Madridda derbi, «Bavariya» «Bayyer»ga qarshi, Manchester klublari uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 16:51 / 28.09.2024 3843

Germaniyada mavsumning markaziy o‘yinlaridan biri, Angliyada omadsizlar jangi, Ispaniyada esa Madrid derbisi. Kuchli beshlik chempionatlari bu safar ham bizni zeriktirmaydi va qiziqarli o‘yinlarni taqdim etishda davom etadi.

NYuKASL – MANCheSTeR SITI (28 sentabr, 16:30)

Eddi Xauning “Nyukasl”i “Manchester Siti”ga qarshi doim munosib o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Ikki yil avvalgi 3:3 ni hamma eslasa kerak, o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda “shaharliklar” g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, Angliya Liga kubogidan aynan nyukaslliklar “Siti”ni chiqarib yuborgandi. APL doirasida “Jyeyms Park”da kechgan o‘yin ham oson o‘tmagan – o‘yin oxirlarigacha mezbonlar hisobda oldinda borishgan, faqat hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Bobb “Manchester Siti”ga g‘alaba keltirgan golini urgandi.

Bugungi o‘yin ham qiziqarli o‘tishi turgan gap. Zero mehmonlar tarkibidagi ba’zi yo‘qotishlar imkoniyatlarni tenglashtirishi mumkin. Rodrining jarohati darajasi ma’lum bo‘ldi, Pep Gvardiolaning matbuot anjumanida xabar berishicha, u faqat kelasi mavsumda safga qaytishi mumkin. Shuningdek Kevin de Bryuynening ham bu uchrashuvda sheriklariga yordam bera olmasligi aniq. Mezbonlar safida esa Lassels, Botman kabi markaziy himoyachilardan tashqari, Kallum Uilson ham hali to‘liq tiklangani yo‘q. Umuman bu nomlarni yo‘qotishlar safinga qo‘shmasak ham bo‘ladi, zero “Nyukasl” mavsum boshidan beri ularsiz harakat qilmoqda.

Aytish mumkinki, Xau shogirdlari ayni damda jadvalda yuqori o‘rinlarda borayotgan bo‘lsa-da, o‘yin sifati u qadar ishonchli emas. Uch g‘alaba ham minimal hisobda qozonildi. “Vulverhempton” maydonidagi teng uchrashuv so‘nggida Xau shogirdlari irodali g‘alabani ilib ketgan bo‘lishsa-da, Londonda buni takrorlay olishmadi. “Fulhem”ning g‘alabasi ancha ishonchli chiqdi. “Nyukasl” yevrokuboklardan “ozod bo‘lgach”, nihoyat ikki yil oldingi kuchli “Nyukasl”ni kutgandik. Hozircha o‘yin borasida muammolar bo‘lsa-da, ochkolar olishda yomon emas. “Manchester Siti” esa motivatsiya uchun zo‘r raqib – “Nyukasl” o‘z maydonida doim jiddiy kuch bo‘la olgan.

Pep Gvardiolaning Rodrisiz qanday harakat qilishi esa yana bir intriga. Ha, o‘tgan mavsumlarda ham ba’zida ispaniyalik futbolchida kichik jarohat yoki diskvalifikatsiyalar bo‘lgan, ammo u holat vaqtincha edi. Hozir esa Gvardiola butun mavsum uchun Rodrisiz yangi tizimni ishlab chiqishiga to‘g‘ri keladi. Kovachich asosiy futbolchiga aylanadimi, Gundo‘g‘an va Stounzga Rodrining vazifalari taqsimlab beriladimi yoki Lyuisni yangi qirralari ochiladimi – bu savollarga bugundan javob izlashni boshlaymiz.

BAVARIYa – BAYYeR (28 sentabr, 21:30)

“Bayyer” avgustning oxirida “Leypsig”dan o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchragach, ayniqsa, hujum chizig‘ida ajoyib formani namoyish etmoqda – uch g‘alaba va uchala o‘yinda ham liverkuzenliklar to‘rttadan gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘tgan yilgi sehr ham joyida turibdi – so‘nggi turda faqat hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan gol “Volfsburg” ustidan 4:3 hisobidagi g‘alabani ta’minladi.

“Bavariya” esa undan ham dahshatli formada. Kompani kelganidan buyon jamoa hali durang nimaligini bilmayapti – olti rasmiy uchrashuvda olti g‘alaba qo‘lga kiritildi. Oxirgi uch o‘yin umumiy hisobda 20-3 gollar bilan “Bavariya” foydasiga yakunlandi. Xarri Keynning o‘zida so‘nggi uch uchrashuvda 7 gol va 3 assist mavjud. Olisening ko‘rsatkichlari ham ajoyib, jamoaga yangi qo‘shilgan futbolchi allaqachon 5 gol va 3 assistni amalga oshirib ulgurdi. Musiala ham deyarli har o‘yinda maydonni golsiz tark etmayapti. Aynan shu holatda liverkuzenliklarga qarshi uchrashuv ayni muddao, “Bavariya”da o‘tgan mavsumdagi yirik mag‘lubiyat uchun qasos olish imkoniyati bor. Umuman Bundesliga doirasida oxirgi uch o‘yinda “Bavariya” g‘alaba qozona olmayapti – bir durang va ikki mag‘lubiyat.

Tarkiblar borasida ikki tomonda ham deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Faqat Sasha Boyening jarohati va Mazrauining transferidan so‘ng, hozircha “Bavariya” tarkibida haqiqiy o‘ng qanot himoyachisi yo‘q. Avvalgi murabbiylardan farqli ravishda Kompani bu pozitsiyaga Kimmixni emas, Laymerni qo‘yishda davom etmoqda. Shuningdek, yozda xarid qilingan markaziy himoyachi Xiroki Itoning to‘liq tiklanishiga ham bir necha kun bor.

“Bavariya” so‘nggi besh o‘yinda 25 gol urishga muvaffaq bo‘ldi, “Bayyer” hisobida esa shuncha o‘yindan keyin 15 gol bor. Boshqa tarafdan, har ikki jamoada ham himoyada muammolar yo‘q emas – “Bavariya”ning 5 o‘yindan 5 gol o‘tkazib yuborishi albatta, top klublarga xos natija emas. “Bayyer” esa Bundesligada atigi 4 tur o‘tganiga qaramay, allaqachon 9 gol o‘tkazib ulgurdi. Demak, himoyada mukammal bo‘lmagan ikki hujum qirollari bahsida juda ko‘p golni umid qilsak bo‘ladi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – TOTTeNHEM (29 sentabr, 20:30)

Har ikki jamoa ham deyarli o‘xshash vaziyatda – o‘yin borasida ancha ijobiy jihatlar ko‘zga tashlanayotgan, ko‘p ko‘rsatkichlarda ligada yetakchi o‘rinlarda bo‘lishsa-da, ochkolar kam. “Tottenhem” Lesterda, “MYu” “Kristal Pelas” bilan o‘rinsiz durangga rozi bo‘ldi, “Tottenhem” Nyukaslda, “MYu” esa Braytonda kamida durangga mos o‘yin ko‘rsatib ham, mag‘lubiyatga uchradi. Har ikki jamoa ham yuqori pressing qiladi, o‘yinlarda birinchi raqamda o‘ynashga intiladi, hozircha buni amalga oshirish qiyin kechayotgan bo‘lsa-da, har ikki murabbiy o‘ziga yarasha qaysar, prinsipga ega. Erik ten Xag deyarli butun jamoa jarohatlangan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumda ochiq futbol o‘ynashga urindi, Posteko‘g‘li “Chelsi” bilan hatto to‘qqiz kishi qolgan bo‘lishsa-da, yuqori himoyalanib jazolandi. Shu jihatdan bu o‘yin ssenariysi juda qiziq – qaysi murabbiy o‘z qarashlaridan voz kechib, qarshi hujumda o‘ynashni tanlaydi? Mehmon bo‘lgani uchun “Tottenhem”mi yoki so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli majbur bo‘lgan ten Xagmi?

Kuni kecha “MYu” rahbariyati Erik ten Xagga ishonishda davom etishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, keyingi haftadagi uch o‘yin niderlandiyalik murabbiy taqdiri uchun juda muhim sanaladi. Manchesterliklar bu davrda “Tottenhem” bilan o‘yindan tashqari, mehmonda “Portu” va “Aston Villa” kabi kuchli jamoalarga qarshi to‘p suradi. Bu o‘yinlardagi salbiy natija ten Xagni iste’foga chiqarmasa-da, bosim eng chegara pallasiga yetib kelishi, bu keyingi o‘yinlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Jarohatlar borasida, “Manchester Yunayted”da yangi yo‘qotishlar yo‘q, aksincha, Maunt. Xoylund kabi futbolchilar safga qaytib ulgurishdi. Faqat chap qanot himoyasidagi muammmo hali hal bo‘lmagan. Lyuk Shou katta ehtimol kelasi oy oxirlariga to‘liq tiklansa kerak. Malasiya umumiy mashg‘ulotlarga allaqachon qo‘shilgan bo‘lsa-da, qariyb bir yarim yildan beri futbol o‘ynamagan o‘yinchini murabbiy birdaniga “Tottenhem”ga qarshi tushirmasa kerak. Mehmonlar safida Odober va Risharlisonlarda jarohatlar bor.

Har ikki jamoa ham hafta o‘rtasida yevrokuboklarda maydonga tushishdi. Ammo jismoniy tomondan mehmonlarda ko‘proq muammo bo‘lishini kutsa bo‘ladi. Chunki, “Tottenhem” o‘z o‘yinini bir kun o‘tib, payshanba oqshomida o‘tkazdi. Bundan tashqari, “Karabax” bilan o‘yinning boshlaridayoq londonliklar bir kishi kam bo‘lib qolishdi va butun o‘yin davomida tabiiyki, ko‘proq kuch sarflashdi, deyish mumkin. Yana bir jihat shundaki, Posteko‘g‘li “Tottenhem”ga kelganidan beri ilk marta yevrokubok o‘yinida qatnashmoqda. Ushbu murabbiy qo‘l ostida bunday rejimda futbolchilar qay darajada ko‘rinishadi, bu ham yana bir masala.

ATLeTIKO – ReAL (29 sentabr, 23:55)

Kilian Mbappe jarohat oldi va kamida uch haftada safdan chiqdi. Bu bir tarafdan mehmonlarga foyda ham bo‘lishi mumkin, sababi, mavsum boshidan buyon jamoa Mbappega moslashishga harakat qilmoqda, futbolchining “Real”ga integratsiya jarayoni sababli, ba’zida hujum chizig‘ida muammolar ham vujudga kelayotgandi. Mbappening yo‘qligi Anchelottining vazifasini biroz osonlashtirishi mumkin, zero o‘tgan mavsumdagi tarkib va taktikaga qaytish imkoniyat mavjud. Shuningdek, o‘yindan oldin Kamavinga testlardan muvaffaqiyatli o‘tdi va klub uni ilk daqiqalardan maydonga tushirish haqida o‘ylamoqda. Demak, faqat David Alabaning holati so‘roq ostida turganidan tashqari, “Real” deyarli optimal tarkibda “Atletiko”ga qarshi saflanishi mumkin.

Agar o‘zaro o‘yinlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi mavsumlarda “Atletiko”da hatto ustunlik borligini ham ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan yili aynan “Atletiko” “Real”ning ilk mag‘lubiyatiga sababchi bo‘lgandi. Keyinroq Simeone shogirdlari Ispaniya kubogidan ham “Real”ni chiqarib yubordi, chempionatdagi javob o‘yinida ham mag‘lubiyatga uchramadi. Umuman La Liga doirasida “Bernabeu”dan kechgan oxirgi 2 o‘yin bir xil – 1:1 hisobida yakunlangan.

Turnir jadvalida qaraganimizda, har ikki jamoa ham hali mag‘lubiyatga uchramagan. “Real”da ikkita, “Atletiko”da esa uchta durang bor va shu tufayli yo‘qotishsiz ketayotgan “Barselona”dan ortda borishmoqda. Demak, bu o‘yindagi ochko yo‘qotish har ikki jamoaga ham qimmatga tushishi, “Barselona” bilan farq yanada oshib ketishi mumkin. “Real” keyingi o‘yinlarni “Vilyareal” va “Selta” bilan, “Atletiko”ni esa Sosedad safari kutib turganini ham inobatga olsak, har ikki jamoa biroz qiyin va muhim davr bo‘sag‘asida turibdi. Shu paytda mag‘lubiyatga uchrash esa tabiiyki, ruhiy tomondan ham zarba bo‘lishi turgan gap. Yana bir qiziq fakt, “Atletiko” ushbu mavsumda uyida o‘z darvozasidan hali gol olib chiqqani ham yo‘q.  

BOShQA O‘YINLAR

28 sentabr. Udineze – INTeR (18:00), ARSeNAL – Lester (19:00), CheLSI – Brayton (19:00), Jyenoa – YuVeNTUS (21:00), Vulverhempton – LIVeRPUL (21:30), Bolonya – ATALANTA (23:45), Osasuna – BARSeLONA (23:55)

29 sentabr. Ipsvich – ASTON VILLA (18:00), ROMA – Venetsiya (18:00), NAPOLI – Monsa (23:45)

Ko‘proq yangiliklar: