Farg‘onada dori vositalarini qalbakilashtirayotgan yashirin sexlar aniqlandi

Jamiyat 13:51 / 21.09.2024 2430

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanida dori vositalarini qalbakilashtirayotgan yashirin sexlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va viloyat DXX xodimlari hamkorligida Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Unda xonadonlardagi yashirin sexlarda bir necha nomdagi dorilar qalbakilashtirilayotgani fosh qilingan.

Xususan, dorixonalarda qiymati 7 mingdan 26 ming so‘mga qadar bo‘lgan “Kaspargin”, “Piratsetam”, “Deksamitazon”, “Askorbin kislotasi” kabi ampula shaklidagi dori vositalarining yozuvi, qadog‘i va yorliqlari o‘zgartirilib, ampulalarni esa bo‘yash orqali dorixonalardagi qiymati 70 mingdan 200 ming so‘mgacha bo‘lgan “L-Lizin Essinat”, “Tiotsetam”, “Midokalm”, “Retobolil”, “Diprospan” va “Aktovegen” kabi dorilar nomiga o‘zgartirilgan.

Ekspertiza dori vositalari qalbakilashtirilgani, ularning muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagani va saqlash sharoitlariga amal qilinmaganini tasdiqlagan.

Tezkor tadbirlar davomida yashirin tsehda aniqlangan dorilarning umumiy qiymati 89 mln so‘mni tashkil etgan. Agar ular qalbakalashtirish orqali savdoga chiqarilganida 625 mln so‘mgacha sotilishi mumkinligi qayd qilingan. 

Ushbu ishni qilgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Oldinroq Namanganda uyidagi yashirin sexda qalbaki dori ishlab chiqargan feldsher va uning sheriklari, jami  6 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. Ular “Anaferon”, “Zodak”, “Vitamin V6” va “Xilak Forte” kabi dori vositalarini qalbaki usulda tayyorlagan

Ko‘proq yangiliklar: