Rossiyada qatag‘on qurbonlari reabilitatsiyasi bo‘yicha 4000 ta qaror bekor qilindi

Jahon 10:15 / 20.09.2024 2068

2022 yilning ikkinchi yarmidan beri Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi siyosiy qatag‘on qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha 4000 dan ortiq qarorni bekor qilishga erishdi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi Bosh prokuratura rasmiy vakili Andrey Ivanovga tayanib. Umuman olganda, so‘nggi ikki yil davomida idora 14 mingdan ortiq kishiga oid qarorlarni tekshirdi, deb xabar beradi 19 sentabr, payshanba kuni gazeta.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv 1990-2000 yillarda qabul qilingan qarorlar bo‘yicha o‘tkazilgan va Ikkinchi jahon urushi davrida «vatan xoinlari va fashistlar Germaniyasi hamkorlari»ga tegishli. Reabilitatsiyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlar faqat «arxiv jinoyat ishlari chuqur o‘rganilgandan so‘ng» qabul qilinadi, deya ta’kidladi Bosh prokuratura.

Boshqalar qatorida, tekshiruv vermaxt va SS qo‘shinlariga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan, jazo batalonlari va politsiya otryadlarida xizmat qilgan yoki ular yaratgan mahalliy hokimiyatlarda natsistlarga yordam bergan fuqarolarning reabilitatsiyasi faktlarini aniqladi. Bosh prokuratura vakilining xabar berishicha, reabilitatsiya qilinganlar orasida «vermaxt askarlari, «banderachilar», «vlasovchilar» va okkupatsiya paytida nemis fashistlari hukumatiga yordam bergan boshqa sovet fuqarolari» aniqlangan.

Bosh prokuratura reabilitatsiya qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha buyruq tayyorladi

Bir necha kun oldin Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining «og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, harbiy jinoyatlar, tinchlik va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda aybdor shaxslarni reabilitatsiya qilish va oqlashni taqiqlovchi» buyrug‘i haqida xabar berilgan edi. Hujjat Rossiya hukumati tomonidan 20 iyun kuni siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq tayyorlangan.

Sovet davridagi ommaviy qatag‘onlar, diniy va «sinfiy» asoslarda ta’qiblar, majburiy kollektivlashtirish va sun’iy ravishda yaratilgan ocharchilik, shuningdek, millionlab GULag mahbuslari va deportatsiya qilingan xalqlar haqidagi havolalar Konsepsiyadan chiqarib tashlangan.

Huquq himoyachilari Bosh prokuraturaning rejalarini tanqid qilib, 1991 yilda qabul qilingan siyosiy terror qurbonlari reabilitatsiyasi to‘g‘risidagi qonunda idora buyrug‘ida ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish taqiqlanganini ta’kidladilar.

Ko‘proq yangiliklar: