XEA: Qish Ukraina uchun jiddiy sinov bo‘ladi

Jahon 09:24 / 20.09.2024 3639

Kelgusi qish Ukraina energetika infratuzilmasi uchun Rossiyaning mamlakat energetika obektlariga davom etayotgan hujumlari tufayli eng jiddiy sinov bo‘ladi. 19 sentabr, payshanba kuni Bryusselda taqdim etilgan Xalqaro energetika agentligi (XEA) hisobotiga ko‘ra, qishda energiya ta’minoti taqchilligi olti gigavatt (GVt)ga yetishi mumkin, bu Daniyaning yillik eng yuqori talabiga teng.

XEA hisobotiga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda Ukrainaning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati qariyb yarmi Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan, vayron qilingan yoki jiddiy shikastlangan. Agentlik Yevropa davlatlarini Kiyevni shikastlangan energetika obektlarini tiklash uchun zarur asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar bilan ta’minlashga hamda joriy qish mavsumida Ukrainaga elektr va gaz yetkazib berishni ko‘paytirishga chaqirdi.

Yevroittifoq qishga tayyorgarlik uchun Kiyevga 160 mln yevro ajratadi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Kiyevga qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘shimcha 160 million yevro ajratishga va’da berdi. «Biz chiroqlarni yoqish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Qish yaqinlashar ekan, ukrainaliklarga isinish va iqtisodiyotni saqlab qolishga yordam berishimiz kerak», dedi u Bryusseldagi chiqishida.

Ukrainaga ajratilgan 160 million yevroning 60 millioni issiqlik markazlari qurilishi va boshqa gumanitar ehtiyojlarga, qolgan 100 millioni esa Rossiya hujumlari natijasida shikastlangan issiqlik elektr stansiyalarini tiklash va Ukrainada yangi quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishga sarflanadi. Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar bir qismi Rossiyaning Yevropa Ittifoqi hududida muzlatilgan aktivlari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, XEA ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina energetika infratuzilmasini to‘liq tiklash va modernizatsiya qilish uchun kamida 30 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Moldova energiya xavfsizligi ham xavf ostida

Ukrainaning 2024 yil oxirida o‘z hududi orqali Rossiya gazining tranzitini to‘xtatish niyati Moldovaga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish masalasida noaniqlikni keltirib chiqarmoqda. Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, Kishinyov Rossiya Federatsiyasidan gaz olishdan bosh tortdi, ammo Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Moldovani elektr energiyasining katta qismi bilan ta’minlaydigan Dnestbo‘yiga gaz yetkazib berishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan XEA mamlakatni mintaqaviy energetika tizimining barqarorligini oshirish uchun yevropalik qo‘shnilari bilan energetika aloqalarini faolroq mustahkamlashga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: