Finlandiyada NATOning ikkita shtabi— Shimoliy alyans quruqlikdagi kuchlarining Shimoliy Yevropadagi shtabi va ilg‘or quruqlikdagi kuchlar (FLF) shtabi joylashtiriladi. Ularning aniq joylashuvi haqidagi qaror yaqin orada qabul qilinadi, deb xabar berdi Finlandiyaning Yle telekanali 18 sentabr kuni.
Xelsinkidan 230 km shimoli-sharqda, Rossiya Federatsiyasi bilan chegara yaqinida joylashgan Mikkeli Shimoliy Yevropadagi NATO quruqlikdagi kuchlarining shtabi joylashadigan joy sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Ilg‘or quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi mamlakat shimolidagi Sodankyulya yoki Rovaniyemida joylashtirilishi mumkin, deya xabar beradi Yle.
Shvetsiya Finlandiyada joylashtiriladigan NATOning ilg‘or quruqlikdagi qo‘shinlariga qo‘mondonlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor, deya e’lon qildi ikki davlat mudofaa vazirlari 16 sentabr kuni Stokholmda. O‘z navbatida, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb Yle nashriga ta’kidlaganidek, NATO shtablarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar hali qabul qilinmagan va alyans mintaqaviy siyosat masalalaridan emas, balki harbiy manfaatlardan kelib chiqadi.
Finlandiyada NATO brigadasi joylashtiriladi
Avgust oyi oxirida Finlandiya tashqi tahdidlarning oldini olish uchun o‘z hududida NATO zirhli brigadasini joylashtirishi mumkinligi xabar qilingan edi. 4000-5000 askar va ofitserdan iborat brigada allaqachon shakllantirilmoqda va ular Mikkelida joylashtiriladi, deb yozadi Iltalehti NATO va xavfsizlik xizmatlaridagi manbalarga tayanib.
Bundan tashqari, Skandinaviya mamlakatlari tomonidan yarimorol shimoli orqali Norvegiya portlaridan Finlandiyagacha bo‘lgan harbiy transport koridori yaratilishi ma’lum bo‘ldi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida Finlandiya 2023 yilda NATOga qo‘shildi va shu bilan 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Natijada alyansning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga oshib, 2600 kilometrga yetdi.