AQShning sobiq prezidenti Donald Trampni Floridadagi golf klubi yonida miltiq bilan poylab o‘tirganlikda gumon qilingan hujumchi siyosiy nomzodni o‘ldirishga urinishda ayblandi. «Adliya vazirligi demokratiyamiz qalbini nishonga olgan zo‘ravonlikka toqat qilmaydi va biz buni sodir etganlarni topib, javobgarlikka tortamiz. Buni to‘xtatish kerak», dedi 24 sentabr, seshanba kuni AQSh bosh prokurori Merrik Garland.
58 yoshli gumonlanuvchining aybi isbotlansa, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Ishni sudya Aylin Kennon ko‘rib chiqadi, u iyun oyida Trampga o‘z lavozimini tark etganidan keyin maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ayblovlarni rad etgan edi.
Ehtimoliy jinoyatchi hozircha o‘z aybini tan olmadi. Advokatlar uni garov evaziga qo‘yib yuborishga erishishga urinib ko‘rishdi.
Suiqasdga urinish holati
So‘nggi kunlarda prokuratura, uning fikricha, Trampga rejalashtirilgan suiqasd faktini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etdi. Boshqa narsalar qatorida, gumonlanuvchining «Donald Trampga suiqasd uyushtirishga urinish»ga ishora qilgan xati, shuningdek, Tramp nutqlari sanalari va joylarining qo‘lyozma ro‘yxati topildi.
Gumonlanuvchiga 15 sentabr kuni Florida shtatining Uest-Palm-Bich shahridagi klubda golf o‘ynab yurgan Trampga qarata miltiqni panjara ustidan o‘qtalgani munosabati bilan noqonuniy qurol saqlash ayblovi qo‘yilgan.