Volkswagen (VW) avtomobil konserni rahbariyati va IG Metall metallurgiya ishchilari kasaba uyushmasi o‘rtasida 25 sentabr, chorshanba kuni Hannoverda bo‘lib o‘tgan tarif bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundi kutilgan natijalarni bermadi. Bundan tashqari, Volkswagen kasaba uyushmasi talablaridan biriga qarshi chiqib, ishlab chiqarishdagi ish haqini kamaytirish bilan tahdid qildi, deb yozadi dpa agentligi.
VW muzokaralar bo‘limi rahbari Arne Maysvinkel uchrashuv chog‘ida kompaniyaga «xarajat yukini oshirish emas, kamaytirish» uchun «xodimlarning hissasi zarurligini» aytdi. «Biz birgalikda kompaniyamizni qayta qurishimiz kerak. Vaziyat jiddiy», — deya Maysvinkel so‘zlarini keltirmoqda dpa. Ish beruvchilar vakili, shuningdek, muzokaralarning birinchi bosqichidan maqsad «dastlabki vaziyat haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish» ekanligini va bu tomonlar yaqin orada kelishuvga erishadi, degani emasligini aytdi.
O‘z navbatida, IG Metall muzokarachilar guruhi rahbari Torsten Gryoger Meysvinkelning «xodimlarning hissasi» haqidagi iborasini nafaqat ishchilar talablariga salbiy javob, balki ish haqining mumkin bo‘lgan qisqarishi haqida ogohlantirish sifatida ham baholadi.
IG Metall va VW o‘rtasidagi muzokaralarda konserndagi rejalashtirilgan keng ko‘lamli ishdan bo‘shatishlar haqida ham so‘z bordi. Torsten Gryogerning so‘zlariga ko‘ra, bu borada ham pozitsiyalar yaqinlashuvi kuzatilmagan. IG Metall salbiy deb baholagan birinchi raund natijalariga ko‘ra, hatto keyingi yig‘ilish sanasi ham kelishib olinmagan – kasaba uyushmasi u faqat noyabr oyi oxirigacha bo‘lib o‘tishiga umid qilmoqda.
IG Metall dekabrdan boshlab VW'da ish tashlashlar haqida ogohlantirdi
Uyushma vakillarining ta’kidlashicha, VW'dagi iqtisodiy qiyinchiliklar haqidagi xabarlarga qaramay, konsern yaqinda «daromad ko‘rsatkichlari yomon emasligi» to‘g‘risida hisobot bergan va aksiyadorlarga munosib dividendlar to‘lagan. Bu VW'ning manevr qilish imkoniyati borligini ko‘rsatadi, deydi Torsten Gryoger.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar VW xodimlarni qisqartirish bo‘yicha rejalarga amal qilishda davom etsa va kasaba uyushmasi talablariga javob bermasa, konsern «xodimlarning qattiq qarshiligiga duch keladi». Xususan, gap 1 dekabrda boshlanishi mumkin bo‘lgan VW'dagi ish tashlashlar haqida ketmoqda, dedi Gryoger. U aksiyalarda o‘n minglab odamlar ishtirok etishi bilan tahdid qilmoqda.
Hannoverdagi muzokaralar chog‘ida butun Germaniyadan kelgan Volkswagen kompaniyasining 3000 dan ortiq xodimi yig‘ilish bo‘lib o‘tgan bino oldida to‘plandi, deb xabar beradi IG Metall.