Eron prezidenti: Biz Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini hech qachon ma’qullamaganmiz

Jahon 21:42 / 23.09.2024 4032

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon o‘z mamlakati Rossiyani ballistik raketalar bilan ta’minlayotganini rad etdi. U Eron hech qachon Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamaganini aytdi. Bu haqda Pizishkiyon BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasida jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozdi The Guardian.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Ukrainadagi urush yuzasidan G‘arb davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqchi.

«Biz yevropaliklar va amerikaliklar bilan muloqot va muzokaralar olib borish uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyormiz. Biz hech qachon Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishini ma’qullaganimiz yo‘q», dedi u.

16 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Pizishkiyon Rossiyaga raketa yetkazib berilishi haqidagi savolga javob berar ekan, shunday dedi: «Ehtimol, ilgari ham bunday ta’minot bo‘lgandir. Lekin sizni ishontirib aytamanki, men lavozimga kelganimdan beri Rossiyaga bunday ta’minot bo‘lmagan».

Pizishkiyon Eron prezidenti lavozimiga 2024 yil 30 iyulda kirishgan edi.

Sentyabr oyi boshida The Wall Street Journal va CNN Eron Rossiyaga qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalarni topshirgani haqida xabar bergan edi. Britaniyaning The Times gazetasining yozishicha, Rossiya Erondan 200 dan ortiq ballistik raketa partiyasini olgan. Nashr keltirgan Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bular Fath-300 raketalari bo‘lib, uchish masofasi 110 kilometrga yetadi. Rossiya kemasi raketalarni 4 sentabr kuni Kaspiy dengizidagi portga yetkazgan.

Ko‘p o‘tmay AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berganini e’lon qildi. 10 sentabr kuni u Rossiya Erondan ballistik raketalar yuborilganini va yaqin haftalarda ulardan Ukrainaga zarba berish uchun foydalanilishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, o‘nlab rossiyalik harbiylar Eronda Fath-360 ballistik raketa tizimidan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Nosir Kan’oniy so‘zlariga ko‘ra, Tehron har doim Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroga chek qo‘yish tarafdori bo‘lib kelgan va Eron bilan Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning «Ukraina inqiroziga hech qanday aloqasi yo‘q».

Ko‘proq yangiliklar: