AQShda parkdan o‘g‘irlab ketilgan olti yoshli bola 70 yildan so‘ng topildi

Jahon 19:37 / 24.09.2024 18885

Bay Area News Group xabariga ko‘ra, Albinoning Oklenddagi jiyani Alitsa Alekin politsiya, Federal qidiruv byurosi va Adliya vazirligi ko‘magida AQShning sharqiy sohilida istiqomat qilayotgan tog‘asini topishga muvaffaq bo‘lgan.

63 yoshli Alekinning aytishicha, Albino otasi va bobosi singari Vetnamda xizmat qilgan iste’fodagi o‘t o‘chiruvchi va Dengiz piyodalari korpusining faxriysi hisoblanadi. Alitsa Albinoni topib, uni iyun oyida Kaliforniyadagi oilasi bilan qayta uchrashtirdi.

1951 yil 21 fevral kuni notanish ayol G‘arbiy Oklend bog‘ida akasi bilan o‘ynayotgan olti yoshli Albinoni aldab, olib ketgandi. Ayol unga ispancha gapirib, shirinlik sotib olishni va’da qilgan.

Buning o‘rniga, ayol bolani o‘g‘irlab, uni AQShning sharqiy qirg‘og‘iga olib borgan, bola u yerda bir juftlik tomonidan o‘z farzandidek tarbiyalangan. Bola sharqiy qirg‘oqning aynan qaysi hududida ulg‘aygani haqida ma’lumot berilmadi.

“70 yildan ortiq vaqt davomida Albino bedarak yo‘qolgan bo‘lsa-da, u har doim oilasining qalbida edi, uning surati uyda osig‘liq turardi”, — dedi Alekin. Uning 2005 yilda vafot etgan onasi o‘g‘li tirikligidan umidini uzmagan.

Oklend politsiyasi Alekinning sa’y-harakatlari “tog‘asini qidirishda muhim ahamiyat kasb etganini” e’tirof etdi Yangiliklar guruhiga bergan intervyusida ayol tog‘asi uni qidirib topgani uchun rahmat aytgani haqida so‘zlab berdi.

Yetmish yil avval Oakland Tribune gazetasi maqolalarida politsiya, mahalliy harbiy baza askarlari, qirg‘oq qo‘riqlash xizmati va boshqa shahar xodimlari yo‘qolgan bolani keng miqyosda qidirilayotganlar safiga qo‘shgani haqida xabar berilgan. Maqolalarga ko‘ra, San-Fransisko qo‘ltig‘i va boshqa suv havzalari ham tekshirilgan. Uning akasi Rojyerni tergovchilar bir necha marta so‘roq qilishgan, biroq u boshiga ro‘mol o‘ragan ayol ukasini olib ketganini takrorlab, boshqa tafsilot qo‘sha olmagan.

Alekinning aytishicha, tog‘asi hali hayot bo‘lishi mumkinligi haqidagi dastlabki tasavvur 2020 yilda paydo bo‘lgan, u “shunchaki qiziqish uchun” onlayn DNK testidan o‘tgan. Test natijasi keyinchalik uning tog‘asi bo‘lib chiqqan erkak bilan 22 foiz o‘xshashlikni ko‘rsatgan. U o‘sha paytdagi qo‘shimcha qidiruv ishlari tog‘asidan hech qanday javob yoki munosabat keltirmaganini aytdi.

2024 yil boshida Alekin yana qidiruv ishlarini boshladi. Oklend jamoat kutubxonasiga tashrifi chog‘ida u Tribune maqolalari asosidagi mikrofilmlarni, jumladan, Luis va Rojyerning fotosuratini tomosha qildi, bu esa uni to‘g‘ri yo‘lda ekaniga ishontirdi. O‘sha kuniyoq u Oklend politsiyasiga murojaat qildi.

Oxir-oqibat tergovchilar DNK dalili muhimligini tan olgan va bedarak yo‘qolgan shaxs bo‘yicha yangi ish ochilgan. Hozir Oklend politsiyasi bedarak yo‘qolgan shaxs ishini yopgan, biroq ular odam o‘g‘irlash bo‘yicha tergov hamon davom etayotganini ta’kidlashmoqda.

Sharqiy sohilda yashayotgan Luis ham, uning singlisi (Alekinning onasi) ham DNK namunasini taqdim etdi.

20 iyunda tergovchilar Alekinning onasi yashaydigan uyga kelib, akasi topilganini aytishdi.

“Tergovchilar ketgunicha ko‘zyoshlarimizni tiydik”, — dedi Alekin. “Onamning qo‘llaridan ushlab, “Uni topdik” dedim. Juda hayajonda edim”.

24 iyunkuni FQB yordamida Luis oilasi bilan Oklendga keldi va Alekin, uning onasi hamda boshqa qarindoshlari bilan uchrashdi. Ertasi kuni Alekin onasi va tog‘asini Kaliforniyaning Stanislaus okrugida yashaydigan Rojyerning uyiga olib bordi.

“Ular uzoq vaqt bir-birlarini mahkam quchoqlab turdi. So‘ng o‘tirib, hayoti qanday o‘tgani haqida suhbatlashdi”, — dedi Alekin.

Luis sharqiy sohilga qaytib ketgan, ammo iyul oyida yana uch haftalik tashrif bilan kelgan. Shu tariqa u akasi bilan oxirgi marta diydorlashdi — Rojyer avgust oyida vafot etdi.

Alekinning aytishicha, tog‘asi OAVga intervyu berishni istamagan.

“Men uni topishga qat’iy ishonardim, kim biladi, mening hikoyam xuddi shunday vaziyatni boshdan kechirayotgan boshqa oilalarga yordam berishi mumkin”, — dedi u. “Ularga aslo taslim bo‘lmang, degan bo‘lardim”.

Ko‘proq yangiliklar: