«Arsenal» noqulay «Etihad»ga boradi, Konte «Yuve»ga qarshi, Milan va Istanbulda derbi - uikend o‘yinlari anonsi

Sport 15:04 / 21.09.2024 2966

YuVeNTUS – NAPOLI (21 sentabr, 21:00)

Shubhasiz, A Seriyaning eng markaziy o‘yinlaridan biri. «Napoli» o‘tgan mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan bo‘lsa-da, hozirgisi boshqa – Antonio Konte faktorining o‘zi ham neapolliklarning jiddiy ambitsiyasidan darak beradi. Jamoa mavsumni Veronadagi yirik mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyin o‘ziga keldi. Qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozondi. «Napoli» hozirda faqat «Torino» va «Udineze»dan orqada – «Torino» bir o‘yin ko‘proq o‘ynab bo‘ldi, «Udineze»ni esa bu turda «Roma» maydoniga safar kutib turibdi. Demak, agar «Napoli» g‘alaba qozonsa, shu haftadayoq turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqib oladi.

«Yuventus» ham uzoqda emas, raqibi bilan faqat bir ochko ajratib turibdi xolos. Turinliklar ham agar g‘alaba qozonishsa, 1-o‘ringa chiqib olish imkoniga ega. E’tiborlisi, «Napoli»dan farqli ravishda Motta shogirdlari hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, umuman, hali birorta ham to‘p o‘tkazib yubormagan kuchli beshlikdagi yagona jamoa hisoblanadi. Mavsumni bir xil – 3:0 hisobidagi ikki g‘alaba bilan boshlagan «Yuventus» qatorasiga ikki o‘yinda golsiz durangga imzo chekdi. Ammo Chempionlar Ligasida PSV bilan o‘yinda yana 3 golli rejimga qaytildi – 3:1. Darvoqe, «Yuventus»ning hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida o‘ynagani mehmonlarga qo‘l kelishi mumkin. «Napoli»ning bu mavsum yevrokuboklarda qatnashmasligi chempionatda Kontega ustunlik beradigan muhim faktorlardan biriga aylanishi ham hech gap emas.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, so‘nggi yillarda «Napoli»ning biroz ustunligini ko‘rishimiz mumkin. Chempionlik mavsumida «Napoli» har ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan bo‘lsa, o‘tgan yili «Yuventus» faqat Turindagi o‘yinni minimal hisobda o‘z foydasiga hal qildi. Umuman, aynan Turinda kechgan oxirgi 3 o‘yinda faqat bir marta mezbonlar g‘alaba qozonganini e’tirof etish lozim.

Tarkiblar borasida ikki tomonda ham deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Arkadiush Milik «Yuventus»ga o‘zinining sobiq jamoasiga qarshi bahsda yordam bera olmaydi. Shuningdek, mezbonlarning yangi xaridi Fransishku Konseysauda ham kichik jarohat bo‘lib, yana kamida ikki hafta maydonga qayta olmasa kerak. Har ikki jamoa oxirgi 5 o‘yinda 9 tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Demak, bu o‘yindan ham ko‘proq gol kutishga haqlimiz.

FeNeRBAHChe – GALATASAROY (21 sentabr, 22:00)

Odatda, kuchli beshlikdan tashqaridagi o‘yinlar haqida batafsil to‘xtalmaymiz, ammo bu — boshqa masala. Gap faqat Turkiya darajasidagi eng katta o‘yinning bo‘lib o‘tishida ham emas. E’tibor bering, Tadich, Fred, Suyunju, Sen-Maksimen, An-Nosiri, Jyeko, Amrabat, Under, Tosun, Muslera, Torreyra, Mertens, Batshuayi, Sanches, Osimhen – sanalganlarning hammasi Turkiya Superligasining markaziy o‘yinida maydonga tushishi mumkin. Axir bu nomlar avvalroq tilga olingan A Seriya markaziy o‘yini qatnashchilaridan ham jarangliroq emasmi?

«Fenerbahche»ga Joze Mourinioning kelgani ham bu safargi derbiga o‘zgacha muhit taqdim etsa ajab emas. Gap shundaki, «Fenerbaxche» so‘nggi besh yilda Turkiya chempionatida eng ko‘p ochko to‘plagan, gol urgan, g‘alaba qozongan jamoa sanaladi. Lekin qizig‘i, «sariq-qoralar» shu besh yilda birorta ham sovrin yutmagan. Bunday anomallikni bartaraf qilish uchun esa Joze Mourinio ayni muddao. Zero portugaliyalik murabbiy musobaqalarga strategik yondashishni, aynan kerakli o‘yinlarda g‘alaba qozonishni yaxshi biladi. «Fanerliklar» bu safargi mavsumga o‘zgacha umidlar bilan qarayotgani bejiz emas.

Turnir jadvalidagi holat doimgidek: «Galatasaray» besh o‘yindan so‘ng yuz foizlik natija ko‘rsatgan holda peshqadam bo‘lib turibdi. «Fenerbahche»da shuncha o‘yindan bir durang bor – demak, har qanday g‘alaba mezbonlarni turnir jadvalida 1-o‘ringa olib chiqadi. Shu o‘rinda atigi bir durang o‘ynagan, ammo bir o‘yin kam o‘tkazgan uchinchi dev – «Beshiktosh»ni ham unutmaslik kerak.

Yuqorida derbida qatnashadigan yulduzlarni sanaganimizda Mauro Ikardining yo‘qligi ajablantirgan bo‘lishi mumkin. Argentinalik hujumchi shu oy boshida jarohat olgandi va kamida bir oyga safdan chiqqan. Mezbonlardan nigeriyalik himoyachi Osayi-Samuel sheriklariga yordam bera olmaydi.

MANCheSTeR SITI – ARSeNAL (22 sentabr, 20:30)

Nafaqat turning, Angliyadagi mavsumning markaziy o‘yinlaridan biri biroz noo‘rin vaqtga to‘g‘ri kelganini e’tirof etish kerak. Ayniqsa, mehmonlar safida jarohatlanganlarning yetarli ekani, ayniqsa, Edegorning yo‘qligi kuchlar muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. So‘nggi vaqtlarda Artetaning yangi qirralari ochilmoqda. Uni endi nafaqa Pepga, balki Mourinioga ham qiyoslashyapti. Gap shundaki, «Arsenal» o‘zi muammolarga duch kelishi mumkin bo‘lgan katta o‘yinlarda o‘ta himoyaviy o‘ynashdan, o‘z uslubidan voz kechishdan chekinmayapti. O‘tgan mavsum «Etihad»dagi o‘yin esingizda bo‘lsa kerak, londonliklar butun o‘yin davomida himoyalanishdan master-klass o‘tib, o‘z maqsadiga erishgan, Artetaning qo‘lyozmalari hatto «Real»ga ham foyda berib, madridliklar Chempionlar Ligasida «Siti»ni dog‘da qoldirgandi. Bu turnir nuqtayi nazaridan majbur bo‘lingan reja emas, «Arsenal»ning «arsenali»dagi muhim qurol ekanini o‘tgan turda «Tottenhem»ga qarshi bahsda guvohi bo‘ldik. Edegordan tashqari, Deklan Rayssiz ham qolgan «Arsenal» shimoliy derbida juda sifatli himoya qurg‘oniga ega bo‘ldi va standart vaziyatdan urilgan gol evaziga g‘alaba qozondi. G‘irt Joze Mourino uslubi.

Lekin bu safar Pep Gvardiola ham durangga uncha qarshi bo‘lmasligi mumkin. Ayni damda ehtiyotkorlik muhim ekanini jamoa «Inter»ga qarshi o‘yinda ham namoyish qildi. Har holda «Manchester Siti» turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi, durang ham jamoaga o‘sha o‘rinda qolishga imkon yaratadi. Tavakkal qilish ko‘proq «Arsenal»ga ehtiyoj, qarshi hujumda esa, ayniqsa, bu mavsumda Erling Holand qanchalik xavfli ekanini ko‘rmoqdamiz. Jarohatlar borasida «Siti»da ham jiddiy yo‘qotish bor – Kevin de Bryuyne «Inter» bilan o‘yinda maydonni erta tark etgandi. Pep Gvardiola yakshanba kungi o‘yinga belgiyalik futbolchi tayyor bo‘lishini aytib o‘tgan bo‘lsa-da, katta ehtimol yetakchining sog‘lig‘i bilan tavakkal qilinmaydi va u zaxira o‘rindig‘idan joy olsa kerak. Kevindan tashqari mezbonlarda Natan Ake, mehmonlarda esa Zinchenko, Tirni, Tomiyasu kabi himoyachilarda jarohat bor. Lekin Arteta o‘zi uchun optimal himoya to‘rtligini topib olgandek, zero Timber so‘nggi o‘yinlarda ancha ishonchni oqlamoqda. Yangi transfer bo‘lmish Mikel Merino yana bir oydan keyin tiklanadi.

Yana bir muhim jihat — «Manchester Siti» o‘z o‘yinini chorshanba oqshomida o‘z maydonida o‘tkazdi. «Arsenal» esa bir kun keyin safarda «Atalanta»ga qarshi o‘ynadi. Bir kun ortiqcha dam olish kuni, buning ustiga londonliklar uchun o‘yin ancha qiyinroq kechganini e’tiborga olsak, mezbonlarda jismoniy tomondan ustunlik bo‘lishi ham tabiiy.

Yuqorida eslab o‘tilgan durang «Arsenal»ning «Etihad»da oxirgi 8 yildagi ilk ochkosi edi. Umuman so‘nggi yillarda bu stadion «Arsenal» uchun eng omadsizi sanaladi. Jamoa oxirgi marta Manchesterda 2015 yilda «ko‘klar» ustidan g‘alabaga erishgan. U paytda Arteta «Arsenal» safida futbolchi sifatida to‘p surardi, Pep Gvardiola esa «Bavariya»ni boshqarib yurardi.

INTeR – MILAN (22 sentabr, 23:45)

Klassik futbol ixlosmandlarini hafta yakunida Milan derbisi kutib turibdi. Albatta, ijrochilar saviyasi, tarkibdagi nomlar borasida ayni damdagi derbi asr boshlaridagi, butun Yevropani ekran qarshisiga mixlagan davrdan ancha farq qiladi, ammo muxlislar o‘sha-o‘sha, kamida o‘sha muhitni bemalol sizga va’da berishlari mumkin. Buning ustiga, «Milan»ning Chempionlar Ligasidagi alamli mag‘lubiyati hech bo‘lmasa chempionatda nimanidir isbotlashga undaydi. Ayniqsa, bu o‘yin Fonseka uchun muhim. Muxlislar yillar davomida Piolidan norozi bo‘lib kelishdi va Milanning qizil tarafiga ham o‘z tanish uslubiga ega bo‘lgan zamonaviy murabbiyni orzu qilishdi. Fonseka nomdor bo‘lmasa-da, aynan shu talabga qisman javob beradi. Ammo mavsum starti ko‘ngildagidek kechmayapti – milanliklar dastlabki uch turni ikki durang va bir mag‘lubiyat bilan boshlashdi. Nihoyat «Venetsiya» bilan o‘yinda yirik g‘alaba, «Liverpul» darvozasiga tezkor gol Fonsekaning o‘z o‘yinini topganiga ishora qilayotgan edi. Lekin «Liverpul»ga qarshi o‘yinning qolgan daqiqalari so‘nggi yillardagi «Milan»ning eng yomon o‘yini bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Hatto Fonsekaning iste’fosini talab qilayotganlar paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, hali iste’fo haqida gapirishga erta, ammo agar Milan derbisida ham ijobiy chizgilar sezilmasa, bunday fikrlar yanada ko‘payishi va keraksiz bosim xalaqit berishni boshlashi mumkin. Bunday jarayon oqibatda iste’fo bilan tugashi sir emas.

«Inter» esa, albatta, favorit. Jamoa bir necha yildan beri bir murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanib kelmoqda va har tomonlama mukammal uslubga ega. Ayniqsa, taktik jihatdan Indzagi uslubi yashayotganini Manchesterdagi uchrashuvda ham guvohi bo‘ldik. So‘nggi 15 daqiqani aytmasa, «Inter» juda salobatli ko‘rindi. Uzoq yillardan beri Gvardiola darvozasiga bir bo‘limdayoq 10 marotaba zarba bera olgan ilk jamoaga aylandi. A Seriyada ham ishlar joyida — agar «Napoli» va «Yuventus» o‘yinida neapolliklar g‘alaba qozona olishmasa, «Inter» shu turdayoq turnir jadvalida peshqadam bo‘lib olishi mumkin. U joydan jamoani tushirish nihoyatda qiyin ekanini oxirgi mavsumlardan yaxshi bilamiz. Xullas, har tomonlama juda farqli sharoitda bo‘lgan va farqli jarayonlarni boshdan kechirayotgan ikki jamoaning to‘qnashuvi neytral muxlislar uchun ham o‘ta qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.

BOShQA O‘YINLAR

21 sentabr. Vest Hem – CheLSI (16:30), Verder – BAVARIYa (18:30), Fulhem – NYuKASL (19:00), ASTON VILLA – Vulverhempton (19:00), LIVeRPUL – Bornmut (19:00), TOTTeNHEM – Brentford (19:00), Kristal Pelas – MYu (21:30), ReAL – Espanol (23:55), Reyms – PSJ (23:55)

22 sentabr. BAYYeR – Volfsburg (18:30), Shtutgart – BORUSSIYa D (20:30), ROMA – Udineze (21:00), Vilyarreal – BARSeLONA (21:30), Rayo Valekano – ATLeTIKO (23:55)

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: