«Tolibon» Qozonda o‘tkaziladigan BRIKS sammitida ishtirok etish uchun ariza berdi

Jahon 00:54 / 22.09.2024 5918

«Tolibon» oktyabr oyida Qozonda o‘tkaziladigan BRIKS sammitida ishtirok etish uchun Moskvaga ariza yubordi.

Ariza Rossiya prezidentining  yordamchisi Yuriy Ushakov nomiga Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy tomonidan yo‘llangan bo‘lib, unda afg‘on hukumatining sammitda ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.

«Biz sammitda yuqori darajadagi delegatsiya, jumladan, Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Birodar, men hamda boshqa qatnashchilar qatori ishtirok etishdan manfaatdormiz», — deyiladi xatda.

2021 yil avgust oyi boshida «Tolibon» afg‘on hukumat kuchlariga qarshi hujumni kuchaytirgan, 15 avgust kuni Kobulga kirib kelgan edi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida Amerika harbiylari himoyasida bo‘lgan Kobul aeroportidan G‘arb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilayotgan afg‘onlarni ommaviy evakuatsiya qilish amalga oshirilgan.

BRIKS — iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 2001 yilda britaniyalik iqtisodchi Jim Onil jahon iqtisodini o‘rganish jarayonida bir guruh katta davlatlarda iqtisodiy tizimli o‘sishga e’tibor berib, shartli ravishda BRIK deb ataydi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy). 2010 yilda bunga JAR qo‘shildi, bugun tashkilotda to‘qqizta davlat bor.

Avvalroq Myanma Qozonda o‘tkaziladigan BRIKS sammitida ishtirok etishga qiziqish bildirgani, ammo hozircha rasmiy taklif olmagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: