Tailandda amaldor 10 yil ishga bormasdan maosh olib kelgani aniqlandi

Jahon 15:32 / 23.09.2024 6888

Tailandda hukumat amaldori o‘n yil davomida biror kun ham to‘liq ishlamasdan maosh va mukofotlar olganlikda ayblandi.

Ma’lum qilinishicha, amaldor Tailandning markaziy qismidagi Angthong provinsiyasida tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish departamentida ishlagan.

The Thaiger gazetasiga ko‘ra, u tungi klublarda qo‘shiq kuylashga mukkasidan ketgani sababli 10 yilga yaqin vaqt davomida davlat ishidagi o‘rnida ko‘rinmagan. Ta’kidlanishicha, amaldor kechasi ishlab charchagan, kunduzgi vaqtini esa uyda uxlab o‘tkazgan. Biroq u na ishdan bo‘shatilgan, na jarimaga tortilgan, aksincha maosh hamda mukofotlarni olishda davom etgan.

Vaqti-vaqti bilan uni ofisga chaqirib, hayfsan berishgan yoki rahbariyatning so‘roviga ko‘ra, kerakli hujjatlarni imzolatishgan. Aytishlaricha, tekshiruvlardan qochish maqsadida shunday usul qo‘llangan.

Amaldorning noqonuniy xatti-harakati hukumat qonunbuzarliklarini fosh etishga bag‘ishlangan Watchdog nomli Facebook forumida oshkor qilindi.

Mahalliy hukumat holatga hech qanday munosabat bildirmadi.

Ma’lumot uchun, korrupsiyaga qarshi yetakchi nohukumat tashkiloti Transparency International tomonidan e’lon qilingan 2023 yilgi Korrupsiyani o‘zlashtirish indeksida Tailand 100 balldan 35 ball to‘plab, 180 mamlakat orasida 108-o‘rinni egallagan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Tailandda respondentlarning 88 foizi hukumatdagi korrupsiyani jiddiy muammo deb biladi, davlat xizmatlari bilan hamkorlik qilganlarning 24 foizi esa o‘tgan yil davomida pora bergan.

Ko‘proq yangiliklar: