«Barsa» o‘yinida sensatsiya, «Arsenal»ni darvozabon qutqardi. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 02:13 / 20.09.2024 12943

«Barselona» oldingi YeChLni ham chetlatish bilan tugatgandi, yangisini ham shunday boshladi

«Monako» — «Barselona» 2:1
Gollar:
Akliush (16), Ilenkihena (71) — Yamal (28). 
«Monako» – Ken, Vanderson, Salisu, Kerer, Singo, Kamara (Golovin, 46), Zakariyo, Ben-Segir (Kayo Enrike, 70), Minamino (Balogun, 70), Akliush, Embolo (Ilenikhena, 59).
«Barselona» – ter Stegen, Balde (Fati, 88), Martines, Kubarsi (Ferran Torres, 79), Kunde, Erik Garsiya, Kasado, Pedri (Torre, 83), Rafinya, Yamal (Martin, 80), Levandovski (Dominges, 80).
Ogohlantirishlar: Ben-Segir (29), Kamara (36), Martines (75), Kasado (85), Balde (85), Zakariyo (90+2). 
Chetlatish: Garsiya (10).

Kataloniyaliklar mavsumni ajoyib boshladi — la liganing dastlabki besh turida besh g‘alabaga erishib, 17 gol urildi. Bosh murabbiy Hans Flik mavsumlar oralig‘ida futbolchilarni kuchli yuklamalar bilan jismonan chiniqtirdi va jamoa mavsum startida raqiblarni faolligi va pressing bilan shunchaki bo‘g‘ib qo‘yib, natijalarga erisha boshladi.

Ammo «Monako» bilan o‘yinga qadar zaif nuqtalar ham paydo bo‘ldi. Masalan, maydon markazida Kasado — Pedri juftligi kuchliroq bosim ostida qanday holatda bo‘lishi noma’lum edi, lekin jarohatlar tufayli Flikda boshqa variant ham yo‘q edi. Olmo ham ikki oyga safdan chiqib, nima uchun shu qadar iste’dodga ega bo‘laturib, 26 yoshiga qadar biror top-klubga o‘tmaganini ko‘rsatib qo‘ydi. Flik bu vaziyatga yechim topdi — Pedri «o‘nlik» pozitsiyasiga ko‘tarildi, tayanch zonasida Kasadoga aslida markaziy himoyachi bo‘lgan Erik Garsiya joylashdi. Qolgan pozitsiyalarda — syurprizlar yo‘q edi.

«Monako» ham mavsumni yaxshi boshlagan — liga 1 mavsumi startida uch g‘alaba va bir durang qayd etib, turnir jadvalida peshqadam «PSJ»dan ikki ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinda bormoqda. Bu jamoa ham «Barsa» kabi tarkibida yosh iste’dodlar to‘la bo‘lgan va pressingga urg‘u qaratadigan harakatchan jamoa.

Va ilk daqiqalardan «Monako» ikkinchi raqam ostida harakat qilishga qarshi emasligi ko‘rinib turdi. Kataloniyaliklar o‘z odatiga ko‘ra to‘pga egalik qildi va to‘p raqibdaligida pressingga kirishdi, maydon egalari Ben Segirning qarshi hujumlari bilan javob berdi, bu hujumlar Kubarsi va ter Shtegen tomonidan bartaraf etildi. Ammo 10-daqiqada barchasi o‘zgarib ketdi — «Barselona» sardori va darvozaboni jarima maydonidan chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, u ikki qanotda bo‘sh sheriklari turganiga qaramay, raqib tomonidan yopilgan Garsiyaga to‘p uzatdi, u esa o‘ziga bosim qilgan Takumi Minaminoga fol ishlatishga majbur bo‘ldi. Avvaliga hakamning to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatishi bahsli qarordek ko‘ringandi, ammo videotakrorda unda buning uchun asos yetarli bo‘lgani aniq ko‘rindi.

«Barsa» YeChLning o‘tgan mavsumi pley-off bosqichidagi kabi dahshatli ssenariyga tushib qoldi, o‘shanda ham «PSJ»ga qarshi o‘yin boshidayoq Arauxo yo‘q joydan qizil olgandi va jamoa parchalanib ketgandi. Ko‘k-anorranglilar qisqa paslar bilan o‘ynashda davom etishdi, monegaskliklar esa shiddatli pressing uyushtirdi va vaziyat ortidan vaziyat yuzaga kela boshladi. Flikning baxtiga uning jamoasi bu oraliqda birgina gol o‘tkazish bilan qutuldi (aslida ikkita, ammo ikkinchi gol ofsayd tufayli bekor qilindi). Akliush chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi va to‘pni yaqin burchakka aniq yo‘naltirdi. Bu «Monako»ning Chempionlar ligasida 2018 yildan buyon urgan ilk goli bo‘ldi.

«Monako» birinchi bo‘limda zarbalar bo‘yicha yaqqol ustunlik qildi – 10:2 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 5:1), ammo raqib tarkibida Yamal borligida bunday ustunlik ham foyda bermaydi. Lamin o‘ng qanotda yakkakurashda ustun kelib to‘pga ega chiqdi va navbatdagi raqibni yo‘ldan olib, chap oyog‘ida qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Uchrashuvdagi ikkinchi keskin burilish mehmonlarni o‘yinga qaytardi — ular to‘pni ishonch bilan o‘zida saqlab tura boshladi va hatto yaxshi hujumlar uyushtirildi. «Monako» esa to‘p nazoratiga shoshilmadi va kataloniyaliklarning maydonning uchinchi qismidagi xatos qilishini poyladi. Bu ish berdi va bo‘lim oxirlariga borib ter Shtegen pas bilan chiqish o‘rniga to‘pni uzoqlarga tepib yubora boshladi.

Adi Hyutter yangi futbolchilarni tushirish orqali o‘yin sur’atini kuchaytirishga qaror qildi va 70-daqiqada to‘rttalik almashtirish amalga oshirdi. Va bu ish berdi — maydonga chiqqan Ileniken qarshi hujumga chiqib ketdi va ter Shtegen bilan yakkama-yakka vaziyatda darvozabonga imkon qoldirmadi. U «Monako» safida YeChLda gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi, 18 yoshli Ileniken bu borada kimsan Kilian Mbappeni ortda qoldirdi.

O‘yin oxirida «Monako» yana bir necha xavfli yurishlar amalga oshirdi, hatto Balogun penalti ishladi, ammo arbitr VAR aralashuvidan keyin qarorini o‘zgartirdi. «Barsa»da ham bir necha bor yaxshi hujumlar boshladi, ammo hujumlar davomida keskinlik yuzaga kelmadi — kamchilik bo‘lgan holatda va kuchli zaxirasiz buning imkoni ham yo‘q edi.

«Monako» mavsumda ikkinchi bor kataloniyaliklarni mag‘lub etdi (avvalgisi Gamper kubogi doirasida 3:0 hisobida qayd etilgandi) va raqibning besh uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasiga barham berdi. Ammo bu o‘yin uchun «Barselona» futbolchilarini koyib bo‘lmaydi — ko‘k-anorranglilarning YeChLga qaytishi ham oxirgi tark etishi kabi bo‘ldi: o‘yinni o‘zlari buzib qo‘yishdi.

O‘yin yakuniga kelib «Monako» zarbalar berish bo‘yicha «Barsa»dan besh baravar ustunlik qildi (18:4, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 8:1) va raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan oqilona foydalandi.

Virsning ajoyib premerasi

«Feyyenoord» — «Bayyer» 0:4
Gollar:
Virts (5, 36), Grimaldo (30), Vellenroyter (45, avtogol). 
«Feyyenoord» – Vellenroyter, Hansko, Belen, Trauner (Mitchell, 72), Lotomba (Haj-Musa, 61), Timber, Zerruki (Smal, 46), Hvan In Bom, Milambo (Najye, 75), Payshao (Ueda, 61), Ximenes.
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Virts (Aleish Garsiya, 72), Terre (Adli, 72), Grimaldo (Belosyan, 80), Frimpong, Andrix, Jaka (Palasios, 81), Bonifase (Shik, 62).
Ogohlantirish: Trauner (43)

Chempionlar ligasi — oldingi kuchli mavsumdan keyin ham yana bir yilga Leverkuzenda qolgan «Bayyer» futbolchilari uchun muhim stimul edi. Ular qit’aning asosiy turnirida birgalikda o‘ynashini barcha muxlislar kutishgandi. Ular boshqa jamoada qanday ko‘rinishi noma’lum, hozirda esa  ikki lateral — Frimpong va Grimaldo — bir-birini ko‘zini yumgan holda ham to‘g‘ri tushunadi va gollarni qalashtirishadi, ular samaradorlik borasida faqat Virs kabi ijodkor futbolchidangina ortda qoladi. Nima bo‘lganda ham u o‘zgacha iqtidorga ega futbolchi va YeChLdagi debyuti kunida ikki gol urgan ilk nemis futbolchisiga aylandi.

Rotterdamdagi to‘lib-toshgan stadion esa tanaffusgacha chuqur shok holatiga tushdi. Darvozabon Vellenroyterning qo‘pol xatosidan keyin tablodagi hisob 0:4 ko‘rinishiga keldi, «Feyyenoord» Yevropa arenalarida bunday sharmanda qilinmaganiga ancha vaqt bo‘lgandi. Dastlabki 45 daqiqa yakunlariga ko‘ra xuddi shunday hisoblar 1965 va 1983 yillarda — mos ravishda «Real» va «Tottenhem» klublariga qarshi o‘yinlarda qayd etilgandi. Lekin bu o‘yinda niderlandlar ilojsiz holatda emasdi. Faqat Habi Alonsoning ajoyib sport formasidagi jamoasi fonida kuchsizroq ko‘rindi. Qolaversa, mezbonlarning ikki goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo bu protokolda qayd etilmaydi.

Belgradda turklar kuni

«Tsrvena Zvezda» — «Benfika» 1:2
Gollar:
Milson (86) — Oqturko‘g‘li (9), Ko‘kchu (29).
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Sol Yon U, Spayich, Jiga, Mimovich (Dalsiu, 27), Elshnik, Krunich (Ilich, 82), Olayinka (Milson, 71), Ivanich, Mvumpa, Bruno Duarte (Ndiayye, 71).
«Benfika» – Trubin, Alvaro Fernandes, Otamendi, Antoniu Silva, Ba (Kabore, 37), Ko‘kchu (Barreyro, 88), Florentinu, Di Mariya (Beste, 88), Oqturko‘g‘li, Rolheyser (Eursnes, 56), Pavlidis (Amduni, 88).

Yozgi transferlar doirasida xarid qilingan Karim Oqturko‘g‘li «Benfika»da yaxshi o‘ynab ketdi. Birinchi zarbasidayoq hisobni ochgan vinger faoliyatida ikkinchi bor qatorasiga uch o‘yinda gol urdi. Keyin esa estafeta tayog‘ini Turkiya milliy jamoasidagi sherigi Kekchuga uzatdi. U esa Lissabonda ancha vaqtdan buyon o‘ynaydi, ammo faqat endigina «burgutlar» muxlislari u jarima zarbasidan ham gol ura olishiga guvoh bo‘lishdi. Ushbu havbek bu ishni bungacha faqat «Feyyenoord» tarkibida amalga oshirgandi.

«Tsrvena Zvezda» esa o‘z muxlislari hafsalasini pir qildi. Gap natija haqida bormoqda, chunki belgradliklar jon kuydirib o‘ynashdi. Jamoaga Hvan In Bomning yo‘qligi bilindi, u parallel o‘yinda yangi klubi — «Feyyenoord» safida o‘ynayotgandi. Yozda jamoaga kelib qo‘shilgan, tajribali Krunich esa hozircha yetakchiga aylana olmagan. O‘yin oxirida Milson intrigani qaytardi. Ammo amalda bu hech narsani o‘zgartirmadi — «Zvezda» asosiy yevrokubokda qatorasiga beshinchi bor mag‘lubiyatga uchradi, jamoa turnirda 11 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti.

Italyancha kompleks

«Atalanta» — «Arsenal» 0:0
Aniq ijro etilmagan penalti:
Retegi (51). 
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Hin, Jimsiti, de Ketelare (Kuadrado, 60), Lukman (Samarjich, 89), Rujyeri (Pashalich, 89), Zappakosta (Bellanova, 70), Ederson, de Ron, Retegi (Zaniolo, 70).
«Arsenal» – Rayya, Timber (Kalafiori, 73), Gabriel, Saliba, Uayt, Rays, Parti (Jorjino, 58), Haverts, Martinelli, Jyezus (Trossar, 58), Saka (Sterling, 73).
Ogohlantirish: Ederson (12).

Kunning markaziy bahsi bo‘lishi kutilgan Bergamodagi o‘yin muxlislar ishonchini oqlamadi. Birinchi bo‘lim voqealarga boy bo‘lmadi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Parti jarima maydoniga yorib kirgan Edersonni qo‘pollik bilan to‘xtatdi. Va Rayyaning yulduzli onlari boshlandi. Ispaniyalik posbon Retegining «nuqta»dan yo‘llangan zarbasini qaytardi — gazondan ko‘tarilishga ulgurib, argentinalikning takroriy zarbasiga ham sakrashga ulgurdi. Bu bilan birinchi turdagi eng yaxshi seyv masalasi ham yopildi.

«Arsenal»da Rayya har ikkinchi 11 metrlik zarbani qaytarmoqda (sakkiztadan to‘rttasini)! «Kanonirlar»ning maydondagi vakillari esa kutilgan o‘yinni namoyish eta olishmadi. Bu ko‘proq Gabriel Martinelliga taalluqli, u tarozi pallasini mehmonlar tomonga og‘dirishi mumkin edi, ammo uning qulay pozitsiyadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘sin ustidan o‘tib ketdi. Ammo, bu jamoaning qandaydir  kompleksiga ham o‘xshab ko‘rinmoqda, chunki londonliklar Italiyadagi o‘yinlarda qatorasiga to‘rtinchi bor gol ura olishmayapti. Ammo o‘sish ham yo‘q emas, chunki Apennin orollariga oxirgi tashrif mag‘lubiyat bilan yakunlangandi.

«Atletiko» — 1966 yildagi kabi

«Atletiko» — «Leypsig» 2:1
Gollar:
Grizmann (28), Ximenes (90) — Sheshko (4). 
«Atletiko» – Oblak, Reynildu, Ximenes, Le Norman, Grizmann (Vitsel, 90+2), Korrea (Molina, 66), Rikelme (Lino, 62), Koke, De Paul (Gallaher, 63), Lorente, Alvares (Syorlot, 63).
«Leypsig» – Gulachi, Raum, Lukeba, Orban, Henriks (Poulsen, 70), Simons (Elmaz, 83), Vermeren (Zayvald, 60), Aydara, Nusa (Baumgartner, 46), Sheshko (Gertryuyda, 70), Openda.
Ogohlantirishlar: Le Norman (10), Lukeba (39), Baumgartner (49), Ximenes (60), De Paul (60), Henriks (64), Openda (90+4). 

«Atletiko» YeChLda o‘zi uchun eng tezkor gollardan birini o‘tkazib yubordi, 4-daqiqada Oblak Opendaning zarbasini qaytarganidan keyin to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Sheshko hisobni ochdi. «Matraschilar» esa yaqqol vaziyatlarda ham to‘pni darvoza to‘riga kirita olishmadi. Faqat birinchi bo‘lim o‘rtalariga borib Liorente jarima maydoniga pas uzatganidan keyin Grizmann to‘pni gazonga cho‘pchitib yo‘llagan holda raqib darvozabonini dog‘da qoldirdi. Va durang hisob bu o‘yin uchun mantiqiy yakun bo‘lishi mumkin edi, ammo Diyego Simeone jamoasi o‘z odatiga ko‘ra raqibni so‘nggi daqiqalarda taslim etdi. «Matraschilar» tom ma’noda 90-daqiqani kutishdi, shundan keyin Grizmanning namunali uzatmasi Ximenes bosh bilan gol urishiga olib keldi. Faxriy futbolchi «Atletiko»ga asosiy yevrokubokdagi klub rekordini takrorlashda yordam berdi: madridliklarda olti uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya 1966 yildan buyon kuzatilmagandi.

Tarix uchun g‘alaba

«Brest» — «Shturm» 2:1
Gollar:
Magnetti (23), Sima (56) — Fernandesh (45+1, avtogol).
«Brest» – Bizot, Amavi, Kulibali, Shardonne, Lala, Manetti, Fernandesh (Dumbiya, 72), Kamara (Marten, 71), Fevr (Del Kastiyo, 62), Sima, Ajork.
«Shturm» – Sxerpen, Lavale, Vyutrix (Jonston, 10), Ayvu, Gazibegovich, Gorens-Stankovich, Beving, Kiteyshvili (Kamara, 78), Xorvat (Yalkuyye, 46), Jatta (Zvonarek, 60), Biret (Yardimchi, 78).
Ogohlantirishlar: Xorvat (21), Jonston (22), Sima (36), Lavale (40), Gorens-Stankovich (59), Kamara (64), Gazibegovich (83), Ajork (85).
Chetlatish: Lavale (89).

«Monako» «Barselona» bilan jang qilayotgan pallada Chempionlar ligasida Fransiyaning boshqa bir klubi «Brest» debyut qildi. Bu jamoaga monegaskliklarnikiga qaraganda osonroq raqib tushgandi, ammo turnirda oson o‘yin bo‘lmaydi. Mezbonlar uchun tarixiy golni urgan Magnettiga (u bungacha so‘nggi sakkiz mavsumda atigi to‘rt bor raqiblar darvozalarini ishg‘ol etgandi) «Shturm» bo‘limning oxirgi daqiqasida javob qaytardi va avtogol yuzaga keldi. Ammo fransuzlar ikkinchi bo‘limda ustunlikni o‘ziga qaytardi, Sima yiqilaturib aniq zarba yo‘lladi va Gengamdagi stadionda yig‘ilganlarni oyoqqa turg‘azdi.

Gap shundaki, 121 yillik tarixga ega bo‘lgan klubning uy arenasi turnir talablariga javob bermaydi. UYeFA inspeksiyasi tribunalardagi o‘n besh ming o‘rindiqdan faqat uchdan bir qismini yaroqli deb topgan, shu tufayli muxlislar YeChL uchun 111 kilometr masofaga safar qilishiga to‘g‘ri kelgan. Lekin bu masofa — tarixga kirish imkoniyati turganda hech narsa emas. Qolaversa, fransuz debyutantlar bu asrda asosiy yevrokubokda g‘alaba bilan boshlamagandi. Bunga erishgan so‘nggi jamoa 2000 yilgi «Lion» bo‘lgandi.

Kun statistikasi

«Atalanta» YeChLda Angliyaning 4-jamoasiga yutqazmadi («MYu», «Manchester Siti» va «Liverpul» ortidan «Arsenal»ga ham). Bu borada faqat «Bavariya»da yaxshiroq natija (5).
«Bayyer»ning YeChL safar o‘yinlaridagi eng tezkor golini urishi uchun Virsga 5 daqiqa yetarli bo‘ldi.
9 daqiqayu 32 soniya — Erik Garsiya «Barselona»ning asosiy yevrokubokdagi eng tez chetlatilgan futbolchisi bo‘ldi.
«Barselona» YeChLda so‘nggi 26 o‘yinidan 12 tasida yutqazgan. Kataloniyaliklarda bundan oldingi buncha mag‘lubiyat 79 o‘yinlik oraliqda kuzatilgandi. Keyingi oraliqdagi mag‘lubiyatlar ulushi 13,9 dan 46,2 foizgacha oshdi.
«Arsenal» forvardi Havers YeChLdagi o‘yinlari sonini 50 taga yetkazib oldi.
«Barselona» hujumchisi Levandovski asosiy yevrokubokdagi o‘yinlari sonini 121 taga yetkazdi. Polyak hujumchisi bu ko‘rsatkich bo‘yicha Pepe va Roberto Karlosni ortda qoldirgan holda top-20 safiga kirdi.

Umumiy guruh jadvalidagi holat:

 

Ko‘proq yangiliklar: