AQShdan o‘g‘irlangan va hanuz ishlab chiqarilayotgan «Buxanka»

Jamiyat 18:54 11400

Bugun ayrimlar tomonidan «Sovet davrida ishlab chiqarilgan texnikalar zo‘r, chidamli edi», degan gapni bot-bot eshitib qolamiz. To‘g‘ri, shunday bo‘lishi mumkin.

Biroq Yevropa, Amerika yoki Yaponiyadagi kompaniyalardan farqli ravishda SSSRda hech narsa tejalmagan. Xomashyolar ayovsiz tarzda ishlatilgan. Shu sababli ham turli texnikalar, ayniqsa, ularning kuzov qismi uzoq yillarga bardosh bergan.

Aslida, esa SSSRda ishlab chiqarilgan transportlar, ayniqsa turli yengil va yuk avtomobillari sovet konstruktorlarining o‘z loyihasi emas. Ularning qariyb barchasi boshqalardan o‘g‘irlanib, o‘zlashtirilib, ishlab chiqarilgan. Faqat ayrimlari uchun rasmiy ruxsat olingan.

Jumladan:

  • Ikkinchi jahon urushi tugagach Opel kompaniyasiga tegishli uskunalar Moskvaga ko‘chirib olib kelingan va Opel Kadett K 38 avtomobili «Moskvich» nomi bilan;
  • Ford B avtomobili M-1 (Stalinning safdoshi Molotov familiyasining bosh harfi qo‘yilgan) degan nomda;
  • Fiat kompaniyasining bir nechta avtomobil modellari «Jiguli» nomi ostida (o‘zaro hamkorlik doirasida);
  • AQSh Lend liz dasturi bo‘yicha SSSRga yordam tariqasida jo‘natgan Studebaker US6 hamda «Villis» avtomobillari keyinchalik GAZ va UAZ nomlari bilan;
  • Fiat-600 va NSU Prinz IV avtomobillari «Zaporojyets» nomi ostida;
  • Ford Falcon avtomobili «Volga» GAZ-24 nomi bilan ishlab chiqariladi.
Amerikaliklarning Ford Falcon va sovetlarning Volga GAZ+24 avtomobillari

Sovetlar ayrim modellarni xorijliklar qanday ishlab chiqargan bo‘lsa o‘sha ko‘rinishda tayyorlashgan. Ayrimlariga kichik o‘zgartirishlar kiritishgan.

Bugun yuqorida nomlari keltirilgan avtomobillar ishlab chiqarilmaydi. Aniqrog‘i, ular 1991 yil SSSR parchalanib ketguncha tayyorlangan. So‘ng ishlar to‘xtab korxonalar inqirozga uchragan.

2014 yilda Rossiya Ukraina sharqiga qo‘shin kiritdi, Qrim egallab olindi. Shundan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan sanksiyalar e’lon qila boshladi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin uyushtirdi va uning katta hududlarini bosib oldi. Bunga javoban xalqaro hamjamiyat va G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan ko‘plab sanksiyalar e’lon qildi.

Oqibatda G‘arb kompaniyalari birin-ketin Rossiyadan chiqib keta boshladi. Chiqib ketganlar orasida ko‘plab avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bor edi.

Shu tariqa Rossiya avtomobil bozorida tanqislik yuzaga keldi. Bugun Rossiya bu taqchillikni Xitoy avtomobillarini sotib olish va bir paytlar sovet davrida tayyorlangan avtomobillarni qayta ishlab chiqarish evaziga qoplashga urinmoqda.

UAZ-450

Jumladan, 1974 yilda ishlab chiqarilgan «Niva» hamda 1960-yillarda ishlab chiqarilgan va xalq orasida «Buxanka» deb atalgan UAZ-450 avtomobili ham bor.

UAZ-450 ham xorijliklardan o‘g‘irlanib ishlab chiqarilgan va uning ko‘rinishi qolipli nonga o‘xshab ketgani uchun xalq uni «Buxanka» deb atagan. Bugun shu avtomobilga to‘xtalamiz.

«Buxanka» tarixi

Nomi UAZ-450 bo‘lgan bu avtomobilning tarixi o‘tgan asrning 50-yillariga borib taqaladi. Sovetlar AQSh «Lend liz» dasturi bo‘yicha jo‘natgan Studebaker US6 yuk avtomobilini Gorkiydagi avtozavodda yig‘a boshlashadi va unga GAZ-51 deb nom berishadi.

Shu tariqa yuk mashinalar taqchilligi muammosi bartaraf etiladi. Biroq oldinda kamroq yuk ko‘tara oladigan kichik o‘lchamdagi yuk mashinalarini ishlab chiqarish muammosi ko‘ndalang bo‘lib turgandi.

O‘sha paytlarda sovetlarda 2-3 tonna yuk ko‘tara oladigan kichik yuk avtomobillari yo‘q edi. 1955 yilda Ulyanovskdagi avtozavodga ana shunday avtomobillarni tayyorlash vazifasi yuklatiladi.

Zavod rahbarlari yangi avtomobillarini o‘sha paytda «Villis» bazasi asosida tayyorlanayotgan GAZ-69 avtomobili bazasida ishlab chiqarishga qaror qilishadi. Biroq kichik hajmli yuk avtomobillarini ishlab chiqarish uchun GAZ-69 ning o‘zi yetarli emasdi.

Shu sababli ular bu muammoni ham xorijdan avtomobil loyihasini o‘zlashtirib, hal qilishga qaror qilishadi. Yevropa va Amerika kompaniyalari ishlab chiqarayotgan bir qancha modellar ko‘rib chiqiladi va AQShning Willys Motors kompaniyasida tayyorlanadigan Jeep Forward Control avtomobili tanlab olinadi.

Jeep Forward Control

Bu avtomobilning tanlanishi bejizga emasdi. Jeep Forward Control avtomobilining o‘zagi amerikaliklarning Lend liz dasturi bo‘yicha jo‘natgan «Villis» bilan qariyb bir xil edi.

Sovetlar Jeep Forward Control avtomobilini o‘zlashtirishadi va GAZ-69 bazasida yangi avtomobil ishlab chiqarish harakatini boshlashadi. «Buxanka»ning birinchisi 1958 yilda konveyerdan chiqadi. Unga UAZ-450 deb nom berishadi.

Yangi avtomobil amerikaliklarning Jeep Forward Control avtomobili bilan qariyb bir xil qilib ishlab chiqarilgan, sovetlar uning dizayniga jiddiy o‘zgartirishlar kiritmagandi.

Biroq o‘sha paytda, undan oldin va undan keyin ham sovetlar G‘arb avtomobillarini o‘zlashtirgani uchun amerikaliklar yoki yevropaliklar inday olishmagan.

Chunki SSSR intellektual mulk va mualliflik huquqi bo‘yicha ish olib boradigan xalqaro tashkilotlarning birortasini tan olmas va tap tortmasdan turli mahsulotlarni o‘zlashtiraverardi.

Jeep Forward Control avtomobili bilan ham shunday bo‘ladi va o‘zlashtirilgan avtomobil uchun hech kim da’vo qila olmaydi. Zero da’vo qilingan taqdirda ham buning nafi bo‘lmasdi.

Yuqorida Jeep Forward Control, pastda UAZ-452 avtomobillari

«Buxanka»ning turli rusumlari

Sovetlar uzoq yillar mobaynida Ulyanovskdagi zavodda «Buxanka»ning o‘nlab rusumlarini ishlab chiqarishadi. Jumladan:

  • UAZ-450 - furgon;
  • UAZ-450A – sanitar avtomobili;
  • UAZ-450B – shtab sifatida foydalaniladigan mikroavobus;
  • UAZ-450V – Mikroavtobus;
  • UAZ-450D – Ikki kishilik kabinaga ega kichik yuk mashinasi;
  • UAZ-450I – Oziq-ovqat tashish uchun mo‘ljallangan maxsus avtomobil;
  • UAZ-450IO – Chorvachilikda foydalaniladigan avtomobil;
  • UAZ-450P – Sinov tariqasida chiqqan tirkamali avtomobil;
  • UAZ-450EM – Aeroflot uchun maxsus elektromobil tayyorlanadi.

