Turkiyada 8 yoshar qizaloqning o‘ldirilishi. Bu haqida nimalar ma’lum?

Jahon 09:48 / 26.09.2024 22772

Bir oy oldin Turkiya janubi-sharqidagi Diyorbakir viloyati markaziga yaqin joylashgan Tavshantepa qishlog‘i haqida deyarli hech kim bilmasdi. Bu qishloqda 21 avgust kuni sakkiz yoshli Narin Gyuran yo‘qolib qolgach, vaziyat butunlay o‘zgardi. 19 kundan so‘ng qizaloqning jasadi topildi. Bu jinoyat butun Turkiyani larzaga soldi va voqeaga keng jamoatchilik e’tiborini qaratdi, deb yozmoqda DW nashri.

Shu vaqt ichida Narinning ba’zi yaqin qarindoshlari qotillikda gumon qilinib hibsga olindi. Lekin qishloqda jimjitlik hukm surmoqda, hech kim deyarli hech narsa demaydi, shubhali narsalarni ko‘rgan yoki eshitgani haqida aytmaydi. Bu esa butun mamlakatda norozilik uyg‘otmoqda.

Qabriston ziyoratgohga aylandi

Tavshantepaga shu atrofdagi daryo suvi bilan sug‘oriladigan, qalin o‘sgan makkajo‘xori dalalaridan o‘tuvchi birgina yo‘l olib boradi. Narinning qopga yashirilgan jasadi aynan shu daryoning qirg‘og‘idan topilgan. Yo‘l qishloq markaziga yetmasdan kichik bir qabriston yonidan o‘tadi. Odatda bu yer jim-jit bo‘lardi. Biroq endi har kuni yuzlab odamlar halok bo‘lgan qizaloqning qabriga tashrif buyurmoqda. Qabr bolalar chizgan rasmlar, gullar va yumshoq o‘yinchoqlar bilan qoplangan. Narining qabri ustida Turkiya bayrog‘i hilpiraydi, oyoq tomoniga esa zaytun daraxti ekilgan.

Foto: Felat Bozarslan/DW

Qabristonda sakkiz yoshli qizga hamdardlik bildiruvchi yuzlab guldastalar bor. Odamlar duo qilish, Qur’on suralarini o‘qish yoki Naringa nisbatan sodir etilgan jinoyatga o‘z nafratini izhor etish uchun kelmoqda. Butun Turkiyadagi kabi bu yerga tashrif buyurganlarning barchasi qizaloqni kim va nima sababdan o‘ldirganini bilishni istaydi.

“Nahotki butun qishloqda hech kim hech narsani bilmasa? Kimdir sukutni buzib, bizga nima bo‘lganini aytib berishi kerak. Bu begunoh bolani o‘ldirganlar eng og‘ir jazoga tortilishi kerak”, — dedi diyorbakirlik Ahmad Oydin.

Tavshantepaga Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch tashrif buyurgan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa voqea yuzasidan tushuntirish berishni va’da qilgan. Ular aybdorlar eng og‘ir jazoga tortilishiga ishontirmoqda.

“Hammamiz gumondormiz”

Qishloqning bir nechta ko‘chalarida jandarmeriya bo‘linmalari o‘tgan-ketgan kishilarning har birini tekshirmoqda. Mahalliy aholi ko‘zga tashlanmaydi. Aytishlaricha, ayrim aholi fojiadan so‘ng qishloqni allaqachon tark etgan. Narin yashagan uy va uning atrofidagi hudud puxta qo‘riqlanmoqda.

Foto: Hozan Adar/DW

Sud-tibbiy ekspertizasi hali yakunlanmagan. Tergovchilar bola aynan shu yerda o‘ldirilgan deb gumon qilmoqda — jinoyatchi oila a’zolariga yaqin odam bo‘lishi mumkin. Gyuranning uyi hozir bo‘m-bo‘sh, unda yashovchilarning ba’zilari qayerdaligi noma’lum. Aytishlaricha, vaqti-vaqti bilan uyga qandaydir odamlar kelib, u-bu narsa olib ketadi.

Umummilliy g‘azabning asosiy sabablaridan biri: 550 ga yaqin kishi yashaydigan butun qishloq qat’iy sukut saqlamoqda. DW muxbiri Tavshantepadan o‘tayotgan, anonimlik sharti bilangina savollarga javob berishga zo‘rg‘a rozi bo‘lgan bir qariyani uchratdi. Suhbatdosh Narin oilasiga nisbatan adolatsizlik qilinayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, butun qishloq umumiy shubha ostida qolgani uchun hamma tashvishda: “Hammamiz gumonlanuvchilarmiz. Biror narsa bilgan odam hukumatga haqiqatni aytishi shart”.

“Oila kengashi yig‘ilib, hammasini sir tutishga qaror qilgan”

Narinning o‘ldirilishini tergov qilish doirasida 300 ga yaqin odam so‘roq qilindi. Oilaning bir nechta a’zolari, jumladan, qizning onasi va akasi gumonlanuvchi sifatida hibsda. Hozirda hammasi bo‘lib o‘n ikki kishi hibsga olingan, ular orasida Tavshantepa oqsoqoli, Narinning tog‘asi ham bor. Uning mashinasidan halok bo‘lgan qizning DNK izlari topilgan. Tergov organlarining fikriga ko‘ra, Narinning o‘ldirilishida yoki hech bo‘lmaganda uning jasadini gumdon qilishda tog‘asining shaxsan ishtiroki bo‘lgan — aytishlaricha, oila kengashi uning jasadini ko‘mish kerak degan qarorga kelgan.

Sud-tibbiyot ekspertlarining fikriga ko‘ra, qizaloq bo‘g‘ib o‘ldirilgan. DW tergov guruhi a’zolaridan biri bilan suhbatlashganda, u butun qishloq sodir bo‘lgan voqeadan xabardorligini ma’lum qildi. “Narin qishloqda kutilmagan hodisa oqibatida halok bo‘lgan, biz uning nima ekanini hali bilmaymiz. Shundan so‘ng oila kengashi yig‘ilib, barcha tafsilotlarni sir saqlashga qaror qilgan. Bu sukunatning sababi ham aynan shu”, — deb ta’kidladi nashr suhbatdoshi.

Uning hamkasblaridan biri qo‘shimcha qildi: “Yo‘qolgan Narinni qidirayotganimizda, qishloqdagi hamma uning o‘ldirilganini bilardi. Oila buni sir tutardi. Qizaloqning jasadi hali topilmagan paytadyoq biz uni o‘ldirishgan deb gumon qilgandik. Taxminimiz Narin oilasining ayollari uy oldida to‘planib, chuqur motam bilan Qur’on o‘qiganlarida tasdiqlandi”.

Narin nima uchun o‘ldirilgani haligacha noma’lum. Tergov davom etmoqda. Hozircha faqat tog‘asining do‘sti jasadni daryo bo‘yiga ko‘mganini tan oldi. Boshqa hibsga olinganlarning hech biri hech qanday bayonot bermadi, gumon qilinuvchilar ularga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Foto: Felat Bozarslan/DW

“Turkiya murakkab vaziyatga duch keldi. Jinoyatchi jabrlanuvchining oilasi va uning yaqin ijtimoiy muhiti himoyasida”, — deydi kriminalist va Mersin universiteti qoshidagi Bolalarni himoya qilish markazi direktori Xalis Dokgyoz.

Bu hududdagi hayot, qoida tariqasida, an’anaviy konservativ bo‘lib, qabilaviy tuzilmalar va an’analarga asoslangan. Dokgyozning so‘zlariga ko‘ra, bunday jamoalarda bolalar ko‘pincha “obektivlashtiriladi” va ularning o‘limi muhim ahamiyat kasb etmaydi: “Bunday hollarda jinoyatchi odatda bola taniydigan odam bo‘lib chiqadi”.

Turkiya hukumati halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilmaydi

Narinning o‘limi yagona hodisa emas. Turkiya Bolalar huquqlarini himoya qilish markazi (FISA) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yarim yil ichida mamlakatda kamida 64 nafar bola o‘ldirilgan, ko‘pincha — oiladagi zo‘ravonlik oqibatida. Markaz ma’lumotlarni ochiq manbalardan oladi. 2016 yildan beri Turkiya hukumati halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilmaydi. So‘nggi e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2008 yildan 2016 yilgacha butun Turkiya bo‘ylab 104 531 nafar bola bedarak yo‘qolgan. Bugungi kunda nafaqat bu raqam qanchaga ko‘paygani, balki bu bolalardan nechtasi tirik yoki o‘lik topilgani ham noma’lum.

Mutaxassislar bu borada shaffoflik va profilaktika yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qilib, davlat organlarini bedarak yo‘qolgan bolalar haqida muntazam ma’lumot to‘plashga va uni e’lon qilishga chaqiradi.

“Muammoning yechimini siyosiy darajada ilgari surish uchun bizga ma’lumotlar kerak”, — deydi FISA eksperti Ezgi Koman. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ham ko‘p yillardan buyon Turkiya hukumatini tegishli ma’lumotlarni taqdim etishga chaqirmoqda.

Foto: Anka

“Xavfsiz dunyo, bolalar uchun xavfsiz hayot”: butun Turkiya bo‘ylab namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda, ularning ishtirokchilari Narinning o‘limida aybdor bo‘lganlarni qattiq jazolashni talab qilmoqda.

“Agar ular bu ma’lumotlarga egalik qilib, lekin yashirayotgan bo‘lsa, bu ularning javobgarlikdan qochish istagini bildiradi. Yoki vaziyat qanchalik jiddiyligini yashirmoqchi bo‘lishyapti. Yoxud bolalarga tupurib qo‘yishgan”, — deb taxmin qildi Koman. DW Turkiya Oila ishlari vazirligi va Markaziy statistika boshqarmasiga so‘rov yuborgan, ammo hozircha ulardan javob olinmagan.

Bundan tashqari, Turkiya muxolifati hukumatga parlament so‘rovi yubordi, ammo unga ham javob bo‘lmadi, o‘n besh kunlik muddat 19 sentabr kuni tugadi. Jumladan, muxolifat 2016 yildan beri mamlakatda qancha bola bedarak yo‘qolganini bilmoqchi. Ulardagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday bolalar soni 10 000 dan oshadi. Muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasidan siyosatchi Burxanettin Bulut bu sohada shaffoflikning yo‘qligi hukumat uchun “sharmandalik” ekanini aytdi.

“Bolalar o‘z huquqlarini bilishlari kerak”

Agar ma’lumotlar mavjud bo‘lganda edi, deb ta’kidlaydi kriminalist Xalis Dokgyoz, sud-tibbiyot ekspertlari, ijtimoiy xodimlar, psixologlar va politsiya xodimlari bunday jinoyatlarning oldini olish uchun profilaktik choralarni ishlab chiqa olardi.

“Hozirgi vaqtda biz hech narsani bilmaymiz. Faqat hodisa jamoatchilikka ma’lum bo‘lgandan keyingina uni kuzatib boramiz. Bu paytda esa faqat “Qotil kim?” degan savolga e’tibor qaratamiz. Bu noto‘g‘ri”, — deydi Dokgyoz. Uning fikricha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha uzoq muddatli qarorlarni ishlab chiqish uchun hokimiyatda motivatsiya yetishmaydi.

Bolalar huquqlari himoyachilari tarmog‘i koordinatori Shohin Antakyaliog‘lu ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning ta’kidlashicha, barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan keng ommaga mo‘ljallangan xabardorlik tizimi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha “asosiy, yechimga qaratilgan siyosat” zarur. Bu siyosat, jumladan, shahar yoki qishloqda yashashidan qat’i nazar, barcha bolalar murojaat qila oladigan “ishonch telefoni”ni o‘z ichiga olishi kerak. Bundan tashqari, “bolalarga o‘z huquqlarini o‘rgatadigan ta’lim tizimi” ham zarur.

Koordinatorning aniqlik kiritishicha, agar bola o‘z huquqlari haqida hech narsa bilmasa, unga bu huquqlarni berishdan ma’no yo‘q.

“Bolalarga kimdir ularga tegsa, qayerga murojaat qilish kerakligini o‘rgatyapmizmi? Biz bu narsalarni maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab o‘rgatishimiz lozim. Bolalar kimdir ularni biror narsaga majburlayotganini farqlay olishi kerak”, — deb ta’kidlaydi Antakyaliog‘lu. U hukumat bu qadamlarni amalga oshirmaguncha, sakkiz yoshli Narinning halokati kabi voqealar turk jamiyatini muntazam larzaga solishidan xavotirda.

Ko‘proq yangiliklar: