Qirg‘izistonda korrupsionerlar va ularning qarindoshlariga davlat lavozimida ishlash taqiqlanadi

Jahon 18:51 / 20.09.2024 3732

Endi poraxo‘r amaldorlar qamoqxonada bo‘ladi, ularning yaqin qarindoshlariga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.

Tashiyev mamlakatda korrupsiya darajasi pasayganiga qaramay, davlat organlarida hamon muammo bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, korrupsiya jinoyati uchun hibsga olingan ayrim shaxslar ba’zan yana ozodlikka chiqmoqda, bu esa huquqni muhofaza qilish organlarini «charchatib yuboryapti».

«Biz korrupsioner amaldorlarni qamayapmiz, lekin ular yana ozodlikka chiqarilyapti. To‘g‘risini aytsam, bunday kurashlardan allaqachon charchaganmiz», dedi u.

Qayd qilinishicha, MXDQ yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi, unga ko‘ra korrupsioner mansabdor shaxslar davlat organlarida ishlashdan umrbod chetlatiladi.

«Hozir korrupsionerlar jarima to‘lab, 1-2 yildan keyin davlat xizmatiga qaytib, noqonuniy xatti-harakatlar qilishda davom etmoqda. Ammo endi jarima o‘rniga haqiqiy qamoq jazosi qo‘llanadi», dedi Qamchibek Tashiyev.

Shuningdek, u korrupsionerlarning qarindoshlari, jumladan, bolalari va aka-ukalarini davlat xizmatiga kiritmaslik kerakligini ta’kidladi.

«Aks holda korrupsiya avj olishda davom etadi. Bundan buyon hech bir poraxo‘r amaldor qamoqdan qochib qutula olmaydi, ularga nisbatan muddatidan oldin shartli ozod qilish me’yori qo‘llanmaydi. Korrupsioner — davlatning birinchi raqamli dushmani», deb xulosa qildi Tashiyev.

Ko‘proq yangiliklar: