiriladi

Davlat rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, 1 oktyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi ko‘tariladi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriylarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga,
  • budjet tashkilotlari boshqa xodimlarining ish haqi miqdori 10 foizga oshiriladi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori – 375 000 so‘m etib belgilanadi.

Ovchilik guvohnomasi berishning tartibi o‘zgarmoqda

Prezidentning «Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan ovchilik guvohnomasini berishda yangi tartib belgilanmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi.

2024 yil 1 oktyabrdan ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

  • ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi;
  • ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga YaIDXP orqali 2 yil muddatga beriladi;
  • ovchilik guvohnomasi berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot jismoniy shaxslarning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlariga integratsiya qilinadi;
  • ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslari bioxilma-xillikni asrash, hayvonlarning turlari va anatomiyasi, ov qilish qoidalari, ov qilish etikasi va ov usullari hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus bilimlar o‘rgatilishini nazarda tutgan holda Departament yoki ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladi;
  • ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun o‘quv kurslarida qayta o‘qish talab etilmaydi;
  • ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi;
  • ovchilik guvohnomasini berish tartibi va ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Davlat xaridlari tizimi takomillashtiriladi

Davlat xaridlaridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga bozorda muqobillari bo‘lmagan va texnik jihatdan murakkab tovarlarni yetkazib beruvchilar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xulosasi asosida kiritiladi.

Shuningdek, davlat xaridlari elektron tizimiga ushbu tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarini ular tomonidan ishlab chiqariladigan (yetkazib beriladigan) tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) mos keladigan davlat buyurtmasining tizimga joylashtirilganligi to‘g‘risida xabardor qilish funksiyasi kiritiladi. Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari tomonidan davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ijrochilariga shartnomalarni bajarish vaqtida kelib chiqadigan sudgacha bo‘lgan nizolarning belgilangan tartibda hal etilishida ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, tender savdolarida bitta tadbirkorlik sub’yekti ishtirok etgan taqdirda, davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini hamda tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) oid mezonlarni o‘zgartirmagan holda takroran e’lon joylashtirganda va takroriy tender savdolarining yagona ishtirokchisi ilgari ishtirok etgan tadbirkorlik sub’yekti bo‘lganda, tender savdolari o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Bu davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida amalga oshirilmoqa.

Nogironlar himoyasi kuchaytiriladi

2024 yil 1 oktyabrdan shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Bu haqda davlat rahbarining 2024 yil 18 iyulda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari, davlat ishtirokidagi korxonalar mablag‘lari va boshqa markazlashtirilgan manbalar hisobidan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar mablag‘lari hisobidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • har yili «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.

Bunda to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari har yili 1 noyabrga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan chorrahalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish dasturi asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega bo‘lgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transportda harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda) Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Zargarlik sohasi uchun imtiyozlar joriy etilmoqda

Prezidentning tegishli farmoni bilan zargarlik sohasiga qator imtiyozlar berilmoqda.

Hujjatda keltirilishicha, 2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar;

  • belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi;
  • «Uzbek Jewellery Fair» xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmaydi.

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga 2028 yil 1 yanvarga qadar har oyning 25 sanasigacha budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foizini respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholashning soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartibi joriy qilinadi:
  • mahallalarda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yagona savolnoma asosida birlamchi o‘rganiladi. Yagona savolnoma asosida aniqlangan muammolar «Raqamli mahalla» platformasida shakllantiriladi hamda «mahalla yettiligi»ning tegishli elektron platformalariga fuqaro bilan individual tartibda ishlash uchun buyurtma shaklida yuboriladi;
  • muntazam yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridagi avtotransport vositalarini sun’iy yo‘ldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlash va Transport vazirligining avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish talablari yangidan ochiladigan yo‘nalishlarga amal qilishni boshlaydi;
  • respublikadagi 7 ta oliy ta’lim muassasasida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash kurslarini tashkil etish xarajatlarining 30 foizi oliy ta’lim muassasalarining so‘roviga ko‘ra Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan uch yil davomida qoplab beriladi;
  • respublika hududi orqali o‘tayotgan xavfli yuklarni «onlayn» (GPS) rejimda masofadan kuzatib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va idoralararo integratsiya qilinishi ta’minlanadi;
  • iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi;
  • ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi;
  • «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning barcha turdagi xizmatlari bo‘yicha daromad va xarajatlarning alohida hisobi yuritiladi. Bunda yo‘lovchi tashish uchun alohida daromad va xarajatlar hisobga olinib, yo‘lovchi tashish xizmati narxlarini hisoblash bazasi yaratilishi inobatga olinadi;
  • yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi;
  • Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi. Reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • bosqichma-bosqich 2025 yil 1 aprelgacha respublika hududida temiryo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyoti bekor qilinadi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi maxsus axborot tizimiga yuborilgan yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
  • respublikaning barcha hududlarida shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi. Ushbu xonalarda jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi;
  • qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi;
  • ishlab chiqarilgan va chetdan olib kiriladigan xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda, respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma bojxona hududiga kelishidan avval «Yagona darcha» bojxona axborot tizimiga va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga import qiluvchi tomonidan joylashtirilishi shart;
  • har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali qoplab beriladi;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘limlarining eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) funksiyasi xususiy sektorga o‘tkaziladi;
  • 2026 yil 31 dekabrga qadar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi. Subsidiya 2026 yil 1 noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln so‘m miqdorida belgilanadi.
Ko‘proq yangiliklar: