23 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:18 / 23.09.2024 6565

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining yangi rahbari, kambag‘al oilalarga bog‘ uchun yerlar, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziriga nisbatan ayblovlar va qayta tiklangan oltin eksporti — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘zgardi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilishda davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.

Kuni kecha imzolagan 2 ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 million odamni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi boshlanmoqda.

Bu dasturni amalga oshirish uchun Bandlik vazirligi faoliyatida keskin o‘zgarish qilib, yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangani ma’lum qilindi.

Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tadi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va Behzod Musayev unga rahbar etib tayinlanadi.

Kambag‘al oilalarga bog‘ uchun yerlar

Prezident raisligidagi yig‘ilishda kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun 50 ming gektar yer ajratish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hokimliklarga yana qo‘shimcha 50 ming gektar yer topish, ular negizida 200 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi.

So‘x, Baxmal, Pop, Ohangaron tumanlarida sanoatlashgan «in-vitro» bog‘lar yaratish tajribasini butun respublikaga yoyish zarurligi qayd etildi.

Bunda, «ipoteka bog‘lari» yaratilib, hosilga kirganidan keyin odamlarga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. Bog‘ yarataman, degan tadbirkorga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim bo‘ladi.

Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yib, shu yilning o‘zida 14 ming, kelgusi yil 29 ming gektarda mana shunday bog‘ va tokzorlar tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Sobiq vazirga qo‘yilgan ayblovlar

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarning bir qismi uning “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi sifatida ishlagan davriga ham bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi.

Talon-toroj qilingan kredit mablag‘lari, budjet pullari hamda davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 200 mlrd so‘mdan oshiq. Ayblov xulosasida Voitov bu ishlarni asosan kursdoshi, qaynotasi va boshqa yaqinlari orqali qilgani keltirilgan. 

Aziz Voitov 2017 yil 13 dekabrdan 2020 yil 11 martga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi, 2020 yil 8 iyuldan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi, 2022 yil 29 avgustdan 2023 yil 25 sentabrga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, u ushbu lavozimlarda ishlab kelib, o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyatlarga qo‘l urgan.

O‘zbekiston tashqi savdosida o‘sish

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-avgust oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

2024 yilning 8 oyida O‘zbekiston 1,15 mlrd dollarlik gaz sotib oldi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5,7 barobarga ko‘p. Gaz importining oshib borayotgani fonida tashqi savdoda Rossiyaga bog‘liqlik kuchayib boryapti.

Xususan, hisobot davridagi umumiy tashqi savdo aylanmasining 18,6 foizi Xitoy, 18,2 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bir necha oylik tanaffusdan keyin, avgust oyida oltin sotish qayta tiklandi. O‘tgan oyda qariyb 800 mln dollarlik oltin eksport qilingan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 42,7 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 17,34 mlrd dollar, import hajmi esa 25,36 mlrd dollar. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport 5,5 foizga, import 7,4 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 8 mlrd dollarga yetgan.

8 oyda 260 mingta yengil avtomobil

O‘zbekistonda 2024 yilning o‘tgan 8 oyida 260 ming 191 ta yengil avtomobillar ishlab chiqarilgan. Shundan eng ko‘p ishlab chiqarilgan avto Cobalt bo‘lib, 102 ming 52 donani tashkil etgan. Eng kam Haval avtosi ishlab chiqarilgan — 1390 dona.

2024 yilning yanvar-avgust oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni quyidagicha bo‘lgan:

- Cobalt — 102 ming 52 dona;

- Damas — 59 ming 545 dona;

- Tracker — 27 ming 454 dona

- Onix — 21 ming 607 dona

- Lacetti/Gentra — 12 ming 837 dona

- KIA — 12 ming 795 dona

- Cherry — 5 ming 190 dona

- Haval — 1390 dona

- Maxsus yengil avtomobillar — 17 ming 321 dona.

Ko‘proq yangiliklar: