Xitoyda ilk bor pandalarning «qayta dasturlashtirilgan» ildiz hujayralari olindi

Jahon 20:24 / 21.09.2024 2144

Xitoylik tadqiqotchilar pandalarning qayta dasturlashtirilgan biriktiruvchi to‘qima hujayralaridan ilk bor to‘laqonli ildiz hujayralarni olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Science Advances jurnalida chop etilgan maqolada so‘z boradi.

Qayd etilishicha, qayta dasturlashtirilgan ildiz hujayralar tanadagi turli to‘qimalarga, jumladan, jinsiy hujayralarga ham aylanishga qodir. «Bu ulardan noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarni, jumladan, pandalarni ham qutqarib qolish imkonini beradi», — deyiladi tadqiqotda.

Mazkur yangilik Guanchjoudagi Regenerativ biologiyaning asosiy laboratoriyasi ilmiy xodimi Lyu Tszin boshchiligidagi molekulyar biologlar guruhi tomonidan amalga oshirildi. Ular yirik pandalardagi fibroblastlarning to‘liq qayta dasturlashtirilgan ildiz hujayralariga aylantirish bo‘yicha tajribalar o‘tkazgan.

Tadqiqotchilarning aytishicha, hozirda molekulyar biolog va ekologlarning bir nechta guruhi qirilib ketgan yoki yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarning ildiz hujayralarini o‘stirish imkonini beradigan texnologiya ustida ish olib bormoqda.

Olimlar yirik pandalarning fibroblastlarini EBV virus genlaridan birining modifikatsiya versiyasi yordamida qayta ishlash orqali ildiz hujayralar olish mumkinligini aniqlagan. U o‘z navbatida to‘rtta — OCT4, SOX2, LIN28A va SALL4 genni faollashtiradi. Panda hujayrasiga mazkur DNK zanjirining kiritilishi va maxsus ozuqa muhiti bir necha hafta ichida to‘laqonli ildiz hujayralarning paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

Qayta dasturlashtirilgan fibroblastlar bilan o‘tkazilgan birinchi tajribalar shuni ko‘rsatganki, ular ko‘plab bo‘linish davrlarida barqaror bo‘lib qoladi va shu bilan birga, ular bambuk ayiqlarining har qanday hujayralari va to‘qimalariga aylanishga qodir.

Ko‘proq yangiliklar: