Rossiya davlat gumanitar universiteti (RDGU) Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan «Sparta» bataloniga homiylik qiladi, deb xabar berdi universitet matbuot xizmati 24 sentabr, seshanba kuni o‘z saytida.
Qayd etilishicha, 24 sentabr kuni universitet «Sparta» bataloniga 6 ta DJI Mavic 3 Pro kvadrokopterlarini topshirgan. «Bugungi kunga qadar RDGU xodimlari frontga yordam berish uchun 1 300 000 rubl yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi, ulardan 1 110 000 rubli uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olishga ajratildi», deyiladi press-relizda.
Universitet har oy batalon ehtiyojlari uchun mablag‘ yig‘ishni davom ettiradi, «shuningdek, ixtisoslashtirilgan fakultetlar orqali askarlar va ularning qarindoshlariga ijtimoiy, madaniy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatadi», deya qo‘shimcha qildi Rossiya davlat gumanitar universiteti. Aniqlik kiritilishicha, Rossiya davlat gumanitar universiteti rektori Andrey Loginov va «Sparta» batalonining sobiq qo‘mondoni Artem Joga o‘rtasida tegishli kelishuvga erishilgan.
OAVda eslatilishicha, «Sparta» bataloni 2014 yilda Ukrainaning Donetsk viloyati separatistlar nazorati ostidagi hududida tashkil etilgan bo‘lib, unga mahalliy xavfsizlik kuchlari vakillari, rossiyalik ko‘ngillilar, shuningdek, rossiyalik o‘ta o‘ng faollar kiritilgan».