Olimlar MT1 melatonin retseptori tush ko‘rish, hissiy regulyatsiya va xotirani mustahkamlashga javob beradigan tezkor uyqu fazalarining asosiy tartibga soluvchisi ekanini aniqladi, deb xabar beradi Neuroscience News.
Ushbu yangilik uyquni va REM-uyquning buzilishi bilan bog‘liq Parkinson hamda demensiya kabi kasalliklarni davolashga xizmat qiladigan yangi usullarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, inson uyqusi turli fiziologik funksiyalarni bajaruvchi tartibli ketma-ketlikdan iborat. Tezkor uyqu kognitiv jarayonlarda asosiy rolni o‘ynasa, uzoq davom etadigan uyqu organizmning jismoniy qayta tiklanishini ta’minlaydi. Ushbu siklning buzilishi kognitiv funksiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va nerv-psixologik kasalliklar paydo bo‘lish xavfini oshirishi mumkin.
Journal of Neuroscience’da e’lon qilingan tadqiqotda birinchi marta tezkor uyquni boshqaruvchi aniq retseptor haqida so‘z boradi. Bunga qadar olimlar aynan qaysi retseptor mazkur fazaga javob berishini bilmas edi. Hozirda tezkor uyquni yaxshilashga qaratilgan dori vositalari yo‘q, chunki mavjud uyqu dorilarining aksariyati uning davomiyligini kamaytirishga xizmat qiladi.
Professor Stefano Komai boshchiligidagi Paduya universiteti tadqiqotchilar guruhi MT1 miyaning Locus Coeruleus nomi berilgan sohasidagi neyronlarga ta’sir ko‘rsatishini aniqlagan. Maxsus dori yordamida olimlar hayvonlardagi MT1 ni faollashtirib, tezkor uyquning davomiyligini oshirishga erishgan.