Livandagi aloqa va elektron qurilmalarning ommaviy portlashlari tinch aholiga muqarrar va jiddiy zarar yetkazilishi sababli qabul qilinishi mumkin emas, deyiladi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning 18 sentabr, chorshanba kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotida.
Bunday hujumlardan maqsad, Borrelning fikricha, Livanda terror urug‘ini ekishga urinishdir. «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkning voqeani baholashiga qo‘shilaman va mustaqil tergov o‘tkazishga chaqiraman», dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari hamda Yevropa Ittifoqi «tinchlikni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganini qilishda davom etishi»ni qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Livanda «Hizbulloh» peyjyer va ratsiyalari portlashi
Ikki kun davomida butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» jangchilari foydalanadigan peyjyerlar, ratsiyalar va radiostansiyalarning katta portlashlari sodir bo‘ldi. Umuman olganda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, gadjetlar portlashlari oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 3500 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Rasmiy Bayrut va «Hizbulloh» harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. U qilgan ishlari uchun «loyiq jazo» olishiga va’da berildi. Reuters manbasining ta’kidlashicha, peyjyerlar Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda - pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar «Mossad» akkumulyatorlar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.