UAZ-450 – «Buxanka»ning og‘irligi 1650 kg, uzunligi 4300 millimetr bo‘lgan. Avtomobil uch bosqichli mexanika uzatish qutisiga ega bo‘lgan va to‘rtta g‘ildiragi ham torta olgan.

UAZ-450D avtomobili

Yangilangan «Buxanka»

1965 yilda «Buxanka» biroz yangilangan ko‘rinishda ishlab chiqariladi va unga UAZ-452 deb nom beriladi. Bu turdagi kichik yuk avtomobillari va sanitar mashinalari o‘zidan avval ishlab chiqarilgan UAZ-450 dan aytarli farq qilmasdi. Faqat tashqi va ichki ko‘rinishda ozgina o‘zgarishlar qilingandi.

Xuddi UAZ-450 da bo‘lganidek, UAZ-452 ham turli modellarda ishlab chiqariladi. Jumladan:

  • UAZ-452 – furgon ko‘rinishda;
  • UAZ-452A – sanitar avtomobil;
  • UAZ-452V – 10 o‘rindiqli yo‘lovchi tashish transporti;
  • UAZ-452D – Ikki o‘rindiqli kichik yuk mashinasi;
  • UAZ-452T – Yoqilg‘i tashuvchi avtomobil;

Bundan tashqari, bu avtomobilning UAZ-452T-M, UAZ-452T-M2, UAZ-452T-M3, UAZ-452T-11 va UAZ-452G modellari ham ishlab chiqarilgan va ulardan turli maqsadlarda foydalanilgan.

UAZ-452

1985 yilda UAZ-452 yangilanadi va bu safar avtomobilning turli modellari turlicha nomlanadi. Jumladan:

  • furgon ko‘rinishidagisi - UAZ-3741;
  • ikki o‘rindiqli kichik yuk avtomobili – UAZ-3333;
  • ikki o‘rindiqli yana bir modeli – UAZ-330362;
  • kichik yo‘lovchi tashuvchi mikroavtobus – UAZ-2206;
  • sanitar avtomobili – UAZ-3962;
  • qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun chiqarilgani – UAZ-3909;
  • harbiylar uchun chiqarilgan sanitar avtomobili – UAZ-3909i;
  • yong‘inga qarshi kurashda foydalanilgani – UAZ-390945-903 nomlari bilan atalgan.
UAZ-3962

UAZ-450 bazasida ishlab chiqarilgan boshqa avtomobillar

O‘z vaqtida SSSRda joylashgan boshqa avtomobilsozlik korxonalari ham UAZ-450 bazasida turli avtomobillar ishlab chiqargan. Jumladan:

  • Chelyabinskdagi teatr jihozlari ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan 1972-1976 yillar mobaynida Chelyabinets-452 DK nomli avtomobillaridan 500 dona;
  • Krasnodar mexanika zavodida Kubanets-U1A va KubanetssK-2-08 kichik yuk tashuvchi avtomobillari, Kubanets-U1K avtoklubi, Kubanets TSK-2-01 yo‘lovchi tashuvchi mikroavtobusi;
  • AvtoKuban korxonasida Madaniyat vazirligi uchun KMZ-T12.02 avtomobillari;
  • Perm vagon qurish zavodida TSK-T-12-02 furgoni;
  • Chernigov maxsus transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonasida – Desna va Desna-2M avtomobillari;
  • Dog‘istonda «Kaspiyets» nomli miroavtobuslar;
  • Oltoy o‘lkasidagi Pavlovsk shahrida joylashgan avtota’mirlash zavodida «Yermak» nomli maxsus avtomobillar;
  • «Zaslon» nomli zirhlangan avtomobillar va boshqa transportlar ishlab chiqarilgan.
KMZ-T12.02

«Buxanka»ga qayta umr bergan urush

SSSR parchalanib ketgach Rossiya avtomobilsozlik sanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirdi. Avvaliga xorijdan oldin foydalanilgan avtomobillar arzon narxlarda kirib keldi.

Keyinroq esa G‘arb davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreyadagi yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalari Rossiyada o‘z korxonalarini ochib, yangi avtomobillar ishlab chiqara boshlashdi.

Shuningdek, VAZ korxonalarida Fransiyaning Reno kompaniyasi bilan hamkorlikda bir necha xil avtomobil tayyorlashga o‘tildi. Qisqasi, Rossiya bozorida avtoishqibozlar xohlagan har qanday mashinalar bor edi.

Biroq barchasi 2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng o‘zgarib ketdi. G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan ko‘plab iqtisodiy sanksiyalar joriy qilishdi.

Oqibatda, xorijiy davlatlardan kelib Rossiyada avtozavod ochgan kompaniyalar birin-ketin bu davlatdan chiqib keta boshladi.

Ko‘p o‘tmay Rossiyada ko‘plab avtozavodlar yopildi va mamlakat avtomobil bozorida katta taqchillik yuz berdi. Bundan foydalangan Xitoy kompaniyalari Rossiya bozoriga kirib keldi.

Moskvadagi avtosalonlardan birida turgan Xitoy avtomobillari

Ana shunday taqchillik davrida rossiyalik avtomobilsozlar 1960-70-yillarda tayyorlangan va keyinchalik ishlab chiqarishdan olib tashlangan ayrim avtomillarni qayta yig‘ishni boshlashadi.

1974 yilda ishlab chiqarilgan Niva va ilk bor 1958 yilda konveyerdan chiqqan UAZ-450 mashinalari ham bor. Bir so‘z bilan aytganda rossiyaliklar xalq tilida «Buxanka» deb nomlanuvchi bu mashinani ishlab chiqarishga majbur bo‘lishyapti. Chunki uning muqobili sanksiyalar tufayli xorijdan kelmayapti.

Asosan avtomobilsozlik haqida yozuvchi rossiyalik jurnalist Sergey Tsiganovga ko‘ra, Rossiya aynan Ukrainaga bostirib kirishi ortidan boshlangan urush tufayli «Buxanka»ni qayta ishlab chiqarishga majbur bo‘lmoqda.

«Agar 2022 yil 24 fevraldagi voqealar yuz bermaganda UAZ mashinalari umuman ishlab chiqarilmasdi. Bu mashinalar savdo loyihasi jihatdan eskirib bo‘lgan va xaridorlarda unga qiziqish yo‘q. Qiziqish paydo bo‘lgan taqdirda ham juda tez rivojlanayotgan Xitoy avtomobil sanoati yaqin orada uning zamonaviy muqobilini ishlab chiqaradi. Bunga shubha yo‘q. Balki xitoyliklar Rossiyaga kelib, UAZ korxonasida o‘zining shu turdagi avtomobilini ishlab chiqarar. Yaqinda Ulyanovsk gubernatori shu haqda gapirdi», deydi Sergey Tsiganov.

2024 yilda ishlab chiqarilgan yangi "Buxanka"

Ayrim mutaxassislarning fikricha hatto xitoyliklar Rossiyada UAZning o‘rniga uning zamonaviy muqobilini ishlab chiqarsa ham bu mashina tayyorlanaveradi.

Chunki Rossiyada infratuzilma juda yomon va mamlakatning juda ko‘plab qishloqlarida to‘rtta g‘ildiragi ham birday tortadigan UAZga talab katta. Shuningdek, u harbiylarga ham asqatib qolishi mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: