Scandinavian Airlines (SAS) aviakompaniyasi reyslaridan biri sichqon sabab avariyaviy qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘ldi, deb xabar beradi BBC.
Ma’lum qilinishicha, samolyot Norvegiya poytaxti Oslodan Malagaga (Ispaniya) uchayotgan bo‘lgan va Kopengagenda (Daniya) avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgan. Aviakompaniya vakili Oysteyn Shmidtning so‘zlariga ko‘ra, kemiruvchi xavfsizlikka tahdid tug‘dirgani uchun havo kemasi kompaniya tartib-qoidasiga muvofiq yo‘nalishini o‘zgartirgan.
Reys yo‘lovchilari keyinroq Malagaga boshqa bir samolyotda yetkazilgan.
Qayd etilishicha, aviakompaniya odatda samolyot bortiga kemiruvchilarning yaqinlashishiga qattiq turadi, chunki ular elektr simlarini kemirib tashlashi mumkin. «Bu kamdan kam hollarda ro‘y beradi. Bunday vaziyatlar uchun tegishli qoidalarimiz bor bo‘lib, uning doirasida mazkur holat qaytarilmasligi uchun yetkazib beruvchilar bilan birga tekshiruvlar olib boriladi», — deydi Shmidt.
Guvohlardan birining aytishicha, sichqon yonida o‘tirgan yo‘lovchi ayolning ovqat qutisi ichidan chiqqan. Vaziyat vahima qilarli darajada bo‘lmagan va odamlar «umuman stressga tushmagan».