Rossiyada «chet el agentlari»ni kadrlar zaxirasiga kiritish taqiqlandi

Jahon 10:49 / 21.09.2024 1725

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «chet el agenti» maqomiga ega shaxslarni Rossiya Federatsiyasi davlat organlarining kadrlar zaxirasiga kiritishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Rossiya Federatsiyasi normativ-huquqiy hujjatlari veb-saytida e’lon qilingan ushbu hujjat haqida 20 sentabr, juma kuni bir nechta rus tilidagi ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Gap 2017 yil 1 martdagi 96-sonli «Federal davlat organining kadrlar zaxirasi, federal hududning davlat hokimiyati organi kadrlar zaxirasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonga o‘zgartirishlar kiritish haqida bormoqda. Rossiya Federatsiyasida Putin farmonni imzolagan paytdan boshlab kuchga kirgan yangi qoidalar «chet el agentlari», shuningdek, Rossiya fuqaroligini yo‘qotgan yoki boshqa davlat fuqaroligi yoki chet elda yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslarni davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritishni taqiqlaydi.

«Chet el agenti» maqomiga ega rossiyaliklarning huquqlarini cheklash

«OVD-Info» onlayn-nashri rossiyaliklarga «chet el agenti» maqomida ta’sir ko‘rsatadigan boshqa cheklovlarni eslatdi: «2022 yil noyabr oyida Davlat dumasi «chet el agentlari» deb tan olingan shaxslar uchun bir qator cheklovlar to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qildi. Unda «chet el agenti»ning davlat va kommunal xizmatda, prokuraturada va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar sifatida, bojxona organlarida, Federal jazoni ijro etish xizmatida, Tergov qo‘mitasida, «FSB»da, «SVR»da ishlashi taqiqlangan». Rossiya Federatsiyasi prezidentining 19 sentabrdagi farmoni ushbu cheklovlarni kengaytiradi.

Rossiyada «chet el agenti» maqomi 2012 yildan beri mavjud. U 2017 yildan ommaviy axborot vositalariga, 2020 yildan esa jismoniy shaxslarga berila boshlandi. «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshida Rossiyada «chet el agentlari» reyestriga 760 ga yaqin shaxs va tashkilotlar kiritilgan.

Yagona federal kadrlar zaxirasi Rossiyada 2024 yil yanvar oyida tashkil etilgan. «U 2017 yildan beri mavjud bo‘lgan idoraviy tizimlarni bekor qilmaydi», deb eslatadi «Fontanka» internet nashri.

Ko‘proq yangiliklar: