Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen 20 sentabr kuni Kiyevga keladi. Bu haqda fon der Lyayyen 19 sentabr, payshanba kuni Bryusselda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashrif davomida u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Yevropa Ittifoqidan Kiyevga qo‘shimcha to‘lovlarni taqsimlash tafsilotlarini muhokama qilmoqchi. 160 million yevro miqdoridagi mablag‘ mamlakat energetika tizimini mustahkamlash va qishga tayyorlash uchun mo‘ljallangan. «Harorat pasaygani sari Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyor, biz qishga birgalikda tayyorlanyapmiz», — deya ta’kidladi fon der Lyayyen.
Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga ajratilgan 160 million yevroning 60 millioni issiqlik punktlarini tartibga solish va boshqa gumanitar ehtiyojlarga, qolgan 100 millioni esa Rossiya armiyasi hujumlaridan zarar ko‘rgan issiqlik elektr stansiyalarini tiklash va Ukraina hududida yangi quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishga yo‘naltiriladi. Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar bir qismi Rossiyaning Yevropa Ittifoqida muzlatilgan aktivlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Ukraina energetika tizimi kelayotgan qishga tayyor emas
Kelgusi qish Ukraina energetika infratuzilmasi uchun Rossiyaning mamlakat energetika obektlariga davom etayotgan hujumlari tufayli eng jiddiy sinov bo‘ladi. 19 sentabr kuni Bryusselda taqdim etilgan Xalqaro energetika agentligi (XEA) hisobotiga ko‘ra, qishda energiya ta’minoti taqchilligi olti gigavatt (GVt)ga yetishi mumkin, bu Daniyaning yillik eng yuqori talabiga teng.
XEA hisobotiga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda Ukrainaning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati qariyb yarmi Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan, vayron qilingan yoki jiddiy shikastlangan. Agentlik Yevropa davlatlarini Kiyevni shikastlangan energetika obektlarini tiklash uchun zarur asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar bilan ta’minlashga hamda joriy qish mavsumida Ukrainaga elektr va gaz yetkazib berishni ko‘paytirishga chaqirdi.