Rossiyada «rusofobiya» uchun xorijliklarga nisbatan jazo choralari joriy etiladi

Jahon 11:03 / 24.09.2024 4260

Rossiya hukumati chet elliklarga «rusofobiya» uchun jazo joriy etishni ma’qulladi. Vazirlar mahkamasi xorijdagilar uchun «rusofobiya» bo‘yicha jinoiy javobgarlikni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga rasmiy javobning ijobiy loyihasini tayyorladi, deb xabar qildi 23 sentabr, dushanba kuni «Interfaks» agentligi tegishli hujjatga tayanib.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksiga yangi 136.1-«rusofobiya» moddasini kiritish rejalashtirilmoqda. Birinchi qism chet elliklar (shu jumladan mansabdor shaxslar) tomonidan Rossiya Federatsiyasidan tashqarida Rossiya fuqarosiga, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yoki Rossiya fuqarosi bo‘lmagan vatandoshga nisbatan sodir etilgan kamsitish harakatlari uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Ikkinchi qism — bunday harakatlarni sodir etishga ommaviy chaqiriqlar uchun.

Hukumat mazkur moddada nazarda tutilgan muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazoga doir mulohazalar inobatga olingan holda qonun loyihasini ma’qulladi. Vazirlar mahkamasi jinoyat predmetining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mazkur qoidani amalda qo‘llashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

RFdan tashqarida joylashgan shaxslar uchun jazolar

Jinoyat kodeksining 12-moddasi 3-qismi - «Rossiyadan tashqarida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyat qonunchiligining harakati»ga ham o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilgan. Bundan buyon u Rossiyada doimiy istiqomat qilmaydigan, Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 247-moddasi 5-qismi - «Sudlanuvchining ishtiroki»ga o‘zgartirish kiritildi, unga ko‘ra ayrim hollarda bir qator kichik va o‘rta og‘irlikdagi jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ishlar sudlanuvchisiz o‘tkazilishi mumkin (hozir bu faqat og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga tegishli).

Qonun loyihasi mualliflari - vitse-spiker, «Yagona Rossiya»dan deputat Irina Yarovaya va uning partiyadoshi, Dumaning xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Vasiliy Piskarev.

Ko‘proq yangiliklar: