Marsni gravitatsion o‘rganishlar uning yuzasi ostidagi anomaliya va vulqonlarning qayta uyg‘onish potensialini aniqladi, deb xabar beradi Naked Science.
Nashrning yozishicha, Niderlandiyadagi Delft texnika universiteti tadqiqot guruhi Marsda sekin, ammo ishonch bilan Tarsis vulqon hududi ostidan ko‘tarilayotgan ulkan magma qatlamini aniqladi. Bu kelajakda «Qizil sayyorada»gi eng baland vulqon — Olimp tog‘i uyg‘onishi mumkinligidan dalolat beradi.
Olimpning balandligi 21,9 kilometrga yetadi, uning kalderasi Mars atmosfera qatlamidan ham ko‘rinadi. Shuningdek, Tarsis hududida yana uchta so‘ngan vulqon mavjud: Askriy, Arsiya va Pavonis tog‘lari. Ushbu vulqonlarning barchasi millionlab yillar davomida harakatsiz yotgan, ammo kelajakda barchasi o‘zgarishi mumkin.
«Mars ichida uning yuzasida yangi vulqonlarni paydo qiladigan faol harakatlar davom etayotgan bo‘lishi mumkin», — deydi professor Bart Rut.
Tadqiqotchilar guruhi Mars Express, Mars Reconnaissance Orbiter va ExoMars Trace Gas Orbiter missiyalari doirasida sun’iy yo‘ldoshlar Mars atrofidan olgan bir nechta tasvirlarni o‘rganib, sayyoraning gravitatsion maydoni xaritasini tuzgan.
Olimlar ushbu ma’lumotlarni NASA’ning Mars InSight missiyasi yordamida olingan qobiq, mantiya va «Qizil sayyora» qatlamlarining qalinligi va seysmik o‘lchovlari bilan birlashtirib, Marsning ichki tuzilishi turli xil zichlik anomaliyalariga ega ekanini aniqladi.
Rut boshchiligidagi jamoa Tarsis atrofida kuchsiz gravitatsiyani qayd etgan. Ushbu ulkan magma qatlami 1100 kilometr chuqurlikda bo‘lib, sayyora qaridan yuqoriga sekinlik bilan ko‘tarilmoqda.