Bunyod Baxtiyorovich Mamajonov Toshkent shahri Uchtepa tumanining hokimi etib tayinlandi.
Bunyod Mamajonov 1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yilda Toshkent moliya institutini magistrlik darajasi bilan tamomlagan.
2020 yildan shu kunga qadar «Asakabank» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Uchtepa tumaniga 2019 yil mayidan buyon Farhod Abdullayev rahbarlik qilib kelayotgandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Bu so‘nggi kunlarda Toshkent shahrining uchinchi tumanida rahbar o‘zgarishi bo‘lmoqda. 23 sentabr kuni Shayxontohur tumaniga 2022 yil sentabridan buyon hokimlik qilib kelgan Botir Zohidov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarligiga o‘tkazildi, keyinroq uning o‘rniga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobur Abubakirov yangi hokim etib tayinlandi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida ham hokim o‘zgargan, tumanga 2018 yil aprelidan buyon rahbar bo‘lgan Shavkatbek Irgashev o‘rnini Bahodir G‘oyibnazarov egalladi.