Shimoliy Koreyaga qochib o‘tgan amerikalik askar sharmandalarcha armiyadan haydalgani ma’lum bo‘ldi

Jahon 20:43 / 21.09.2024 6988

Janubiy Koreyadan KXDRga qochib o‘tgan amerikalik askar Trevis King uyiga qaytishdan oldin bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani va sharmandalarcha armiyadan haydalgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi BBC.

Oddiy askar King 2021 yil yanvardan beri armiyada xizmat qilib kelgan va bo‘linmalar rotatsiyasi doirasida Janubiy Koreyaga yuborilgan. 2023 yil iyulda AQSh armiyasi Kingga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha 14 ta ayblov e’lon qilgandi. U ayblovlarning faqat beshtasi, jumladan, dezertirlik va hujum bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan.

Advokatlarning nashrga ma’lum qilishicha, 24 yoshli askar jazo muddatini o‘tib bo‘lib, ozodlikka chiqqan. Sud eshituvi davomida King harbiy sudyaga AQSh armiyasidan «noroziligi» sabab qochganini bildirgan.

«Men AQSh armiyasidan qochib ketishni va hech qachon ortga qaytmaslikni xohladim», — degan King sud zalida. Shuningdek, u o‘ziga ruhiy salomatligida muammolar bo‘yicha kasallik tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgan.

Kingning advokati Franklin Rozenblatt bayonot berib, o‘z mijozi sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha barcha ayblovlarni tan olishini bildirgan va King «hayoti davomida ko‘plab muammolarga, jumladan, og‘ir tarbiyada, kriminal muhitda» ulg‘ayganini qo‘shimcha qilgan.

«Mazkur omillarning barchasi u armiyada duch kelgan qiyinchiliklarni yanada chuqurlashtirib yuborgan», — deydi Rozenblatt.

King KXDR bilan chegarani kesib o‘tgunga qadar Janubiy Koreyada fuqarolarga hujum uyushtirish va politsiya mashinasiga oyog‘i bilan shikast yetkazishda ayblanib, qamoqda o‘tirgan.

Trevis 10 iyulda — mamlakatning Pxenyan bilan chegarasini kesib o‘tishidan sakkiz kun oldin ozod qilingan. Kingni AQShga olib kelish bo‘yicha muzokaralar shvetsiyalik amaldorlar vositachiligida amalga oshirilgan bo‘lib, natijada askar Shimoliy Koreyaning Xitoy bilan chegarasiga yetkazilgan.

Sobiq askarning advokatiga ko‘ra, uning mijozi ozodlikka chiqqaniga qaramay, «jamiyatning salbiy munosabati» va King qamoqda o‘tkazgan muddat «u umrining oxirigacha chidashi kerak bo‘lgan davomiy jazoning bir qismidir».

Ko‘proq yangiliklar: