X ijtimoiy tarmog‘i Braziliyadagi yuridik vakilini tayinladi

Jahon 09:38 / 21.09.2024 1111

X ijtimoiy tarmog‘i Reychel de Oliveyra Konseysauni Braziliyadagi qonuniy vakili etib tayinladi. Bu haqda 20 sentabr, juma kuni Ilon Maskning mamlakatdagi platformasi advokatlari Andre Zonaru va Serjio Rozental tomonidan ma’lum qilindi. Shunday qilib, kompaniya Braziliya Federal oliy sudi sudyasi Aleshandre de Moraesning mamlakatda faoliyatini davom ettirish talablaridan birini bajardi.

Braziliyada X ijtimoiy tarmog‘i bloklanishi

Avgust oyi oxirida sudya Aleshandre de Moraes Milliy telekommunikatsiya agentligiga X ijtimoiy tarmog‘ining butun mamlakat bo‘ylab faoliyatini to‘xtatishni buyurdi. Bunga kompaniyaning Braziliyadagi qonuniy vakilini 24 soat ichida tayinlash talabini bajarishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Braziliyada X'dan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni chetlab o‘tishga harakat qilinsa, foydalanuvchilar kuniga 50 000 real (taxminan 8 000 yevro) jarimaga tortilishi mumkin. Platformani blokirovka qilish qarori butun mamlakat bo‘ylab ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Braziliyada X ofisining yopilishi

X ijtimoiy tarmog‘i avgust oyi o‘rtalarida Braziliyadagi vakilini chaqirib oldi va mamlakatdagi vakili qo‘lga olinishidan qo‘rqib, ofisini yopdi. Avvalroq X rahbariyati Braziliya rasmiylari talabiga binoan bir qator foydalanuvchilarning, shu jumladan sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘ng qanot partiyasi bilan bog‘liq qonun chiqaruvchilarning akkauntlarini bloklashdan bosh tortgan edi.

Sudya de Moraesning so‘zlariga ko‘ra, o‘chirib tashlanishi kerak bo‘lgan akkauntlar orqali yolg‘on va noqonuniy ma’lumotlar tarqalgan. O‘z navbatida, Ilon Maks sudyani senzurada aybladi.

Ko‘proq yangiliklar: