Jurnalist va WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Britaniya qamoqxonasidan ozod etilganidan beri o‘zining birinchi ommaviy chiqishni amalga oshirmoqda — u keyingi oyda Yevropa Kengashida ko‘rsatma beradi.
53 yoshli Assanj iyun oyida ozod etilishi borasida kelishuvga erishganidan keyin Avstraliyaga qaytgan edi, u AQShning josuslik to‘g‘risidagi qonunini buzish borasidagi aybini tan olgan va natijada, uning Buyuk Britaniyadagi 14 yillik yuridik kurashiga yakun yasalgan. Assanj ko‘plab ayblovlar ilgari surilgan AQShga deporatsiya qilinishi mumkin edi.
Qattiq tartibli London qamoqxonasida saqlangan vaqtida uylangan rafiqasi Stellaning ma’lum qilishicha, Assanjga o‘z sog‘lig‘ini tiklashi va hibsdan keyin hayollarini joyiga qo‘yib olishi, shuningdek, qamoqxonadan tashqarida hech qachon ko‘rmagan ikki farzandi bilan vaqt o‘tkazishi kerak.
Endi u omma oldida chiqish qilib, 1 oktyabr kuni Strasburga bo‘lib o‘tadigan Yevropa Kengashi Parlament assambleyasining Yuridik masalalar va inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida ko‘rsatma beradi.
Assanj 175 yilga qamalishi mumkin edi
Julian Assanj 24 iyun kuni 5 yil o‘tirgan Londonning «Belmarsh» qattiq tartibli qamoqxonasini tark etgandi. Jurnalist AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishgach, qo‘yib yuborilgan.
Qo‘shma Shtatlarda Assanjga «AQSh tarixida maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bo‘yicha eng yirik ish bilan bog‘liq jinoyatlar» yuzasidan 17 ta ayblov qo‘yilgan. Gap 2010 yildan beri AQShning harbiy va diplomatik faoliyatiga oid 700 mingga yaqin maxfiy hujjatlar oshkor etilgani haqida bormoqda. Hujjatlarda AQShning Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlari, jumladan, tinch aholi o‘ldirilishi va amerikalik harbiylarning mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabati haqida ma’lumotlar bor. Jurnalist 175 yilga qamalishi mumkin edi.