Livanga kirishga tayyor Isroil, Putinning yadroviy tahdidi va Ukrainaga AQShdan yordam - kun dayjesti

Jahon 12:56 / 26.09.2024 4182

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livanga hujum

Isroil armiyasi qatorasiga ikki kun Livan bo‘ylab yopirilma zarbalarni amalga oshirdi. Livan poytaxti Bayrut ham aviazarbalar ostida qolgan.

Isroil mudofaa armiyasi hisobotida Bayrut bo‘ylab aniq zarbalar natijasida «Hizbulloh»ning harbiy qanoti yetakchilaridan biri, guruhning raketa kuchlari qo‘mondoni Ibrohim Al-Kubaysiy halok bo‘lgani aytilgan.

TsAHAL matbuot xizmati zarba chog‘ida qo‘mondonning yonida harakatning «boshqa muhim qo‘mondonlari» ham bo‘lgani haqida xabar bergan. Isroillik harbiylarga ko‘ra, Al-Kubaysiy «ko‘p yillar davomida Isroil fuqarolari ustiga raketa yog‘dirish» hamda «ko‘p sonli terrorchilik hujumlari»ni rejalashtirishga mas’ul bo‘lgan.

Isroil tomoni ikki kunlik bombalash davomida 200 ta turli joyda «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan 1500 nishonga hujum qilingani — 400 ta raketa uchirish qurilmasi va qurol omborlari bo‘lgan 70 ta bino zarbaga yo‘liqqanini ma’lum qilgan.

O‘z navbatida, 24 sentabr kuni «Hizbulloh» ham Isroil tomon 270 raketa uchirgan. Hayfa, An-Nosira, Tsfat va boshqa shaharlarda raketa xavfi to‘g‘risida sirenalar yangragan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 569 kishi halok bo‘lgan, shundan 50 nafari bolalar va 94 nafari ayollar, shuningdek 1835 kishi yaralangan. Mamlakat janubida yashovchi minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Livanga kirishga tayyorgarlik

Isroil Mudofaa kuchlarining Shimoliy qo‘mondonligi qo‘mondoni general-mayor Ori Gordin mamlakat «Hizbulloh»ga qarshi harbiy kampaniyaning «yangi bosqichga» kirganini aytdi.

Gordin so‘zlariga ko‘ra, harbiylar Livanda joylashgan guruhga qarshi quruqlikdagi janglarga «har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishi» kerak.

«Operatsiya «Hizbulloh»ning imkoniyatlariga, ayniqsa, uning raketa otish imkoniyatlariga, tashkilot qo‘mondonlari va a’zolariga jiddiy zarba berish bilan boshlandi», degan general.

Isroil armiyasi bosh shtab rahbari Hersi Halevi «Hizbulloh»ga qarshi quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Vashington esa bunday operatsiyani ayni pallada o‘ta muhim deb hisoblamayapti.

Isroil mudofaa kuchlari Livanning «Hizbulloh» guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyani tayyorlamoqda, dedi bosh shtab rahbari Hersi Halevi.

25 sentabr, chorshanba kuni u 7-zirhli tank brigadasi askarlariga murojaat qilib, «etiklarimiz dushman hududiga kirib boradi», degan.

Ayni paytda, Vashington Isroilning Livanda quruqlikdagi operatsiyasini haligacha oldini olish mumkin, deb hisoblaydi. Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singh jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil bayonotlarini sharhlar ekan: «Bu muqarrar narsa emas», degan.

AQShdan Ukrainaga yordam

AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga 375 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Kiyev HIMARS yalpi o‘t ochuvchi raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar, 105 mm va 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, tankka qarshi Javelin ko‘chma raketa tizimlari, AT-4 tankka qarshi granatomyotlar, zirhli va minadan himoyalangan uskunalar, patrul katerlari, o‘ziyurar ko‘prik tizimlari, shuningdek, qurollar, o‘q-dorilar, ilgari uzatilgan qurollar uchun ehtiyot qismlar oladi.

Yangi harbiy yordam paketining alohida bandi «havo-yer» sinfidagi o‘q-dorilar» bo‘lib, gap yuqori aniqlikdagi, 130 km.ga ucha oladigan AGM-154 Joint Standoff Weapon (JSOW) aviabombalari haqida ketyapti. Reuters agentligiga ko‘ra, Ukraina uchun bunday qurollar ilk bor yetkazib berilmoqda.

Jo Bayden ma’muriyati 30 sentabrda AQShda moliyaviy yil tugagunga qadar Ukrainaga 5,6 milliard dollarlik harbiy yordamdan foydalanishga ruxsat berish uchun Kongress bilan shoshilinch muzokaralar olib bormoqda.

Bundan tashqari, 26 sentabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh yetakchisi Jo Bayden, vitse-prezident Kamala Harrisning Vashingtondagi uchrashuvi fonida Oq uy Kiyevga navbatdagi harbiy yordam paketini – 2,4 milliard dollar miqdorida e’lon qilishi kutilmoqda.

Agar ikkala tashabbus ham to‘g‘ri bo‘lsa, yordam hajmi 8 milliard dollarni tashkil qiladi.

Shuningdek, Germaniya hukumati kelayotgan qish faslida Ukrainani energiya bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha 70 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratadi. Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga Germaniya blokli issiqlik elektr stansiyalari, qozonxonalar, generatorlar va quyosh elektr stansiyalari Ukraina shaharlari va shahar hokimiyatlariga taqdim etilishini bildirgan.

Rossiya yadroviy tahdidni kuchaytirmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat yadro doktrinasiga o‘zgarishlar kiritish taklif qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi yadroviy qurollarga ega bo‘lmagan har qanday davlatning Rossiyaga hujumi ham yadroviy javob uchun asos bo‘ladi. Katta ehtimol gap Ukraina haqida ketmoqda.

Buni Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi tiyib turuvchi yadro kuchlari bo‘yicha doimiy a’zolar yig‘ilishida aytgan.

Avvalroq Putin Peterburg iqtisodiy forumi davomida mamlakat yadro doktrinasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi haqida gapirgandi.

Putinga ko‘ra, endilikda Rossiya hududiga har qanday oddiy qurol, hatto uchuvchisiz qurilma yordamida hujum qilish yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi.

Hozirgacha doktrinada faqat yadroviy davlatlar hujumi vaqtidagina yadro quroli bilan javob qaytarish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endilikda noyadroviy davlatlar hujumi ham yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi.

«Rossiyaga har qanday noyadroviy davlat yadroviy davlat yordamida hujum qilishi RFga birgalikda hujum deb qabul qilinadi va yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi», — dedi Putin.

Ochiq formatda o‘tgan ushbu yig‘ilish G‘arb davlatlari Rossiya ichkarisiga uzoq masofaga uchadigan raketalar bilan zarba berishga ruxsat etishi muhokama qilinayotgan bir vaqtda ko‘rsatildi.

The Washington Post tahlilchilari Kremlning yadroviy tahdidlari «endi hech kimni qo‘rqitmaydi» deyishmoqda.

G‘arb Moskva tomonidan o‘rnatilgan «qizil chiziqlar»ni pisand qilmayapti, Kremlning tez-tez yangrab turadigan yadroviy tahdidlari tobora o‘z kuchini yo‘qotmoqda, shuning uchun Ukraina g‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat olishi mumkin bo‘lgan vaziyatda Vladimir Putin bunga javoban «nisbatan yumshoqroq va cheklangan» javob izlab topishiga to‘g‘ri keladi, deb yozgan The Washington Post nashri bir necha tahlilchilar, mulozimlar va olimlarga tayanib.

Rossiyalik rasmiylardan biri anonim tarzda Kreml tomonidan yadroviy tahdidlar so‘nggi vaqtlarda ko‘payganini qayd etgan. «Bunday bayonotlar uchun immunitet allaqachon paydo bo‘lgan va ular endi hech kimni qo‘rqitmayapti», — degan nashr suhbatdoshi.

2022 yil 24 fevralidan buyon rossiyalik amaldorlar muntazam ravishda G‘arb «qizil chiziqlarni kesib o‘tayotgani» haqida gapirib keladi. Bunday chiqishlarga g‘arb tanklari, uzoq masofali qurollar, keyin esa zamonaviy qiruvchi samolyotlar Ukrainaga yetkazib berilgani sabab bo‘lgan. Ammo bunday tahdidlar ortidan amalda hech narsa bo‘lmagan.

G‘arbning bu harakatlariga javoban yadroviy zarba berilishi ssenariysini ehtimoli deyarli yo‘q bo‘lgan ssenariy deb hisoblanmoqda. Rossiyalik olim ham buni «ehtimoli eng kam» ssenariylardan biri deb atagan, chunki bu Rossiyaning Global janub davlatlari qatoridagi hamkorlarining noroziligini uyg‘otishi mumkin, shuningdek, harbiy nuqtayi nazardan ham samarador emas.

Xitoyning Rossiyaga yordami

Ukrainaga qarshi urushda Rossiya ishlatayotgan qurollar uchun xorijiy komponentlarning qariyb 60 foizi Xitoy orqali Rossiya Federatsiyasiga keladi, degan Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Vladislav Vlasyuk.

«Agar siz barcha oddiy qurollarni olib, xorijiy qismlarni hisoblasangiz, ularning 60 foizga yaqini Xitoydan keladi. Bu borada ba’zi ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muhokamalar o‘tkazdik. Men Xitoyni eng katta muammo deb aytgan bo‘lardim», degan u.

Vlasyukning so‘zlariga ko‘ra, razvedka uskunalari, uchuvchisiz uchoqlar va raketalarda qo‘llanadigan muhim komponentlar AQSh, Yaponiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqa G‘arb mamlakatlarida ham jo‘natish punktlariga ega.

Rossiya bilan keng savdo aloqalariga qaramasdan rasmiy Pekin urushda biror bir tomonni qurol bilan ta’minlashini mudom rad etib, Xitoyning Ukraina urushiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab keladi.

Vlasyuk Yevropa Ittifoqi G‘arb mahsulotlarining Rossiyaga kirib kelishini to‘xtatish uchun ko‘proq ish qila olishiga ishonyapti. Variantlardan biri sifatida u Rosatomga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. «Biz Rossiya bu kompaniyadan Rossiya armiyasini ta’minlash uchun foydalangan deb hisoblaymiz, biroq Yevropa poytaxtlari Rossiyaning atom elektr stansiyalarini yetkazib berishdagi ustun mavqeyi tufayli unga qarshi hech qanday chora ko‘rishni istamayapti», dedi ukrainalik rasmiy.

Mulozim yana bir nishon Rossiya logistikasi – havo va dengiz portlari, shuningdek, Rossiyaga ta’minotni osonlashtiradigan moliyaviy institutlar bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: