Halok bo‘lgan «Hizbulloh» qo‘mondonlari, Telegram’ni cheklayotgan Ukraina va Rossiyadagi migrantlar - kun dayjesti

Jahon 13:48 / 21.09.2024 4110

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Bayrutga zarbasi

Isroil armiyasi 20 sentabr, juma kuni Livan poytaxti Bayrut shahriga «yuqori aniqlikdagi» raketa zarbalarni berdi. Zarbalar dronlar yordamida amalga oshirilgani aytilmoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, hujum nishoni «Hizbulloh»ning yuqori martabali vakili bo‘lgan.

Times of Israel guruhning sara bo‘limi katta qo‘mondoni Ibrohim Oqil o‘ldirilgani haqida xabar berdi. Avvalroq AQSh rasmiylari u haqidagi ma’lumot uchun 7 mln dollar mukofot e’lon qilgan edi, chunki Vashingtonga ko‘ra, u 1980-yillarda Livandagi amerikalik asirlarni garovga olish va Bayrutdagi AQSh elchixonasini portlatishda ishtirok etgan.

Isroil tomonining bildirishicha, aviazarba natijasida «Radvan» maxsus bo‘linmasi yetakchisi Ibrohim Oqil bilan birga «Hizbulloh»ning 10 ga yaqin qo‘mondonlari o‘ldirilgan.

«Al-Jaziyra» telekanalining Livan sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib xabar qilishicha, hujum natijasida 12 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida yosh bolalar ham bor. Yaradorlar soni 66 kishiga yetgan. Ularning 9 nafarining ahvoli juda og‘ir.

Livan shikoyat qiladi

Livanning turli hududlarida peyjyerlar va ratsiyalar portlashi oqibatida qurbonlar soni 37 kishiga yetgan. Livan sog‘liqni saqlash vaziri Firas al-Ebyadning ma’lum qilishicha, yaradorlar soni 600 dan ziyod va ularning 61 nafari qritik ahvolda.

Livan Tashqi ishlar vazirligi Isroil ustidan peyjyer va ratsiyalarning portlatilishi yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashiga shikoyat qiladi.

«Vazir Abdulloh Buhabib kiberterrorchilik hujumi yuzasidan BMT xavfsizlik kengashi va Livanning BMTdagi doimiy vakilligiga shikoyat yo‘llash topshirig‘ini berdi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Tashqi ishlar idorasi bo‘lgan voqeani «Isroil tomonidan begunoh livanliklarga qarshi sodir etilgan harbiy jinoyat», deb atagan.

Falastindagi vaziyat

Dunyo afkor ommasining e’tibori Livandagi voqealarga qaratilgani bilan, Isroil G‘azo sektorida va okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohilda zulmni bas qilgani yo‘q.

Isroil samolyotlari G‘azodagi turar joylarga zarba berishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi va ko‘plab falastinliklar yaralandi.

Falastinning WAFA agentligi xabariga ko‘ra, zarba G‘azo munitsipal istirohat bog‘i yonida joylashgan Ebulhatal va Ziyarat oilalari uylariga maqsadli berilgan.

Shuningdek, Isroil kuchlari G‘azoning janubiy-sharqiy qismidagi bir necha bino, «Nusayrat» qochqinlar lageriga ham hujum qilgani aytilmoqda. Biroq ehtimolli qurbonlar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

G‘arbiy sohilda esa Jyenin shahriga Isroil armiyasining reydlari natijasida 2 falastinlik halok bo‘ldi.

Voqea guvohlarining aytishicha, Isroil harbiylari Qabatiya shaharchasida reyd o‘tkazib, falastin oilasi istiqomat qiladigan uyni qamal qilishgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi 7 oktyabrdan buyon okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohildan 716 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ularning 10 nafari ayollar va 160 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Ko‘rsatib o‘tilgan muddatda 5750 kishi yaralangan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi esa G‘azoda halok bo‘lgan insonlarning to‘liq ro‘yxatini yasadi.

649 sahifalik hisobotda 2023 yilning 7 oktyabridan 2024 yilning 31 avgustigacha 34 mingdan ortiq o‘lim holatlari, jumladan halok bo‘lganlarning ismi, nasabi, yoshi va pasport ma’lumotlari batafsil keltirib o‘tilgan.

Ukrainaga yordam

AQSh kelgusi haftada Ukraina uchun yirik harbiy yordam paketini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda CNN.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu paket so‘nggi yetkazib berilgan yordamlarga nisbatan ancha salmoqli bo‘ladi. Unga artilleriya o‘q-dorilari, zenit raketalari va jang olib borish uchun zarur boshqa qurol-yarog‘lar kiritiladi.

Biroq tahlilchilar Pentagon omborlarida qurol-yarog‘ yetishmovchiligi tufayli cho‘zilib ketishi mumkinligini aytishmoqda.

Davlat budjeti bilan bog‘liq og‘ir vaziyatga qaramay, Germaniya yil oxirigacha Ukraina uchun yana 400 mln yevro ajratadi.

Germaniya moliya vazirligi Bundestagdan Kiyevga zudlik bilan ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha harbiy yordamni ma’qullashni so‘radi, deb yozadi AFP.

Hujjatda Mudofaa vazirligi Kiyevga qo‘shimcha yordam zarurligi, shuningdek, Ukrainadagi murakkab vaziyatni qayd etgan. Mablag‘lar maxsus «mudofaa sanoatidan harbiy texnika sotib olish» uchun ishlatilishi kerak, degan Germaniya moliya vazirligidagi parlament davlat kotibi Florian Tonkar.

Ukrainada Telegram’ga taqiq

Ukrainada harbiylar, maxsus xizmatdagilar va davlat xizmatchilariga Telegram messenjeridan foydalanish cheklandi.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha milliy koordinatsion markaz davlat hokimiyati organlari, harbiylar, xavfsizlik va mudofaa sektori xodimlari, shuningdek, kritik infratuzilma operatori bo‘lgan korxonalarda Telegram messenjeridan foydalanishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bu Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Facebookʼdagi sahifasida e’lon qilingan.

O‘tkazilgan yig‘ilishda kengash kotibi Oleksandr Litvinenko milliy xavfsizlikni mustahkamlash va kibermuhitda tahdidlarga samarali qarshi kurash uchun kuchlarni birlashtirish muhimligini aytgan.

Yig‘ilishning asosiy mavzusi Telegram messenjeridan foydalanish milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otayotgani muhokamasi bo‘lgan.

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovning qayd etishicha, Rossiya maxsus xizmatlari Telegram foydalanuvchilarining shaxsiy yozishmalarini, jumladan, o‘chirib yuborilgan yozishmalarini ham o‘qiy oladi, shaxsiy ma’lumotlariga ulana oladi.

«Men doim so‘z erkinligini yoqlab kelganman, biroq Telegram masalasi faqat so‘z erkinligi masalasi emas, bu milliy xavfsizlik masalasi hamdir», — degan Budanov.

Budanovning qayd etishicha, gap Telegram’da ma’lumot almashinuvni cheklashi haqida bormoqda, davlat idoralarining rasmiy axborot kanallari qolaveradi.

Ukraina Qrim haqida

Qrim statusi muhokama qilinmaydi yoki murosa predmeti sifatida ishlatilmaydi, deya bayonot bergan Ukraina tashqi ishlar vazirligi.

Vazirlik mamlakat hududiy yaxlitligi «hech qachon munozara va murosa predmeti bo‘lmagani va bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan.

«Ukraina tomonda bizning mudofaa kuchlarimiz, hamkorlarimiz, BMT Nizomi va xalqaro huquq turibdi. Qrim — bu Yevropa xavfsizlik arxitekturasining og‘irlik markazidir. Uning to‘laqonli tiklanishi Ukrainaning butun hududi, jumladan Ukraina yarimoroli to‘liq deokkupatsiya qilinganidan so‘nggina imkonli bo‘ladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Ukraina TIVdagilarning qayd etishicha, «Rossiyani xalqaro huquq va BMT Nizomini hurmat qilishga majburlash, Ukrainaning suveren hududidan o‘z qo‘shinlari va qurol-yarog‘larini olib chiqib ketishi, hududiy yaxlitlik tiklanishi hamda Rossiyani Ukrainaga qarshi agressiyasi va boshqa barcha jinoyatlari uchun jazoga tortish» uchun Kiyev hamkorlarining kelgusida ham qat’iy qo‘llab-quvvatlashini kutayotgani qayd etilgan.

Rossiyadagi migrantlar

Rossiyadagi eng ko‘p mehnat muhojirlari O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilindi.

RF ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatda 1,8 mln nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bor. Tojikistonning esa 1,2 mln fuqarosi Rossiyada ishlamoqda. Ikki mamlakatdan kelgan ishchilar Rossiyadagi jami migrantlarning qariyb yarmini tashkil qilmoqda.

Rossiya federatsiyasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-polkovnik Aleksandr Gorovoy Kommersant nashriga bergan intervyusida mamlakatdagi migrantlar soniga to‘xtalib o‘tdi.

Vazirlikka ko‘ra, Rossiyada 6,1 mlndan ortiq chet elliklar bo‘lib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan kelgan. Statistikaning barcha ustunlari eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari ekanini ko‘rsatmoqda.

2024 yilning 8 oyida Rossiyaga 1 mln 880 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borgan. Mamlakatdan chiqib ketganlar soni esa 1,5 mln kishidan oshadi. Shu bilan birga 1 mln 792 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ayni vaqtda Rossiyada ishlamoqda.

Keyingi o‘rinda 1,2 mlndan ortiq tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada bo‘lib turganini ko‘rish mumkin.

Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi bordi-keldi munosabatlari mlndan oshgan bo‘lsa-da, ayni vaqtda Rossiya bo‘lib turgan qozog‘istonliklar soni nisbatan kamroq – 609 ming kishi. Markaziy Osiyoning yana bir davlati — Qirg‘izistonning 262 mingdan ortiq fuqarosi Rossiyada bo‘lib turibdi.

Rossiyada bo‘lib turgan qariyb yarim million xitoyliklar ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda.

Rossiyada 739 mingga yaqin noqonuniy migrantlar ham bor. Ularning asosiy qismi ham O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarboyjon fuqarolari.

Ko‘proq yangiliklar: