O‘zbekiston Polsha bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 18:25 / 21.09.2024 1885

Polshaning Tibbiy mahsulotlari, tibbiy jihozlar va biotsid mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish idorasi prezidenti Gjyegoj Chesak boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov bilan o‘tkazilgan uchrashuv yakunida hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishilgan yo‘nalishlardagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar rejasidan iborat bo‘lgan yo‘l xaritasi imzolangan.

«Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik va tartibga soluvchi organlar o‘rtasida ma’lumot almashish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishdilar», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 19 sentabr kuni O‘zbekistonda «O‘zbek-polyak hamkorlik haftaligi» boshlangan bo‘lib, u 25 sentabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Polsha farmatsevtika sanoati uyushmasi prezidenti Kshishtof Kopets boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda tashrifdan maqsad O‘zbekistonda Polpharma Group va Adamed kabi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat ekani aytilgan edi.

 

Ko‘proq yangiliklar: