Toshkentdagi maktabda boshlanib vazirlar darajasiga chiqqan mojaro – nimalar bo‘ldi?

O‘zbekiston 18:10 / 27.09.2024 29979

Bir necha kun oldin Toshkent shahridagi maktablardan birida «rus tili bilan bog‘liq masala» yuzasidan tortishuv chiqib, o‘qituvchi o‘quvchiga qo‘l ko‘tardi. Voqealar rivoji Rossiya TIV rasmiysi O‘zbekiston ichki ishiga aralashuvi, jamoatchilik e’tirozlari va O‘zbekiston TIV «uyg‘onishi» bilan davom etdi. Kun.uz voqealar xronologiyasini keltiradi.

Muammo qayerdan boshlandi?

25 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili o‘qituvchisi dars vaqtida o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Videoda o‘qituvchi avval o‘quvchining qulog‘idan tortib, yuziga zarba tushirgani aks etgan. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga rasmiy munosabat berib, voqea 23 sentabr kuni ikkinchi smenada o‘qiydigan 6-V sinfida rus tili fani darsida ro‘y berganini bildirdi.

Voqea maktabga hali rasman ishga qabul qilinmagan, sinov muddatidagi rus tili fani o‘qituvchisining ilk ish kunida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchi ustoziga gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ng o‘qituvchi o‘quvchining qulog‘idan cho‘zgan, partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Rasmiylar o‘quvchiga tan jarohati yetkazilmaganini ma’lum qildi.

Holatdan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, ayni vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Holatga bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham munosabat bildirib, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yganlar lavozimidan ozod etilishi va javobgarlikka tortilishi shartligini ta’kidladi.

Ish kattalashdi

25 sentabr kuni «Ostorojno, novosti» telegram-kanali mojaroning yangi tafsilotlarini oshkor qildi. Unga ko‘ra, barchasiga o‘quvchi o‘qituvchidan darsni rus tilida olib borishni so‘rashi sabab bo‘lgan. O‘quvchining ota-onasi ijtimoiy tarmoqda ma’lum qilishicha, o‘qituvchi ular bilan suhbatda hech narsadan afsusda emasligi, go‘yoki «O‘zbekiston o‘zbeklar uchun ekani, qolganlar esa ketishi mumkinligi»ni aytgan.

Shundan keyin bu xabar Rossiyadagi auditoriyasi katta bo‘lgan o‘nlab telegram-kanallarda tarqaldi.

Buning ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifingda Toshkentdagi maktabda yuz bergan holat bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘ralgani haqida aytdi.

Foto: Rossiya TIV

«Rolik bola uchun qayg‘urish va hamdardlik uyg‘otmay qolmaydi. Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas…» — degan Zaxarova hamda masala diqqat bilan kuzatib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston tomonidan javoblar

Rossiyalik rasmiyning O‘zbekistonning ichki ishlari aralashuvi jamoatchilikning keskin e’tirozlarini keltirib chiqardi.

26 sentabr kuni Milliy tiklanish partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Rossiya TIV bayonotiga munosabat bildirib, bola huquqi O‘zbekistondagi maktabda va O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilgani, shuningdek jazo chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘rilishini eslatdi.

Foto: Milliy tiklanish partiyasi matbuot xizmati

«Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli», — deb yozgan Qodirov.

Ta’lim sohasidagi ekspert Komil Jalilov Mariya Zaxarovaning so‘zlarini «siyosiy muammolar yaratish bo‘yicha master-klass» deb atagan.

«Balki shimoldagi ayrim hali ham o‘zini „katta og‘a“ yoki „katta opa“ sanayotganlarga O‘zbekiston — suveren davlat ekanligi, O‘zbekiston maktablaridagi tartib-intizom masalasini o‘zimiz hal qila olishimizni aytarmiz?» — deya yozgan u.

Moliyachi Otabek Bakirov rasmiylar «O‘zbekiston maktablarida yuz berayotgan yoki yuz bergan hodisa O‘zbekistonning ichki ishi, o‘zimiz o‘z qonunlarimiz asosida hal qilamiz, deya oladimi?» deya savol qo‘ygan.

O‘zbekistonda taniqli jamoat faollaridan sanaladigan bu ikki muallif ham o‘z postlarini Alisher Qodirovning bayonotidan oldinroq yozishgandi.

Komil Jalilov Rossiya vakillari oldin ham O‘zbekiston maktablarida tarix darslari qanday o‘tilayotganiga qiziqib qolgani haqida yozgandi.

Keyinroq Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovaning bayonotiga munosabat bildirib, bu davlatning o‘zida ichki hal qilinmagan muammolari yetarlicha ekanini ta’kidladi.

«Boshqa yurtning mamlakatimiz ichki ishlariga aralashuvi mutlaqo va yana bir bor mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Bu shubhasiz ko‘ngilsiz, tor doiradagi, ya’ni mahalliy darajadagi voqeaga millatlararo va tillararo, qandaydir maqsadga xizmat qiluvchi tus berish mutlaqo mumkin emas.

Aslo shubha yo‘qki, O‘zbekiston – mustaqil suveren davlat. Va o‘zining ichki ishlariga tashqaridan aralashuvni qabul qilmaydi. Bu mening Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning bayonotiga munosabatimdir. Qolaversa, zikr etilgan davlatning o‘zida ichki hal qilinmagan muammolari yetarlicha», — deb yozgan Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Minhojiddin Mirzo / Foto: Yozuvchilar uyushmasi

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzoning so‘zlariga ko‘ra, Mariya Zaxarova O‘zbekistondan kechirim so‘rashi kerak.

“Meni hayron qoldirgani, maktab O‘zbekistonda, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham O‘zbekiston fuqarosi. Nega mustaqil bir davlatda bo‘lgan bir holat uchun Moskvaga tushuntirish berilishi kerak?!

Nima, ular haligacha O‘zbekistonni ham o‘zining guberniyasi deb hisoblamoqdami yo andishaning otini qo‘rqoq deb o‘ylashyaptimi? Bir necha rasmiy, norasmiy shaxslari suverenitetimizni shubhaga oldi, tariximizni kamsitdi, vazmin munosabat bildirdik. Migrantlarni bilgan ko‘yiga solyapti. Indamagan sayin borgan sari haddidan oshishyapti.

Bu O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi-ku!

Mariya Zaxarova bu gaplari uchun O‘zbekistondan kechirim so‘rasin! Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish bersin!” – degan Minhojiddin Mirzo Yozuvchilar uyushmasining rasmiy kanalida e’lon qilingan munosabatida.

O‘zbekiston TIVdan «kutilmagan» reaksiya

Odatda bunday holatlarda sukut saqlashni afzal ko‘radigan O‘zbekiston tashqi vazirligi ham bu safar reaksiya bildirdi.

Ayni vaqtda AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 27 sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan.

Foto: O‘zbekiston TIV

Rasmiy relizga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini qayd etgan.

«An’anaga ko‘ra, hamkorligimiz kun tartibi keng bo‘lib, barcha sohalarni qamrab oladi. O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik»,deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Rossiyada tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda esa tomonlar munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikka sodiqlik hamda millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish haqida gaplashgan.

«Sergey Lavrov va Baxtiyor Saidov ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarga muvofiq Rossiya va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha izchil hamkorlikka sodiqligini tasdiqladi. Millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi»,deyiladi Rossiya TIV axborotida.

Mushtumzo‘r o‘qituvchi

Bu orada til mojarosi ortidan o‘quvchini urgan ayol bilan boshqa muammo kelib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, u 24 sentabr kuni Yashnobod tumanidagi, o‘zining 14 yoshli qizi o‘qiydigan 204-maktabga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib qolgan. Tortishuv davomida maktab direktorining MMIB bo‘yicha o‘rinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularga keskin qarshilik ko‘rsatgan.

Foto: Videodan kadr

25 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilib, ayol MJTKning 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Ayolga 7 sutka ma’muriy qamoq va umumiy 2,4 million so‘m jarima jazolari tayinlandi. Ayolning Chilonzordagi maktabda o‘quvchini urgan holati esa alohida tergovga qadar tekshiruv jarayonida.

Bu Zaxarovadan birinchisi emas

Bu Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda rus tili bilan bog‘liq holatlar yuzasidan boshqa davlat ichki ishlariga aralashuvi bilan bog‘liq ilk holat emas.

2020 yil may oyida u O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat bildirgan edi. Zaxarova «go‘yoki O‘zbekistonda rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari esa kamchilikni tashkil qilishi» haqida gapirgan. Uning munosabati jamoatchilikda keskin e’tirozlarni keltirib chiqargan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oradan 4 kun o‘tib «davlat tilini tartibga soluvchi sohaga bog‘liq masalalar davlatning mutlaq ichki siyosatiga daxldor bo‘lib, har qanday aralashuv aslo maqbul emasligi» haqida bayonot bergan edi.

2021 yil fevral oyida Zaxarova O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun va o‘zbek tili mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati haqida ham fikr bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 20 sentabr kuni Oliy Majlis Senati ma’qullagan qonun kuchga kirsa, O‘zbekistonning davlat suvereniteti va xavfsizligiga zid bo‘lgan gaplar aytgan chet el fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi yoki ular O‘zbekistonda bo‘lsa, deportatsiya qilinishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: